O‘zLiDeP paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olishda majburiy mehnatni bartaraf etishga harakat qiladi

26.09.2018, 10:22

O‘zLiDeP paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olishda majburiy mehnatni bartaraf etishga harakat qiladi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan Oqqo‘rg‘on tumani “Guliston” MFY “Dilshod Yo‘ldoshev” fermer xo‘jaligi dala shiyponida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2018 yil hosili paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda BMT tarkibiga kiruvchi XMT (MOT)ning “Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risidagi” 105-Konvensiyasi mazmun- mohiyatini yetkazishga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari, Toshkent viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga saylangan partiya deputatlik guruhi a’zolari partiya faollari va OAV vakillari ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi “2018 yil hosili paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mirishkor fermerlarni ishga bo‘lgan munosabatlarini tubdan o‘zgartirgani shubhasiz. Zero, paxta xarid narxlari o‘tgan yillardagiga nisbatan qariyb ikki barobarga oshirilishi, fermer xo‘jaliklarining xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, budjet va davlat maqsadli jamg‘armalari oldidagi qarzlarini to‘lash muddati hisoblangan penya va jarimalar hisobdan chiqarilgan holda 3 yil muddatga uzaytirilishi iqtisodiy manfaatdorlikni yanada oshiradi.

E’tiborlisi, terimchilar bilan paxta maydonining o‘zida kunlik hisob-kitob qilinishi, terimchilar uchun yanada qulaylik yaratdi.

Bu yilgi paxta terimi faqatgina ixtiyoriy tarzda amalga oshirilib, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish orqali tashkillashtiriladi. Ko‘ngilli sifatida murojaat qilgan fuqarolar transport xizmatlari, yotoq joy hamda tushlik bilan bepul ta’minlanadi.

Bu yilgi paxta mavsumida aholi kam bo‘lgan hududlar uchun alohida tartib belgilandi. Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida, shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon va Kasbi, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida qo‘lda terilgan 1 kg paxta uchun birinchi terimda – 950 so‘m, ikkinchi terimda – 1150 so‘m va uchinchi terimda – 1300 so‘m, boshqa hududlarda esa 1 kg paxta uchun birinchi terimda 650 so‘m, ikkinchi terimda 850 so‘m va uchinchi terimda 1000 so‘m to‘lanishi belgilangan.

– Bu yilgi paxta terimi mavsumida uyushmagan, vaqtincha band bo‘lmagan aholining 80-100 nafarini birlashtirib, otryad shaklida terimni tashkil etgan faol fuqarolar mehnati munosib rag‘batlantiriladi, – deydi Toshkent viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi yuriskonsulti Faridun Nafasov. – Paxta terimida ixtiyoriy tarzda qatnashish istagini bildirgan fuqarolarning huquq va manfaatlari davlat tomonidan himoya qilinadi hamda ular uchun paxta mavsumida barcha zaruriy sharoitlar yaratib beriladi!

– Ayni paytda, deyarli  barchamiz mehnatchi, yollanma ishchilarmiz, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qounuchilik palatasi, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi rahbari Mavludaxon Xodjayeva. – O‘z mablag‘iga va biznesiga ega bo‘lgan  odamlar ham  mehnat huquqiga duch  keladi o‘zi ishga yollanmasa ham, kimnidir ishga yollaydi. Aholining aksariyati yollanib ishlar ekan,  mehnat qonunchiligi,  istalgan mamlakat uchun muhim masaladir. Afsuski, mamlakatimizda xalqaro mehnat normalari yaqin-yaqingacha tilga olinmas edi. Taraqqiyotimizning yangi bosqichida barcha yo‘nalishlarda bo‘lgani kabi mazkur sohada ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda.

Ta’kidlash kerak, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida 2013 yildan buyon paxtachilikda bolalar mehnati va majburiy mehnat ustidan xalqaro va milliy monitoring olib borilmoqda. O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘rilayotgan izchil choralar natijasida yurtimizda bolalar mehnati to‘la bartaraf etilib, majburiy mehnat xavfi yildan-yilga kamayib borayotganini butun dunyo hamjamiyati tan olmoqda.

Tadbirda 2018 yil hosili paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish bo‘yicha partiya oldida turgan vazifalar ham keng muhokama etildi. 

O‘zLiDeP Toshkent  viloyat

Kengashi matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

 

  • Ko'rildi
    1228
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+