Muloqot uchun maydon

21.09.2018, 12:37

Muloqot uchun maydon

qurilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan 30 nafar

hamyurtimiz turkiyalik hamkasblari bilan fikr almashdi

O‘zLiDeP tashabbusi bilan Turkiyaning Antaliya shahrida tashkil etilgan uchrashuvlar qizg‘in va amaliy takliflarga boy bo‘ldi. Unda partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilshod Shoumarov hamda O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri Abduqahhor To‘xtayev qatnashdi.

Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda O‘zbekiston-Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va manfaatli hamkorlikka asoslangan munosabatlar tobora yaxshilanib bormoqda. Bunda ikki mamlakat Prezidentlari – Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning siyosiy irodasi, qat’iyati muhim asos bo‘lganligini qayd etish joiz. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2017 yil oktabr oyida Turkiyaga qilgan davlat tashrifi hamda Turkiya Prezidentining joriy yil 30 aprel – 1 may kunlari yurtimizga kelishi o‘zaro munosabatlarda butunlay yangi sahifa ochdi.

Endilikda barcha sohalarda bo‘lgani singari ikki qardosh xalqning yetakchi siyosiy partiyalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ham amaliy tus olmoqda. Xususan, shu yil 18 avgustda Anqara shahrida Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi navbatdagi VI Butun Turkiya s’ezdini o‘tkazib, unga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakillarini ham taklif qildi.

Muloqotlar davomida O‘zLiDeP hamda “Adolat va taraqqiyot” partiyalari o‘rtasida amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yish, hamkorlikning aniq yo‘nalishlari va sohalarini belgilash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgandi.

Shu ma’noda qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan o‘zbek tadbirkorlarining turkiyalik hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashishi yuqoridagi ikki tomonlama kelishuvning amaliy natijasi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ma’lumki, Turkiya qurilish sohasida o‘z nufuziga ega, katta tajriba to‘plagan mamlakatlardan biri sanaladi. E’tiborga molik jihati, ikki mamlakat ishbilarmonlarining yakkama-yakka o‘tkazgan o‘zaro muzokaralari davomida turkiyalik 10 nafar yirik qurilish tashkiloti O‘zbekistonga investitsiya kiritishga tayyor ekanini bildirdi. Tez orada ular investitsion muhit va shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida mamlakatimizga keladi. Bu borada ham aniq kelishuvga erishildi.

Asosiysi, qurilish sohasida xalqaro aloqalarni rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi. Ishonchimiz komilki, ushbu hamkorlik yaqin yillar ichida o‘zining amaliy natijasi bilan bo‘y ko‘rsatadi.

Akbar MUZAFFAROV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi sektor mudiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

 

  • Ko'rildi
    920
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+