Partiyadoshimiz chigitdan bitum olish texnologiyasini yaratdi

28.09.2018, 10:42

Partiyadoshimiz chigitdan bitum olish texnologiyasini yaratdi

Yoxud “deputat keldi, yozib oldi, ketdi, vassalom”, degan o‘yda yurganlarni qayta

o‘ylashga undaydigan misollardan bir chimdim

Bugun odamlar qayerdan ko‘proq ma’lumot va axborot oladi? To‘g‘ri, turli veb-saytlaru tobora ommalashayotgan ijtimoiy tarmoqlardan. Navbatdagi savol: odamlar rasmiy OAV xabariga ishonadimi yoki internetdagi mulohazalarga? Aksariyatining ikkinchisini tanlaganiga shubha yo‘q.

Xo‘sh, nega shunday?

Izchil tadqiqotga asoslangan aniq misollarni talab qiladigan mazkur savol javobini jamiyatshunos olimlar va mutaxassis-ekspertlarga havola etgan holda biz ham o‘sha ko‘pchilik singari internetning qidiruv xizmatiga yuzlandik. Belgilangan joyga o‘zimizni qiziqtirgan mavzuga oid quyidagi kalit so‘zlarni kiritdik: “O‘zLiDeP ishchi guruhi”, “elektorat manfaati”, “saylovchilar bilan yuzma-yuz” va hokazo.

Oxirgi bir-ikki yilda internetga ayni jumlalar qo‘llanilgan shunchalik ko‘p maqola, intervyu va ixcham reportajlar kiritilibdiki, sanog‘iga yetish mushkul. Lekin har bir xabarni necha kishi o‘qigani aniq ko‘rinib turibdi. Bu miqdor yuz va minglik sonlardan boshlanib, ayrimlari millionga yaqinlashib qolganini ko‘rish mumkin. Demak, O‘zLiDePning amaliy ishlariga qiziqish kuchaymoqda. Nafaqat partiyaning o‘z nashri, balki boshqa gazetalar, tele va radiokanallarda ham bu fikr tez-tez takrorlanyapti. Kuzatuvchilarning qayd etishicha, 15 yoshga to‘layotgan ushbu siyosiy kuch elektorat ko‘z o‘ngidagi reytingini yanada balandroq ko‘targan holda saylovlar yiliga qadam qo‘yishni maqsad qilgan. Partiya ishchi guruhlarining respublikamizning barcha hududlarida jonli muloqotlar tashkil etayotgani ham bejiz emas. 

Shunday ekan, ishchi guruhlarining joylarda xonadonma-xonadon yurishi, biznes sub’ekt­larida suhbatlar o‘tkazishi qanchalik natija berayotganini bilish niyatida misol tariqasida Xorazm viloyatining shahar va tumanlaridagi jonkuyar safdoshlarga erinmay sim qoqib chiqdik. Ochig‘ini aytish kerakki, bu borada tezkor va xolis axborot almashishda ham ijtimoiy tarmoqlarning imkoniyatlari juda qo‘l keldi. Marhamat, poytaxtdan ming chaqirim olisdan olingan ortiqcha rasmiyatchiliklarsiz ma’lumotlar bilan o‘zingiz tanishing-chi:

Urganch shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi guruhi “Xorezm anticor invest” korxonasida chigitdan bitum olish texnologiyasini kashf etgan partiya faoli, professor Maqsud Jumaniyozov bilan viloyatning eksport salohiyatini yanada rivojlantirish, tadbirkorlar oldida turgan muammolarni hal qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish xususida suhbatlashdilar.

Darvoqe, Maqsud og‘a chigitdan yog‘ olish jarayonidagi eng so‘nggi chiqindi – paxta gudroni (gossipol smola)dan unumli foydalanish usulini o‘ylab topgan ixtirochi ekanligidan tashqari, hududdagi yirik tadbirkorlardan biridir. Ixtironing ijtimoiy ahamiyatga molik jihati, yog‘-moy kombinatlaridan chiqayotgan gossipol smola yuzaga keltirayotgan ekologik muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilgani bilan izohlanadi. Qurilishda ishlatiladigan bitum narxining arzonlashishi esa kashfiyotning iqtisodiy foydasidir. Valyuta zaxirasini tejashini aytmasa ham kundek ravshan.

