Mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazaylik

24.09.2018, 14:47

Mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazaylik

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining

M U R O J A A T I

Aziz fermerlar, mirishkor dehqonlar!

Yil davomida paxta yetishtirish bo‘yicha qilingan mashaqqatli va sharafli mehnatingiz hisobiga dalalarimizda mo‘l hosil yaratildi. Bugun paxtazorlarga boqar ekanmiz, g‘o‘za maydonlari oq tusga kirgani, go‘yoki tovlanib, jozibasi bilan hammamizni dalaga chorlayotganiga guvoh bo‘lamiz.

Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 28 fevraldagi “Paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori Siz mirishkor fermerlarning ishga bo‘lgan munosabatingizni tubdan o‘zgartirganiga shubha yo‘q. Zero, paxta xarid narxlari o‘tgan yillardagiga nisbatan qariyb ikki barobarga oshirilishi, ushbu mahsulotlarni yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, budjet va davlat maqsadli jamg‘armalari oldidagi qarzlarini to‘lash muddati hisoblangan penya va jarimalar hisobdan chiqarilgan holda 3 yil muddatga uzaytirilishi iqtisodiy manfaatdorlikni yanada oshiradi.

Davlatimiz rahbarining biz, fermerlarga beqiyos g‘amxo‘rligi, kamtarona mehnatimizga yuksak e’tibori qalbimizga olam-olam quvonch bag‘ishlashi bilan birga, zimmamizga ulkan mas’uliyat ham yuklashini unutmasligimiz lozim!

Sizu bizning vazifamiz esa ana shu tig‘iz mavsumda astoydil ter to‘kib, har bir chanoqdagi paxtani nes-nobud qilmasdan terib olishdir. Buning uchun quyidagilarga jiddiy e’tibor qaratish zarur:

Birinchidan, yaratilgan hosilni uvol qilmasdan, yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmasdan terib olish uchun uyushqoqlik bilan barcha ishchilaringizni to‘liq paxta terimiga safarbar qiling!

Ikkinchidan, terimchilar va hasharchilarga dalada paxta terishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib bering!

Uchinchidan, terimchilarning paxtani toza hamda bir chanoq qolmasdan terishiga e’tibor qaratib, buning natijasida paxta hosilini 5-7 sentnerga oshirishga erishing!

To‘rtinchidan, 18 yoshga to‘lmagan yoshlarni terimga jalb qilmang, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymang!

Beshinchidan, terimchilarning terim pulini o‘z vaqtida berilishini ta’minlang!

Himmati baland mirishkor fermerlar!

Shu muqaddas zaminda tavallud va tarbiya topgan, o‘zini aynan shu yurt farzandi, deb bilguvchi inson o‘z davlati, xalqi oldidagi, uni umidlar bilan tarbiyalagan, voyaga yetkazgan jamiyat oldidagi burchini ado etishi kerak.

Xirmonga to‘kiladigan har bir kilogramm paxta majburiyatimizni bajarish uchun qo‘yilgan bir qadamdir!

Zimmamizga olgan majburiyatni bajarishimiz shart ekanini doimo yodda saqlang.

Bu yil shartnomadan ortiqcha topshirgan har bir kilogramm paxta uchun qo‘shimcha 15 foiz ustama haq olishingizni unutmang!

2019 yildan boshlab O‘zbekiston paxtasi, o‘zbek diyorida to‘liq qayta ishlanishi davlatimiz iqtisodiyotida, xalqimiz farovonligida qanchalik o‘rin tutishini yurakdan his etaylik.

Hurmatli yurtdoshlar!

18 yoshga to‘lganmisiz! Vaqtincha ishsizmisiz! Yoki asosiy ish vaqtingizdan tashqari bo‘sh vaqtingiz bormi! Qo‘shimcha daromad olishni istaysizmi!

Bugun minglab ko‘ngilli fuqarolarimiz kabi Siz ham paxta yig‘im-terimiga qatnashish uchun tumandagi Bandlikka ko‘maklashish markazlari hamda tuman fermer, dehqon xo‘jalik­lari kengashiga murojaat qilib, tumanlarda tashkil etilgan otryadlarga qo‘shiling!

Siz kabi paxta yig‘im-terimi saflariga qo‘shilish istagida bo‘lgan yurtdoshlarimizning soni soat sayin ko‘payib bormoqda.

