Dastro'mol — barqaror biznes manbai

12.10.2018, 17:00

Dastro'mol — barqaror biznes manbai

Yosh tadbirkor, O‘zLiDeP faoli Sanjar Aminovning ishbilarmonlikning o'ziga xos yo'nalishidagi intilishlari xususida.

Joriy yilning 16-21 sentyabr kunlari Moskva shahrida yengil sanoat mahsulotlari yarmarkasi bo'lib o'tdi. Unda Xorazm viloyatida faoliyat ko'rsatayotgan “Urganch­teks” mas'uliyati cheklangan jamiyatida tayyorlangan dast­ro'mollar ko'rgazma ishtirokchilarining diqqatini jalb qildi. Mazkur korxona rahbari esa hamkorlar bilan oddiy ro'molchani eksport qilish bo'yicha muzokaralar o'tkazib, istiqbolli shartnomalar tuzish yuzasidan qator kelishuvlarga erishdi. Bu borada, ayniqsa, rossiyalik xaridorlarning qiziqishi yuqori bo'lganini alohida ta'kidlash joiz.

“Baxmal” brendi ostida yuksak sifatli, zamonaviy dizaynga ega mahsulotlar ishlab chiqaradigan “Urganch­teks” mas'uliyati cheklangan jamiyati 2013 yilda tashkil etilgan. Xitoydan keltirilgan tikuv dastgohlarida ish boshlagan korxonada dastlab 15 kishi mehnat qilardi. Bugungi kunda esa xodimlar soni 200 nafarga yaqinlashib qoldi.

Yana bir qiyos: besh yil avval viloyatga Xitoydan katta miqdorda dast­ro'mollar import qilingan bo'lsa, hozirgi paytda O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasiga a'zo tadbirkorlarning mahalliylashtirish dasturi doirasidagi sa'y-harakatlari natijasida vaziyat butunlay o'zgardi. Tabiiy xomashyodan tayyorlangan “Baxmal” dastro'mollari ichki bozorda xaridorini topdi. Bundan tashqari, uzoq va yaqin qo'shni mamlakatlarga eksport yo'lga qo'yildi.

Oddiy ro'molcha tikishdan barqaror biznes manbai yaratilishini tom ma'noda faol tadbirkorlik sifatida baholash o'rinlidir. Siz ko'rib turgan suratlar ayni shu kichik korxona tsexida olingan. 60 foizi kollej bitiruvchilari bo'lgan ishchilarning oylik maoshi qisqa muddatda ikki barobar oshirilibdi. Ularga korxona transporti xizmat ko'rsatadi. Tushlik ham shu yerning o'zida. Har oyda san'at ahli ishtirokida ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar o'tkazilishi xodimlarga qo'shimcha rag'bat.

Yuqorida bejiz yosh tadbirkor ta'rifini qo'llamadik. Zotan, MChJ direktorining oliy o'quv yurtini tugatganiga endi ikki yil bo'libdi. Mas'ul lavozimga tayinlanguncha bo'lim bosh­lig'i sifatida o'zini ko'rsatgan. Gidrotexnik mutaxassisligiga ega shijoatli yigitning menejerlik qobiliyati shunchaki suhbat davomida yaqqol namoyon bo'ladi. Kamroq gapirib, ko'proq amaliyot bilan shug'ullanishni yoqlaydi. Oddiy ro'molchadan qanday qilib bunday muvaffaqiyatga erishdingiz, qanday bo'yoqdan foydalanasiz, dizaynerlar bilan qanday tartibda ishlaysiz, degan mazmundagi savollarning aksariyatiga “biznes siri” deb qo'ya qoladi.

– Hozircha 10 turda sotuvga chiqarilayotgan “Baxmal” dastro'mollarining rangi umuman o'zgarmaydi, – deydi Sanjar Aminov. – Boisi faoliyat bosh­lashdan avval shunday mahsulotni ishlab chiqarishning jahonda mavjud texnologiyalari, bozor talabi chuqur tahlil qilingan. Ayniqsa, Belgiya va Rossiya tajribasi tanqidiy nuqtai nazardan o'rganilgan. Oddiy ro'molchadan qanday qilib 200 kishi uchun barqaror daromad manbai yaratish mumkinligi xususidagi savolingizga ana shu jarayondan javob izlagan ma'qul. Yaxshisi men sizni galdagi rejalarimizdan oz-moz xabardor qilay: yaqin kelajakda Yevropaga chiqishni asosiy maqsad qilib qo'yganmiz. Bilasiz, ko'hna qit'ada yuz foiz paxtadan tikilib, tabiiy bo'yoqlar bilan rang berilgan mahsulotlar qadrlanadi. Biz ham shunday raqobatning munosib ishtirokchisi darajasiga erishish uchun ishlayapmiz. Germaniyadan yangi dastgohlar olishga buyurtma berganimizni odatiy shartnoma yoki tasodifga yo'ymang. Joy va mablag' masalasi hal bo'lgach, chaqaloqlar uchun tabiiy paxta tolasidan Yeso shimmataglik (pampers) ishlab  chiqarish niyatim ham yo'q emas. Zero, bunday mahsulotga ichki va tashqi bozorda talab juda kuchli.

Ha, hozirgi yoshlar ana shunday fikr­lashadi. Peshqadamlar bilan teng, o'rtamiyonalardan oldin yursam deydi. Quvonarlisi, “Urganchteks” mas'uliyati cheklangan jamiyati ko'pchilik nazdida arzimas bo'lib tuyulgan yumshoq matoli salfetkalar va oshxona fartuklari to'plami hisobiga assortimentni kengaytirayotganidir. Ular nafaqat sifatli, balki juda qulay. Rangi va dizayni darrov e'tiborni tortishini ushbu mahsulot xorijiy sayyohlar nigohidan chetda qolmayotganidan ham sezish mumkin. Chunki ularda milliylik – dunyoga mashhur Xivaning ramzlari nozik did bilan aks ettirilgan. Ichonqal'aning necha ming yillik o'chmas jilolari ko'chib o'tgandek go'yo...

Sanjar kuzatib qo'yish bahonasida korxonaga kiraverishdagi do'kon sari yurdi. Xaridor ko'pligiga ishora qilganday jilmaydi. Biz esa o'z oilasi va atrofidagilar farovon yashashi uchun harakat qilayotgan yosh tadbirkorning samimiy mamnuniyatini, mehnatidan xursandligini sizga yetkazgimiz keldi. 

Ozod RAJABOV

  • Ko'rildi
    757
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+