O‘zLiDeP qiziltepalik Bibirajab Toshevaga parrandachilikni tashkil etishiga ko‘maklashadi

26.08.2018, 15:56

O‘zLiDeP qiziltepalik Bibirajab Toshevaga parrandachilikni tashkil etishiga ko‘maklashadi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda partiyaning Navoiy viloyat Kengashi xodimlari, mahalliy Kengash deputatlari uyma-uy yurib, aholi bilan uchrashuvlar tashkil etayotgani anchadan beri hal etilmasdan kelayotgan muammolarning joyida bartaraf etishga hissa qo‘shmoqda.

O‘zLiDeP faollaridan tarkib topgan ishchi guruh a’zolari Qiziltepa tumanining “Oqrabot” mahallasida bo‘ldi. Ushbu mahallada 2640 nafar aholi 553 ta xonadonda istiqomat qilayotir. Uyma-uy yurib olib borilayotgan suhbatlarda aholiga yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan birga ayrim muammolarga duch kelinayotgani ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, “Oqrabot” ko‘chasi 11-uyda yashovchi Bibirajab Tosheva oilasidagi 4 nafar kishini ish bilan ta’minlash maqsadida parranda boqishni rejalashtirgan. Mablag‘i yetishmayotganligi sababli “Mikrokreditbank”ning Qiziltepa tuman filialiga 9 million so‘m kredit berishlarini so‘rab murojaat qilgan. Lekin u yerdagi mutasaddilar bor otangga, bor onangga qabilida ish tutib, joriy yilning aprel oyidan beri onaxonga kredit ajratishni negadir paysalga solib kelayotgani tashvishlanarli holat. Vaholanki, Prezidentimiz tomonidan hayotga joriy qilingan “Har bir oila tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturlarida oilasida tadbirkorlik qilaman degan fuqaroga tijorat banklari va boshqa mutasaddilar amaliy yordam ko‘rsatishi alohida belgilab qo‘yilgan. Nahotki, bundan “Mikrokreditbank”ning tuman filiali rahbarlari bexabar bo‘lsa?! Mazkur muammo partiya vakillari tomonidan ijobiy hal etilib, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi qoshida tashkil etilgan Jamg‘arma hisobidan 7 foizli imtiyozli kredit ajratib beriladigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, shu mahallada yashovchi Mohira Turdiyeva ancha vaqtdan beri uyining oldidan o‘tgan tabiiy gazga ulanish uchun sarson-sargardon bo‘lmoqda.

— 2016 yilda tabiiy gaz yetkazishda muntazam uzilishlar bo‘lganligi, qolaversa, gazchilar tomonidan ishlatilmagan gazga sen qarzdorsan deb bo‘ynimizga otning kallasiday qarz ilib qo‘yilaverganidan bezor bo‘lib, tabiiy gazni uzdirib tashlagan edik, — deydi Mohira Turdiyeva. — Shundan keyin gaz ballondan foydalandik. Joriy yildan boshlab, gaz nazorati Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro bo‘limiga o‘tganligi tufayli xonadonlarga tabiiy gaz yetkazib berish sifati yaxshilandi. Shuning uchun endi tabiiy gazga ulanamiz desak, gaz idorasi xodimlari bunga ko‘nmayapti. Bir devor ortidagi qo‘shni tabiiy gazdan foydalanib tursayu bizning o‘tindan foydalanishimiz odamga alam qilarkan. Suv bo‘yida suvga zor bolam, deb shunga aytadimi? Bu ham yetmagandek, gaz ballonlari ham ikki oy deganda keladi. Unda ham uyda birov bo‘lsa olib qoladi. Yo‘qsa...

Mahalladagi o‘ndan ziyod xonadon egalari xuddi shunday muammolarga duch kelayotganligi ma’lum bo‘ldi. Ko‘tarilgan muammolar OzLiDeP deputatlik guruhi nazoratiga olinib, tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi jo‘natildi.

Partiya faollarining aholi bilan muloqotlari davom etmoqda.

O‘zLiDeP Navoiy viloyat kengashi

matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
Ishchi guruh
  • Ko'rildi
    1076
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+