Deputatlar Chinoz kichik sanoat zonasi direksiyasi rahbari hisobotini eshitdi

27.09.2018, 17:33

Deputatlar Chinoz kichik sanoat zonasi direksiyasi rahbari hisobotini eshitdi

Prezidentimizning 2017 yil 10 avgustdagi “Toshkent viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlandi

Eng avvalo shuni ta’kidlash joizki, Xalq deputatlari Chinoz tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari va partiya mahalliy kengashi mutasaddilari ushbu tadbirga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishdi. Qarorning tumanga tegishli bandlari, ya’ni “Chinoz kichik sanoat zonasi”ni tashkil etish bilan bog‘liq topshiriqlar atroflicha tahlil qilindi. Loyihani amalga oshirish mexanizmlari mutaxassislar ishtirokida o‘rganildi. Kichik sanoat zonalarida tadbirkorlarga beriladigan sezilarli darajadagi imtiyozlar haqida partiya elektorati vakillariga ma’lumotlar tarqatilib, bunday shaklda biznes yuritishning afzalliklari har tomonlama tushuntirildi.

Yana bir jihat: mazkur muhokama ayni mavzudagi dastlabki eshituv emas. Avval ham tuman prokurori boshchiligidagi kichik sanoat zonasini tashkil etishga mas’ul doimiy ishchi guruhining faoliyati jamoatchilik nazorati tartibida ko‘rib chiqilgan. Ko‘zda tutilgan loyihalarning samaradorligi bo‘yicha monitoring yo‘lga qo‘yilgan.     

Kichik sanoat zonasida mahsulot ishlab chiqarishni rejalashtirishgan tadbirkorlar bino va inshootlardan 10 yil davomida ijara asosida foydalanishadi. Lekin Prezidentimiz qaroriga ko‘ra, ijara puli miqdori “nol stavka” qilib belgilangan. Bu bepul degani. Agar shu davr ichida biznes-rejada ko‘rsatilgan vazifalar to‘liq bajarilib, yangi ish o‘rinlari yaratilsa hamda soliq to‘lovlari o‘z vaqtida to‘lansa, mazkur bino va inshootlar tadbirkorlarga xususiy mulk qilib beriladi. Barcha muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mahalliy hokimliklar va tegishli davlat tashkilotlari hisobidan kichik sanoat zonalari hududigacha tortib kelinadi.

Chinoz tumanidagi “Qishloq xo‘jalik mahsulotlari ta’minot bazasi” davlat unitar korxonasining foydalanilmayotgan bino va inshootlarida tashkil etilayotgan kichik sanoat zonasining umumiy yer maydoni 6,15 gektardan iborat.

– Hududda qurilish-bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda, – deydi deputatlarga axborot bergan “Chinoz kichik sanoat zonasi” direksiyasi rahbari Feruza Asanbayeva. – Tanlovga qo‘yilgan 10 ta loyihadan 3 tasida amaliy ishlar ko‘zga ko‘rinib qoldi. Kichik sanoat zonasiga kirgan tadbirkorlik sub’ektlarida yangi ish o‘rinlari ochila boshladi. Ammo bu borada ayrim kamchiliklar ham yo‘q emas. Masalan, hanuzgacha hududda ichimlik suvi muammosi hal etilgani yo‘q...

Feruza Asanbayeva eshituvga 29 daqiqa kechikib kelganidan tashqari o‘zini intizorlik bilan kutgan deputatlardan uzr so‘rashni ham unutdi. U hisobot uchun so‘zga chiqqanida qo‘lida ma’ruza yo‘qligini ko‘rib, xayriyat, tayyor matnni qog‘ozdan o‘qib bermas ekan, demak, jonli munozara bo‘larkan, deb o‘yladik. Aslida unday bo‘lib chiqmadi. Dolzarb mavzu bo‘yicha atigi uch daqiqaaning nari-berisida gapirgan hisobdor eshituvga tayyorgarlik ko‘rmasdan kelgan – na taqdimot bo‘ldi, na tarqatma materiallar berildi. Savollarga juda jo‘n javob qaytarildi.

Deputatlarimiz tilga olingan nuqsonlar bo‘yicha tuman tashkilotlari rahbarlarining ham axborotlarini tingladilar. Muammolarni bartaraf etish yuzasidan ijroiya hokimiyati organlari tomonidan qilinayotgan ishlarning natijadorligi va muddatlari bilan qiziqdilar.

– Bosh maqsadimiz davlatimiz rahbarining qarorida belgilab berilgan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini izchil nazorat qilishdan iborat, – deydi Xalq deputatlari Chinoz tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Shuhratjon Ro‘zi-Qoriyev. – Bu borada deputatlik institutining barcha shakl va vositalaridan foydalanayapmiz. Zero, kichik sanoat zonalari tashkil qilish va ularda tadbirkorlarga imtiyozlar berishga yo‘naltirilgan hujjatlar mazmun-mohiyati bilan partiyamizning dasturiy maqsadlariga mos keladi.

Eshituv yakunida kichik sanoat zonasini rivojlantirish bilan bog‘liq masala nihoyatda dolzarbligini inobatga olgan holda uni Xalq deputatlari Chinoz tuman Kengashi sessiyasi kun tartibiga kiritish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

O. TO‘RABOYEV,

“XXI asr” muxbiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1203
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Рахманова Гульнара УзЛиДеП Тахтакупир туман Кенгаши ижрочи котиб 2018-09-28 09:17:19

Партиямиздан сайланган депутатларимиз тамонидан давлатимиздаги кабул килинаетган хар бир карор ва фармойишларнинг ахамиятини жойларда тугри тушинтириш ва албатта конун дойрасида амалий ишларни ўз вақтида бажарилишини изчил назорат қилиш хар бир депутатнинг бош максади булиб хисобланади. Шу бйос депутатларимиз купрок халк орасида булиши назарда тутилган.


Fikringizni qoldiring

+