O‘z faoliyatimizdan ko‘nglimiz to‘lyaptimi?

21.09.2018, 12:52

O‘z faoliyatimizdan ko‘nglimiz to‘lyaptimi?

ushbu savolga Qashqadaryo viloyatining ayrim tumanlarida
bo‘lib o‘tgan muloqotlarda javob izlandi

Ishga solinmagan ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish, uyushmagan yoshlar va bandligi ta’minlanmagan xotin-qizlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish, qishloqlarda ishlab chiqarish tizimini rivojlantirish maqsadida yangi-yangi loyihalarni amalga oshirish, aholi o‘rtasida g‘oyaviy-siyosiy, tashviqot-targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish hududiy partiya kengashlari va mahalliy kengashlar deputatlari oldida turgan eng dolzarb vazifalardan sanaladi.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitovning Qashqadaryo viloyati tumanlarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari, partiya faollari bilan muloqotida ana shular haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Kitob tumanidagi “Abdusalom O‘roqov” fermer xo‘jaligi dala shiyponida o‘tkazilgan davra suhbatida tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, to‘qsonbosti ekinlari eksportini yo‘lga qo‘yish, ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida master-klasslar tashkil etish borasida tavsiyalar berildi. Tuman uzumchilik va mevachilikka ixtisoslashgani bois serhosil uzum va meva ko‘chatlarini ekishga e’tibor qaratish, ularning yangi navlarini sinab ko‘rish yaxshi samara beradi.

Uzum, meva va sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun sovutkichlar barpo etish nihoyatda muhim. Denov qishlog‘ida yashovchi Xolmahmat Ahatqulov o‘z xonadonida 500 tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan sovutkich omborini bunyod etgan. Ayni paytda tadbirkor, fermer va usta bog‘bonlar yetishtirgan mahsulotlarini shu sovutkichga joylashtirishni boshlab yuborishdi. Bu mahsulotlar yangi yil arafasida sifati buzilmagan holda bozorlarga chiqariladi va yurtdoshlarimizning bayram dasturxonini bezaydi.

Nishon tumanida o‘tkazilgan tadbirkor va fermerlar, partiya deputatlari va faollari ishtirokidagi amaliy muloqot ham qiziqarli savol-javoblarga boy bo‘ldi.

– “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash aholi bandligi va farovonligini oshirishga yaqindan yordam beradi, – dedi o‘z so‘zida A. Xaitov. – Ko‘ryapmizki, tomorqa  yerlaridan samarali foydalanib,  farovon yashayotgan oilalar soni kun sayin ortib bormoqda.  Tumanda sabzavotchilik bilan shug‘ullanib, yaxshigina daromad topayotgan dehqon xo‘jaliklari, parranda, baliq, asal yetishtirishga ixtisoslashgan ilg‘or fermerlar ham ko‘p. Ularning boy tajribasini yanada kengroq targ‘ib qilishimiz kerak. To‘qsonbosti ekinlar ekish ham odamlarning moddiy farovonligini oshirishda o‘ziga xos  ahamiyatga ega.

Muloqotlar davomida Qashqadaryoda hunarmandchilik yaxshi rivojlanmayotgani tanqid qilindi. Hozir voha bozorlarida bitta beshik narxi bir million so‘mga yaqinlashib qolibdi. Beshik yasash uchun ishlatiladigan qora tol xomashyosini topish muammoga aylanibdi. Fermerlar dala chetlariga, tomorqa yer egalari ariqlari chetiga qora tol ekib qo‘ysalar, mo‘l daromad manbai emasmi?

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi viloyat partiya Kengashi faollari va deputatlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda, avvalo, viloyat Kengashi faoliyat olib borayotgan binoning partiya imijiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligiga urg‘u berdi. Partiya xodimlari  bugungi kun talablari darajasida faoliyat olib borishlari uchun yetarli shart-sharoit yaratish zarur. Aks holda ularning xizmat vazifasiga bo‘lgan munosabati mutlaqo o‘zgarmaydi. Shahar markazidan yer olib, Kengash uchun yangi bino qurilishi kerakligi aytildi.