Shu darajadagi tadbirkor-olim ham o‘z faoliyatini kengaytirishda ayrim muammolarga duch kelibdi. Ammo o‘zi a’zo bo‘lgan partiya viloyat Kengashi raisi Shavkat Safarbayev Xalq deputatlari Urganch shahar Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Nigora Qo‘shchanova bilan birgalikda ushbu masalani ijobiy hal qilishga kirishganidan mamnunligini izhor qildi. Bu yordamni elektorat manfaatlarini himoya qilishning amaliy ifodasi, deb baholadi.

Shovot tumanining “Ijtimoiyat” qishlog‘ida joylashgan  “Xorazm shisha idishlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga kelgan O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi mas’ul xodimlari Durdona Qobulova va Guljan Xolmuratova elektorat vakillari bilan ochiq muloqot uyushtirishdi. Yiliga 25 million dona shisha idish ishlab chiqarish quvvatiga ega mazkur korxonada bugungi kunga qadar 38 milliard so‘m miqdoridagi investitsiyalar o‘zlashtirilib, Italiya, Rossiya, Germaniya va Xitoydan 14,5 milliard so‘mlik yangi uskunalari olib kelib o‘rnatilibdi.

Roman Shostov boshchiligidagi korxonada 200 nafarga yaqin ishchi-xizmatchi mehnat qilar ekan. Shisha idishlari ishlab chiqarish o‘ta nozik ish bo‘lgani uchun xodimlardan juda ehtiyotkorlik va katta mas’uliyat talab etiladi. Bugungi kunda to‘liq quvvatda 4 smenada ishlayotgan zavodga zarur xomashyo asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatidan keltirilar ekan! Bu esa mahalliylashtirish dasturining amaldagi samarasi.

– Jamoamizning 37 nafari ayollardan iborat, – deydi korxonadagi boshlang‘ich xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Muhayyo Iskandarova. – Ularning vaqtida dam olishi va ovqatlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, sifat-nazoratida turgan xodimlarning ko‘z nurlariga zarar yetmaslik choralari ham ko‘rilgan. O‘zLiDeP ishchi guruhining samimiy suhbatidan keyin ko‘pchilik ishchilarimiz shu partiyaga a’zo bo‘lish istagini bildirishdi.

Xazorasp tumanida uyma-uy yurgan ishchi guruhi a’zolari hududdagi fermer xo‘jalik­lari va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Maqsad aniq: mavjud muammolarga partiyaviy vositalar orqali yechim topish, deputatlik nazoratiga olish, qolaversa, mazkur sohalarni yanada rivojlantirishga doir qonun va qonunosti hujjatlarini takomillashtirish uchun takliflar tayyorlash. 

Masalan, “Saidov Davlat o‘g‘li Bolta” fermer xo‘jaligi 2005 yilda tashkil topgan bo‘lib, umumiy yer maydoni 96 gektarni tashkil qiladi. Asosan paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan.

– To‘rt kishi bilan ish boshlagan bo‘lsak, bugun 13 nafar doimiy ishchimiz bor. Hosilimiz ham, daromadimiz ham yomon emas, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Boltaboy Davletov. – So‘nggi rusumdagi zamonaviy texnikalarni xarid qilishga ham imkon topdik. Bitta MTZ 82/1 traktorining o‘zi 220 million so‘mga tushdi. Ammo ularni yozning jazirama issig‘ida va qishning qahraton sovug‘ida qo‘yadigan joyimiz yo‘q.

Mazkur masala ishchi guruhi a’zolari tomonidan chuqur o‘rganildi. Qimmatbaho texnikalar ko‘chada turganidan tashqari o‘tib-qaytuvchi mashinalarga, aholiga xalaqit berayotgani aniqlandi. Muammoga yechim topish maqsadida Xalq deputatlari Xazorasp tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari D.Abulov shu kunning o‘zida yer resurslari va davlat kadastri bo‘limiga borib, qonuniy vakolatlaridan foydalangan holda murojaatni ijobiy hal qilishga kirishdi. 

