Sabina Abdunazarova: Dunyoni hayratga solamiz hali

24.09.2018, 16:44

Sabina Abdunazarova: Dunyoni hayratga solamiz hali

Toshkent viloyatining Yangi­yo‘l tumani sari otlandik. Biz yo‘l olgan xonadonda O‘zLiDeP tashab­busi bilan o‘tkazilgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi birinchi o‘rin sohibasi, “Sabina Nazar Kutyur” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sabina Abdunazarovaning baxtiyor bolaligi o‘tgan.

Eshik qo‘ng‘irog‘ini bosishga chog‘lanar ekanman, darvozaning qiya ochilib turganiga ko‘zim tushdi. Bu ostonadan mehmon qadami uzilmasa kerak, degan o‘y kechdi ko‘nglimdan.

– Tortinmasdan uyga kirib boravermaysizmi, ichkarida odam bor.

Sergak tortib ko‘cha tomonga yuzlanaman.

– Men Sabinaning onasi Damiraman. Qizim hozir kelib qoladi. Kim bilandir shartnoma imzolashim kerak, deb shoshib ketuvdi. Sabinani tabriklagani kelgan qarindoshlarni kuzatgani chiqqan edim. Hamma xursand, otasi bilan mening shodligimning-ku chegarasi yo‘q.

– Men ham quvonchli xabarni matbuotda yoritgani keldim.

– Yaxshi qilibsiz, yana bir bor xush kelibsiz, mehmon!

Damira opa shunday deya meni ichkariga bosh­ladi.

– Ota-ona uchun farzandining yutug‘ini ko‘rishdan ortiq quvonch bo‘lmasa kerak, – deydi oila boshlig‘i Yo‘ldosh aka. – Shu kunlarga yetkazganiga shukr. Sabina juda qat’iyatli: bir nimani maqsad qilsa, oxiriga yetkazmasdan qo‘ymaydi. Uning tashabbuslarini doimo qo‘llab-quvvatlab kelganmiz. Tanlovda g‘olib bo‘lishini chin dildan istab duo qilgan edim. Ko‘z tegmasin, niyatlarimiz ijobat bo‘lmoqda.

– Oiladagi tarbiyada gap ko‘p. Bu g‘olib­lik ham aslida sizlarning ko‘p yillik mehnatlaringiz samarasi-da.

– Yaxshi bo‘lsa – bolajon, yomon bo‘lsa – baloijon, deb bejiz aytishmagan, – deya mulohazalarini davom ettiradi Yo‘ldosh aka. – Qizim yoshlikdan voleybol, suzish, yugurish bilan shug‘ullandi, ingliz, rus, fransuz, arab va turk tillarini yaxshi o‘zlashtirdi...

Darvoza tomondan shaxdam qadam tovushlari eshitilib, suhbatimiz uzilib qoldi. O‘sha tomonga yuzlanamiz.

– Mana o‘zi ham kelib qoldi, – dedi Damira opa.

Sabina biz bilan so‘rasha turib choynakka kaftini bosdi, choyning biroz soviganini payqadi chog‘i, oshxona tomon otlandi. Sal o‘tmay, issiq choy ko‘tarib keldi.

– “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining res­publika bosqichida birinchi o‘ringa munosib ko‘rilishim kutilmagan voqea bo‘ldi. Tanlovda qatnashish jarayonida katta tajribaga ega tadbirkorlarning ishini kuzatib, yaxshi natijaga erishish uchun juda ko‘p mehnat qilish kerak ekan, degan xulosaga keldim, – deydi u. – Toshkent davlat sharqshunoslik institutini tamomlaganimdan so‘ng bir muddat yurtimizdagi xalqaro tashkilotlarda faoliyat yuritdim. Yoshligimdan dadamga havas bilan huquqshunos bo‘lishni orzu qilganman. Ammo dizaynerlikka qiziqishim barchasidan ustun keldi. Ushbu sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lish maqsadida imkon qadar izlanaman. Bu borada chet tillarni bilishim juda asqotyapti. Turkiya va Ozarboyjonda malaka oshirib qaytdim. Endi fransuz texnologiyasi asosida mato ishlab chiqarib, Afg‘oniston, Tojikiston va Ozarbayjonga eksport qilishni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Mana, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarimiz jonlanib, nafaqat xalqimizga, biz kabi tadbirkorlarga ham katta imkoniyat eshigi ochildi.

