Angrenda yangi tikuv korxonasi ish boshlashi bilan 120 nafar aholi bandligi ta’minlandi

11.09.2018, 17:15

Angrenda yangi tikuv korxonasi ish boshlashi bilan 120 nafar aholi bandligi ta’minlandi

Toshkent viloyati Angren shahrida yangi tikuv korxonasi – “Rainbow Tekstil“ mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.

Kattalar va bolalar uchun turli xildagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxonaning ochilish marosimida shahar hokimligi, soliq inspeksiyasi, banklar, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi shahar kengashi mas’ullari, shahar faollari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, ayniqsa foydalanilmay turgan binolarning tadbirkorlarga “nol” xarid qiymatida berilayotgani sohaning jadal rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Bu borada Prezidentimizning 2017 yil 23 fevraldagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjat asosida shahardagi foydalanilmay turgan bino “nol“ qiymatda 9,7 milliard so‘m investitsiya kiritish va 200 yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan tadbirkorga berilgan edi.

Tadbirkor “Sanoatqurilishbank” viloyat filialidan olingan 1,7 milliard so‘m kredit hamda 8 milliard so‘m o‘z aylanma mablag‘i hisobidan ikki qavatli binoni rekonstruksiya qilib, zamonaviy jihozladi. Zamonaviy tikuv dastgohlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulot sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Bu yerda ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari ichki bozorga sotilishi bilan bir qatorda, Rossiya va Boltiqbo‘yi davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan.

Eng muhimi, fabrika ishga tushirilishi bilan shaharning 120 nafar aholisi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Korxonada joriy yil yakuniga qadar yana 80 chevarning doimiy bandligini ta’minlash, bu orqali doimiy ishchilarni 200 nafarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2110
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Нилуфархон2019-02-10 20:06:43

Ангрендаги тикув цехларидаги ойликлар кам 450 000сумни ташкил этади,бундай ойликга яшаб буладими,касбим тикувчи,Тошкентда ойликлари тикувчиники 1 000 000сум.


Fikringizni qoldiring

+