Xiva shahridagi “Gilamchi” va “Gazchi” mahallalarida istiqomat qilayotgan aholining fikrlarini tinglagan ishchi guruhi a’zolari ularning qiziqishlari va imkoniyatlarini ham o‘rganishdi.

Farrux Xudayberganovlar oilasi ham shu yerda yashab, ko‘p yillardan beri zargarlik bilan shug‘ullanadi.

– Zargarlik bizga ota-bobolarimizdan meros, – deydi tadbirkor F.Xudayberganov. – Mashaqqat, mehnat, sabr va mahorat talab qiladigan bu kasb orqasidan bugun dasturxonimiz to‘kin. 4 nafar shogirdimiz bilan ichki bozorga turli xildagi tilla buyumlar yetkazib beramiz. Shuningdek, vohamizga tashrif buyurayotgan sayyohlar ham qo‘l mehnatini juda qadrlashadi. Bugun partiya faollari xonadonimizga kelib tadbirkorik faoliyatimni yanada kengaytirish yuzasidan jo‘yali tavsiyalar berganidan xursand bo‘ldim. “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi asosida endi imtiyozli kredit olib, hovlimda issiqxona ham tashkil qilmoqchiman. Bu bilan oilamizdagi xotin-qizlar bandligi ta’minlanishi barobarida qo‘shimcha daromad manbai ham yaratiladi.

Xonqa tumanining Madir qishlog‘i “Ilg‘or” mahallasida o‘tkazilgan sayyor qabulda partiyamizdan tuman Kengashi deputati Qadamboy Jumaniyazov bir qancha muammolarni o‘z nazoratiga olgan edi. Masalan, O.Sa’dullayev va G‘.Allaberganov mahallada maktabgacha ta’lim muassasasi yo‘qligini aytishgandi. O‘zLiDeP vakilining har tomonlama asoslangan deputatlik so‘rovi natijasida tuman hokimining qarori bilan ushbu mahallada davlat-sherik­lik asosida 100 o‘rinli MTM qurish uchun tadbirkor G.Qurbanovaga yer maydoni ajratildi. “Deputat keldi, yozib oldi, ketdi, vassalom”, degan o‘yda yurganlarni qayta o‘ylashga undasa ne ajab bu misol.

Albatta, astoydil harakat qilib, o‘z saylovchilariga bergan va’dalarini bajarish va ularga amaliy ko‘mak berish yo‘lida yurgan deputatlarimiz nafaqat Xorazm viloyati, balki boshqa hududlarda ham talaygina. Keyingi maqolalarimiz aynan shunday faollar haqida bo‘ladi. Modomiki, bizni kuzatishni kanda qilmang.

Rasmiy gazetalardan ko‘ra turli veb-sayt­laru ijtimoiy tarmoqlarni ustun qo‘yguvchilarga yana bir gap: partiyadoshlarimizning amaliy ishlari haqidagi yuqoridagi misollar internetga ham joylashtirilgan. Demak, ishonch­li!

Ozod RAJABOV,

“XXI asr” muxbiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
Ishchi guruh
  • Ko'rildi
    1187
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Jahongir2019-02-18 16:29:37

Yog' ishlab chiqishga chigit qayerdan olsam bo'ladi. Internetda bu xaqda yozilmagan.


БАХТИЁР2018-10-03 08:49:48

"ЧИГИТДАН БИТУМ ИШЛАБ ЧИҚАРИШНИ КАШФ ЭТДИ" деган фикр "НОНДАН АСФАЛТ ТАЙЁРЛАШМОҚДА" деган фикрга тенг эмасми? Гассиполдан хилма-хил химиявий бирикмалар тайёрлаш технологияси азалдан мавжуд-ку? Масалага бундай ёндашув элнинг кулгисига сабаб бўлмайдими? Журналист зоти фикрни тўғри йўналтира олиши лозим.


У.Буриева Навоий вилояти, Учқудуқ тумани2018-09-28 15:30:43

Дарҳақиқат бугун O'zLiDeP ходимлари ва фаолларининг самарали меҳнати кўпроқ кўзга ташланмоқда. Бу эса ўз навбатида аҳолининг партиямизг ишончини янада ортишига сабаб бўлади ва партиямиз сафи кенгаяди.


Fikringizni qoldiring

+