Bugun viloyatda 1 021 ta boshlang‘ich tashkilot o‘z safida 29 ming 482 nafar partiya a’zosini birlashtirgan. Avgust-sentabr oylarida a’zolar soni 2 514 nafar ko‘payibdi. Bu viloyatning salohiyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Yil yakuniga qadar a’zolar sonini 100 ming nafarga yetkazish maqsadga muvofiqdir. Quyi bo‘g‘inlar ishini jonlantirish, saylovchilar bilan ishlashni yanada yaxshilash borasidagi ishlarga mahalliy kengashlar deputatlari yaqindan yordam berishlari zarur. Agar deputat tashabbuskor, jur’atli, qat’iyatli bo‘lmasa, zimmasidagi vazifalarga mas’uliyat bilan yondoshmaydi. Bu deputatlik guruhlari faoliyatiga ham jiddiy ta’sir etadi. Partiya kengashlari bilan aloqani uzib qo‘ygan deputatlarga chora ko‘rish vaqti keldi. Bugun xalq deputatlari viloyat kengashida 22 nafar, tuman (shahar) kengashlarida 132 nafar deputat faoliyat olib bormoqda. Hisobotlardan ko‘rinib turibdiki, ular zimmalariga yuklatilgan ishlarga sovuqqonlik bilan qaramoqdalar. Bu esa o‘sha hududda elektoratning partiyaga bo‘lgan ishonchiga putur yetishiga sabab bo‘layotir. Deputat har kuni ikki soat partiyaning dasturiy maqsadlarini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanishi kerak. Chunki biz saylovdan-saylovgacha faqat deputatlar bilangina ish olib boramiz. Yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish, faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun joy va banklardan kredit olishga ko‘maklashish zarur. Ayniqsa, uyushmagan yoshlar bilan ishlashga jiddiy e’tibor qaratish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va maqbul yechimlarini topishda mahalliy kengashlar va deputatlik guruhlari hamkorligini yanada oshirish lozim.

Muloqotlar jarayonida  viloyat dalalarida yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib-terib olish davrida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, uyushmagan yoshlar va bandligi ta’minlanmagan xotin-qizlarni paxta terimiga safarbar etishda partiyadan saylangan deputatlar va faollar tashkilotchilik qilishlari darkorligi aytib o‘tildi.  Ayollar va yoshlar bo‘limlari hasharchilar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, ilg‘or terimchilarni rag‘batlantirish, partiya saflariga jalb etishga e’tibor qaratishlari zarur.    

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov viloyatning Kasbi, Mirishkor, Qarshi va boshqa tumanlarida ham bo‘lib, fermerlik faoliyatini rivojlantirish, paxta yig‘im-terimini tashkil etish, aholi turmush farovonligini yaxshilash borasidagi ishlar bilan tanishdi. 

Sayfulla IKROMOV,

“XXI asr” muxbiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1121
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Даврон Темиров O‘zLiDePБўка туман Кенгаши ижрочи котиби2018-09-22 12:03:02

“Ҳар бир оила – тадбиркор” Давлат дастури ижросини таъминлаш аҳоли бандлиги ва фаровонлигини оширишга яқиндан ёрдам беришини даврнинг ўзи кўрсатиб турибди.Чунки, қадимдан ота-боболаримиз томорқа ерларидан самарали фойдаланиб, фаровон яшашга ҳаракат қилишган.Афсуски собиқ иттифоқ давридаги хусусий мулка бўлган муносабат кўпларни “данкаса ”қилиб қўйди.Шунинг учун фуқароларимизга тадбиркорлик билан шуғулланиш имкониятини яратиб бериб фаровон яшаётган оилалар сони кун сайин ортиб боришига ҳисса қўшишимиз керак.Бунинг учун омилкор деҳқонларимизнинг бой тажрибасини янада кенгроқ тарғиб қилишимиз талаб этилади


Қ.Эшқораева Навоий вилояти, Учқудуқ тумани ижрочи котиб2018-09-21 16:46:53

Дарҳақиқат ҳозирги кунда энг долзарб масалалардан бири бу оқ олтин-пахтани нобуд қилмасдан териб олишдир. Ушбу маъсулиятли ишда жойларда мажбурий меҳнатга йўл қўймаслик, уюшмаган ёшларни ва ишсиз аҳолини теримга кенг жалб қилишда депутатларимизнинг назорати ва кўмаги жуда муҳим аҳамиятга эгадир.


Саломов Орзиқул Хатирчи туманидаги Дустлик ф/х раиси2018-09-21 14:18:21

Ўзбекистон фермер, деҳқон хўжаликлари ва томорқа ер эгалари кенгаши раиси Актам Хаитов раисликга тайинланган кунларданоқ вилоятларга бориб фермерлар ва уларнинг муааммолари билан урганиши биз фермерларни хам партиямиз билан елкадош ишлашга чорлайди Раисимиз чарчамасинла!


Шопўлатов Қосимжон Хатирчи тумани 2018-09-21 14:15:13

O‘zLiDeP Сиёсий Кенгаши Ижроия қўмитаси раиси, Ўзбекистон фермер, деҳқон хўжаликлари ва томорқа ер эгалари кенгаши раиси Актам Хаитовнинг Қашқадарё вилояти туманларида фаолият олиб бораётган тадбиркорлар, фермер ва деҳқон хўжаликлари раҳбарлари, партия фаоллари билан мулоқоти давомида партиямиз фаоллари томонидан куплаб вазифаларни амалга оширишимизни белгилаб берди


Fikringizni qoldiring

+