O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga yetadi

04.10.2018, 13:33

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga yetadi

Prezidentimizning Hindistonga davlat tashrifini biz partiya xodimlari ham katta qiziqish bilan kuzatdik. Chunki bu tashrif madaniyati va urf-odatlari bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki mamlakat uchun ham g‘oyatda ahamiyatli edi. Nyu-Dehlida o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston – Hindiston muloqoti yakunida ikki mamlakat hamkorligini turli sohalarda yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgan 20 ta hujjat imzolangani qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hindiston Respublikasi Bosh vazirining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi. 

Shuningdek, diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish, turizm, qishloq xo‘jaligi, fan-texnika va innovatsiyalar, koinotni tadqiq etish va undan tinchlik maqsadlarida foydalanish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, sog‘liqni saqlash va tibbiyot ilmi sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitimlar imzolandi.  

Bundan tashqari, harbiy ta’lim, huquq va adliya, farmatsevtika sohalaridagi munosabatlarni rivojlantirishga doir o‘zaro anglashuv memorandumlari qabul qilindi. Imzolangan hujjatlar orasida O‘zbekiston – Hindiston ishbilarmonlik kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, Andijon viloyati bilan Hindistonning Gujarat shtati, Samarqand va Agra shaharlari o‘rtasida hamkorlik va sheriklikni yo‘lga qo‘yish, Andijon shahrida Erkin farmatsevtika zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi anglashuv memorandumlari alohida ahamiyatga ega.  

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda Prezidentimiz O‘bekiston Hindiston bilan aloqalarga ustuvor ahamiyat qaratishi, amaliy ruhda o‘tgan muzokaralar tomonlarning o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishga kelishib olinganini qayd etdi.

Tashrif davomida imzolangan Andijon shahrida Erkin farmatsevtika zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirishga ishonchimiz komil. Chunki Hindiston farmsanoatda dunyodagi eng ilg‘or mamlakatlardan biri. O‘ylaymizki, Andijonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan Erkin farmatsevtika zonasi mashulotlari sifat jihatdan istalgan farmsanoat korxonalari bilan raqobatlasha oladi.

Toxirjon Tolipov,

O`zLiDeP Andijon viloyat Kengashi raisi

  • Ko'rildi
    1054
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+