Qadrli yurtdoshlar!

Eng e’tiborlisi, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bu yil terimchilar bilan paxta maydonining o‘zida kunlik yoki har besh kunlik hisob-kitob qilinishi esa dala mehnatkashlari uchun yaratib berilgan qulayliklardan biridir.

Paxta xomashyosining qo‘lda terilgan bir kilogrammi uchun birinchi bosqichda kontraktatsiya shartnomasi majburiyati 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 so‘m, ikkinchi bosqichda – 60 foizdan 80 foizgacha – 850 so‘m, uchinchi bosqichda – 80 foizdan ortganda – 1000 so‘m mehnat haqi to‘lanishi Vazirlar Mahkamasining qarorida belgilangan.

Terimga jalb qilinadigan Sizdek hasharchilar uchun shiyponlar va yotoqxonalar dislokatsiyasi tasdiqlanib, barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Chunki bu yil bir kunlik hasharchilarni daladan dalaga olib borib kelishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ular belgilangan yotoqxonalarda yotib, terimda ishtirok etadilar.

Bu yilgi paxta terim mavsumida yangi tizim yaratildi. Uyushmagan, vaqtincha band bo‘lmagan va o‘z xohishi bilan paxta terishga chog‘langan, mehnatga layoqatli mahalladosh va qishloqdoshlarimizning 80-100 nafarini birlashtirib, otryad shaklida terimni tashkil etgan faol fuqarolar mehnati munosib rag‘batlantiriladi.

Joriy yilgi otryadlarni shakllantirish tizimi ham mavsumni muvaffaqiyatli tugallash imkoniyatini yaratadi.

Mavsum davomida tuman bandlikka ko‘maklashish markazlari 80 tonna paxta tergan otryad rahbarlari 1 million so‘mdan, 80 tonnadan oshgan har bir tonnasiga 50 ming so‘mdan mehnat haqi berish bo‘yicha tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan shartnoma asosida vaqtincha band bo‘ladilar.

Otryad rahbarlariga kengashlarimiz tomonidan haq to‘lanishi ham Bizga bo‘lgan ishonchning yorqin namunasidir.

Otryad rahbarlarini tanlashda fidoyi, tajribali, qishloq xo‘jaligi sohasini mukammal tushunadigan, vijdonli hamda ortidan odamlarni ergashtira oladigan faol fuqarolar tarkibini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Aziz nuroniylar, faxriylar, mahalla faollari!

Azaldan xalqimizda keksalarni hurmat qilish, o‘gitlariga quloq tutish, ular boshlagan xayrli ishni davom ettirish an’anasi qon-qonimizga singib ketgan. Shunday ekan, bugun sizlarning har bir harakatingiz, qimmatli maslahatingiz, duolaringiz, tashabbuskorligingiz bizga kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Chunki o‘zbek xalqi mehr-oqibatliligi, mehnatkashligi, bunyodkorligi, oriyati va fidoyiligi bilan tanilgan.

Yetishtirilgan paxtani qisqa muddatlarda yig‘ishtirib olishdek mas’uliyatli mavsumda bilagida kuchi, belida quvvati bor, vaqtincha ishsiz har bir fuqaro faol qatnashishini targ‘ib qilamiz.

Aziz mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va faollari!

Yurtboshimiz qishloq va mahallalarni obod qilishga, ularning obro‘-e’tibori hamda nufuzini oshirishga alohida ahamiyat bermoqdalar. Mamlakatimizda 2018 yilning o‘zida 200 tadan ziyod qishloqning “Obod qishloq” Dasturiga kiritilishi, ularning obodonligi, xalqimiz yashash sharoitiga qulay bo‘lishiga qancha mablag‘ zarur bo‘lsa, davlatimiz tomonidan shuncha ajratilmoqda.

Yurtboshimizning g‘amxo‘rliklariga javoban mehnatga yaroqli mahalla ahlini terimda uyushqoqligini ta’minlashda sizlarni yetakchi faollarga xos fazilatlar sohibi ekaningizga ishonamiz.

Qishloqda mulkchilikning yangi shakli bo‘lib, fermerlar mustahkam o‘rin egallayotir. Bugun ular bilan hamnafas, hamqadam dehqonchilikka bosh-qosh bo‘lishingizning ahamiyati juda kattadir.

