Bitta qonun loyihasi kun tartibidan chiqarildi

28.09.2018, 09:43

Bitta qonun loyihasi kun tartibidan chiqarildi

yoxud “propiska”siz xodimni ishga olgan rahbarning ma’muriy

javobgarligi bilan bog‘liq huquqiy  normalarni

takomillashtirish xususida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida 9 ta qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi. Mazkur hujjatlar bo‘yicha qizg‘in savol-javoblar parlament quyi palatasining yalpi majlisida ham davom etdi. Eng qizig‘i, bahs-munozaralardan keyin “O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 32-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi kun tartibidan olib tashlandi.

Deputatlar kelin bo‘lib tushgan ayollarning yangi uyida mulk egalari qatoridan joy olishini nazarda tutuvchi normalarning mazmuni va maqsadi bo‘yicha bir fikrga kela olishmadi.

“O‘zbekiston Respublikasining 2012 yil 10 sentyabrdagi O‘RQ-330-son Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ixcham va aniq bo‘lgani uchun bir ovozdan ma’qullandi. Uning mohiyati “harbiy doktrina” atamasini “mudofaa doktrinasi” deb o‘zgartirish, ya’ni texnik tuzatish bilan izohlanadi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi xususida O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Islomjon Zokirov shunday fikr bildirdi:

– Mazkur hujjat O‘zbekiston Respub­likasi Prezidentining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 20-bandi ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasiga Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashini fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini tugatish zarurligi to‘g‘risidagi takliflari tuman hokimlari tomonidan ko‘rib chiqilishi majburiy hisoblanishini nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda.

Shuningdek, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartishlarni Yer, Soliq kodeksiga, “Dehqon xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi, “Fermer xo‘jalikari to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritish taklif etilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi navbatdagi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Adhamjon Nazirqulov taqdim qildi. Mazkur hujjat Adliya vazirligi tomonidan Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 56-bandini bajarish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ayni paytda qonunchilikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskasi bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga nisbatan ushbu hududlarda yashash hamda ishga joylashish bilan bog‘liq qator cheklovlar mavjud. Unga rioya etmaslik fuqarolar va mansabdor shaxslarni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223 va 2232-moddalariga muvofiq ma’muriy javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi.

Tilga olinayotgan qonun loyihasi yuqorida qayd etilgan cheklovlarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, fuqarolarning erkin ish tanlash, respublika hududida bemalol harakatlanish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlari, pasport, bilim olish hamda ishga joylashish bilan bog‘liq boshqa huquqlari amalga oshirilishini ta’minlashni nazarda tutadi.  Unga ko‘ra, pasport olishning belgilangan muddatini o‘tkazib yuborganlik uchun voyaga yetmagan shaxslarning ma’muriy javobgarligini bekor qilish, xodimlarning mehnat munosabatlari jarayonida pasport tizimi qoidalariga rioya etmaganligi uchun ish beruvchining ma’muriy javobgarligini bekor qilish, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashaganlik uchun fuqarolarning javobgarligini yengillashtirish, fuqarolarning o‘z turar joylarida vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan shaxslarning yashab turishiga yo‘l qo‘yganligi uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish taklif etilyapti.

Shuningdek, loyihada Mehnat kodeksining 80-moddasiga ham o‘zgartirishlar kiritish inobatga olingan. Yangi tartibga muvofiq, ish beruvchi ishga kirayotgan shaxs doimiy yoki vaqtincha propiskasiz bo‘lsa yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan bo‘lsa ishga qabul qilishni rad etishi mumkin emas.

Qonun loyihasini tayyorlash jarayonida Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi, Belarus Respublikasining bu boradagi tajribasi tanqidiy tahlil nuqtai nazaridan o‘rganilgan.

Qonun loyihasining qabul qilinishi tufayli pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik erkinlashtirilib, fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan huquqlarini amalga oshirish uchun sharoitlar yanada kengayadi.

Yig‘ilishida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1170
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Sarvar Farmonov2018-09-28 17:13:16

Masalan ish beruvchi tashkilotni rahbarini õzi ishonchnoma tavsiyanoma va kafolat xati orqali shahar yoki tuman IIB ga murojat qilsa sabab vazirliklar uchun bubqoldi bizni ish faolyatimizni vazir janoblari bilmiydi shahsan 10, yildan beri davlat korxonasida ishliyman lavozimim bõlim boshliği lekin vazirlik ishonch xati bersagina prapiska bõladi eni õziz uylab kuring vazirlikka yozmagan xatim kirmagan eshigim qolmadi. Shu taklifim agar ish beruvchi rahbarlarning õzlari xat chiqarishi tarofdoriman


Файзулло2018-09-28 16:10:55

Бошка вилоят келиб пропискасиз ишлаш мукинми?


Sherzod2018-09-28 10:17:00

Прописка буйича чеклов бу фукароларнинг крнституцион хукукини конуний тарзда поймол килиш ва дискриминация килиш дегани. Бундай гайриинсоний конун бор экан Узбекистон узини демократик давлат дея аташи уринсиз.


Fikringizni qoldiring

+