– Shahrisabzda o‘tkazilgan Xalqaro maqom san’ati anjumani ham qardosh xalqlar orasidagi rishtalarni yanada mus­tahkamlashga xizmat qildi.

– Yaxshi eslatdingiz, o‘sha kuni siz bilan qo‘ng‘iroqlashgan edig-a. Shunday nufuzli anjumanda qatnashish baxti nasib qilganidan juda xursandman. “Afrosiyob” tezyurar poyezdida ko‘hna Keshga yo‘l olar ekanmiz, saksonga yaqin davlatlarning vakillariga milliy liboslarimizni namoyish etdik. Anjuman doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmali chiqishlarimiz mehmonlarda juda katta qiziqish uyg‘otdi, hamkorlik takliflarini bildirishdi.

– Anjuman taassurotlarini shogirdlaringiz bilan ham bo‘lishdingizmi?

– Albatta, aytmay bo‘ladimi? Ikki kishi bilan ish boshlagan edik. Hozir 40 nafar doimiy, 60 nafar mavsumiy ishchi, 30 nafar shogird ham bor. Buxorodagi filialimizda 20 ga yaqin shogirdlar mehnat qiladi.

– Ikki yil bunday natijalarga erishish uchun juda qisqa fursat. Buning siri nimada?

– Ajablanadigan joyi yo‘q, – deydi Sabina. – Inson o‘z ishini chin dilan sevsa, asosiy maqsadi faqat foydani o‘ylash bo‘lmay, odamlarga yaxshilik qilishni shior deb bilsa bo‘lgani. Maqtanchoqlikka yo‘ymang-u, birinchi navbatda shunga e’tibor beraman. Qolaversa, yutuqlarimda partiyaning o‘rni ham alohida. Loyihalarimni hayotga tatbiq etishda O‘zLiDePning tadbirkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan loyihalari juda qo‘l kelmoqda.

Ishbilarmon zamondoshimiz Sabina Abdunazarovadagi g‘ayrat-shijoatni ko‘rsangiz, hozirgi yutuqlari hali debocha ekaniga, bundan-da yuksak marralarni zabt etishiga ishonasiz. Shunday kunlarda yana bir maqola yozishni dilga tugib Toshkentga qaytdim...

 Elbek ShOYIMQULOV,

“XXI asr” muxbiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1222
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Зарафшон шаҳар бўлими "Аёлларқаноти" гуруҳи раҳбари Г.Рўзиева2018-09-25 17:33:02

Бугун мамлакатимизда хотин-қизларга берилган эътибор ва ғамхўрликлар уларга ўзгача куч ва ғайрат бағишламоқда. Жамиятимизнинг барча соҳаларида бугун -хотин қизлар ўзларининг меҳнатлари ва ташаббуслари билан муносиб ўрнига эга бўлиб келмоқда. Партиямиз томонидан ташкил этилиб келинаётган кўрик-танлов ва тадбирларда ҳам хотин-қизларнинг фаоллиги юртимиз ишбилармонлари орасида опа сингилларимизнинг кўпчиликни ташкил этишидадир. Тадбиркорларни ҳар томонлама қўллаб қувватлаш, уларга муносиб меҳнат шароитлари яратиш ҳамда меҳнатларини рўёбга чиқаришда ЎзЛиДеП улканишлар амлгаоширмоқда.


Рахманова Гульнара КР Тахтакупир тумани 2018-09-25 08:51:16

“Ишбилармон аёл” кўрик-танловининг рес­публика босқичида биринчи ўринга муносиб деб топилган, еш булишига карамасдан чакконлиги, изланувчанглиги, ва албатта билимдонлиги билан кузга тушган софдошимиз тадбиркор Сабинани ютуклари билан табриклаймиз. Келгуси ишларида омад тилаймиз.


Қ.Эшқораева Навоий вилояти, Учқудуқ тумани2018-09-24 17:05:10

Аёлларнинг бугунги кунда ҳар соҳада ютуқлари кўзга ташланмоқда. Жумладан мамлакатимизда тадбиркор аёллар сафи ҳам тоборо кенгайиб бормоқда. Аёлларнинг жамиятдаги ўрни ва мавқиени оширишда ЎзЛиДеП нинг ўрнини алоҳида таъкидлаш жоиз.


Fikringizni qoldiring

+