Qo‘shma sessiyada O‘zLiDeP deputati ko‘targan masala ijobiy yechim topdi

10.09.2018, 18:45

Qo‘shma sessiyada O‘zLiDeP deputati ko‘targan masala ijobiy yechim topdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi hamda Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashining qo‘shma sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.

Yig‘ilishda senator va deputatlar tomonidan Mirobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek, aholini tashvishga solayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.

Sessiyada 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi yuzasidan Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsadlar doirasida Mirobod tumanini kompleks rivojlantirish bo‘yicha barcha darajadagi davlat xokimiyati organlari zimmasiga muhim vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, sessiyada tumanga investitsiyalarni jalb etish, kichik sanoat zonalari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, moliya va bank xizmatlarini  zamonaviy, shaffof tizim asosida yo‘lga qo‘yish, tumanda bog‘chalar sonini ko‘paytirish, kommunal soha, atrof-muhitni muhofaza qilish, isrofgarchilikka sabab bo‘layotgan dabdabali to‘ylar hamda aholi bandligini  ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Muhammadiyev so‘zga chiqib, joriy  yilda 201 ta tumanga tashrif buyurgani, shu tashrif chog‘ida qanchadan-qancha rekonstruksiyaga muhtoj ariq va kanallar, to‘y-hashamlarning tartibga solinmaganiga guvoh bo‘lganini aytdi.

Yig‘ilishda so‘z olgan Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari “Movarounnahr” va “Mingo‘rik” mahallalari saylovchilarining murojaatiga muvofiq, shu hududda joylashgan 1-sonli Oilaviy poliklinikaning filiali bazasida keksa pensioner va nogironlar uchun kunduzgi statsionar ochish dolzarb masala ekanligini ta’kidlashdi. Shuni inobatga olib, 1-sonli Oilaviy poliklinikaning filialida uzoq vaqtdan buyon hal etilmay kelayotgan kunduzgi statsionar ochish masalasi o‘z yechimini topdi va ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.

Sessiya yakunida Mirobod tumanini kompleks rivojlantirish  va aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganishni davom ettirish va o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaror va farmonlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi hamda Xalk deputatlari Mirobod tumani Kengashining Qo‘shma qarori qabul qilindi.

Abduhakim MAMANAZAROV,

Xalq deputatlari

Mirobod tuman

Kengashi deputati

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1166
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+