Ushbu murojaatnomaning mohiyati va ahamiyatini tushuntirishda sizlarning boy hayotiy tajriba va tashkilotchilik qobiliyatlaringiz borligini yaxshi bilamiz. Shuning uchun ham sizlardan ana shu salohiyatingizni ishga solib, o‘zgaruvchan ob-havo sharoitida terimchilarni, ayniqsa, ixtiyoriy terimchilarni yig‘im-terimga jalb etishda barchamizga hamkor, hamfikr va yelkadosh bo‘lishingizga ishonamiz.

Qadrli yurtdoshlar!

Paxta yig‘im-terimi mavsumida shunday mehnat ko‘tarinkiligini tashkil qilaylikki, toki har bir O‘zbekistonlikman, degan inson o‘zini dehqondek his etsin. Bobodehqon oldida turgan yukni ko‘tarishga kamarbasta bo‘lish, el-yurt yukiga yelkadoshlik qilish, dehqonning zafarlaridan faxrlanish, g‘ururlanish va kurashish hissi yuragingizda jo‘sh ursin!

Barchangizni mazkur ezgu ishlarda faol ishtirok etishga, iqtisodiyotimizni yuksaltirish yo‘lida ona yurtimiz yanada ko‘rkam bo‘lishi uchun munosib hissangizni qo‘shishga va paxta yig‘im-terimida jasorat ko‘rsatishga da’vat etamiz!

O‘zbekiston fermer,

dehqon xo‘jaliklari

va tomorqa yer

egalari kengashi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    974
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Зарафшон шаҳар бўлими раиси ўринбосари Нодира Рахматова 2018-09-25 17:06:11

Пахта бизнинг миллий бойлигимиз, ифтихоримиз. Уни -неснобут қилмай йиғиб олиш эса халқимиздан улкан масъулият ва меҳнат талаб этади. Ҳар биримиз елкамизда турган масъулиятни чуқур ҳис этиб иш олиб борсак уйлайманки халқимизнинг миллий бойлигини ҳеч қандай қийинчиликларсиз, нес-нобут қилмай йиғиб оламиз.


Набижон Артиков Каттқўрғон шахар Кенгаши раисининг биринчи ўринбосари аппарат рахбари2018-09-25 08:47:49

Пахта йиғим-теримида иштирок этишга, иқтисодиётимизни ривожланишига муносиб ҳиссамизни қўшамиз,


Халқ депутатлари Мирзаобод туман Кенгашидаги O'zLiDeP депутатлик гуруҳининг ижрочи котиби Р.Қўшбоқов 2018-09-24 18:25:21

Барчамиз пахта йиғим-терими мавсумида фаол қатнашиб юртимиз пахта хирмонининг юксак бўлишида ўзимизнинг муносиб ҳиссамизни қўшамиз.


O'zLiDeP Томди туман бўлими ижрочи котиби Е.Курманбаев2018-09-24 16:36:17

Хаммамиз биргаликда пахта йигин теримига уз хиссамизни кушамиз.


O'zLiDeP Жиззах вилояти Зарбдор туман Кенгаши депутатлик гурухининг ижрочи котиби Ўразбоев Шохрух 2018-09-24 16:27:55

Захматкаш фермерларимиз томонидан етиштирилган "Оқ олтин"ни нес-нобуд қилмасдан йиғиб олишда мен ва ўзим қатори барча Ўзбекистон ёшларини бирдек чорлаб қоламиз.


Рахманова Гульнара УзЛиДеП Тахтакупир туман Кенгаши ижрочи 2018-09-24 16:20:08

Партиядошларимиз пахта йигин теримига уз хиссасини кушади деб ишонамиз. Похта бу халкимиз бойлиги. Хаммага куч кувват тилаймиз.


Қ.Эшқораева Навоий вилояти, Учқудуқ тумани2018-09-24 15:01:03

Далаларимизда йетиштирилган "ОҚ ОЛТИН" ни нобуд қилмасдан йиғиб олишда албатта барчамиз бирдек маъсулмиз.


Навоий вилоят Кенгаши Қўчқоров Беҳзод Исомиддинович2018-09-24 14:51:22

Албатта ўз хиссамизни кўшамиз


Fikringizni qoldiring

+