O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” sirdaryolik yoshlar uchun ishlab chiqarish korxonalariga sayohat uyushtirdi

19.10.2018, 16:21

O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” sirdaryolik yoshlar uchun ishlab chiqarish korxonalariga sayohat uyushtirdi

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi tomonidan talaba-yoshlarni kichik biznes va tadbirkorlik faoliyatiga kengroq jalb etish maqsadida kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilari uchun “Talabalikdan – tadbirkorlikka” shiori ostida yirik ishlab chiqarish korxonalariga sayohat uyushtirildi.

Dastlab tadbir Guliston shahridagi “Wellfort” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona faoliyati bilan yaqindan tanishishdan boshlandi.

Tadbir ishtirokchilari korxonada mahsulotlarning ishlab chiqarish, eksportga tayyorlash jarayonlari, xodimlarning ish faoliyati va ularga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Bu korxonada asosan barcha yosh toifalariga tegishli bo‘lgan 100 ga yaqin turdagi kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning hammasi eksportga yo‘naltirilgan. Korxonada 750 nafardan ortiq xodim faoliyat yuritib, ularning 80 foizdan ziyodini kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlar tashkil etadi.

Korxona ishchi-xizmatchilari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Xodimlar maxsus kiyim-bosh, issiq ovqat, ishga kelib-ketishlari uchun maxsus transport vositasi bilan ta’minlangan. Ma’naviyat xonasi, oshxona, dam olish, yechinish-kiyinish, yuvinish, tibbiyot xonalari xodimlar xizmatida.

Tadbirning ikkinchi yarmida yoshlar Mirzaobod tumanidagi “Mirzaobod universal trade claster” xususiy korxonasiga qarashli issiqxonada bo‘lib, u yerda ham xodimlarning ish faoliyati va ularga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

“Mirzaobod universal trade claster” xususiy korxonasi 35 gektar maydonni egallagan. Ushbu issiqxonada 320 nafar ishchi-xodimlar faoliyat olib bormoqda. Ayni vaqtda issiqxonada pomidor, bulg‘or qalampiri va baqlajon sabzavotlari yetishtirilmoqda. Yetishtirilayotgan sabzavotlarning 82 foizi Rossiya davlatiga eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Tadbirning yakuniy qismida ishtirokchilar o‘z biznes rejalari bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi. Tadbirkorlikni boshlamoqchi, o‘z biznes loyihasini yaratmoqchi bo‘lganlarga mutaxassislar tomondan maslahat va tavsilar berildi.

Tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1098
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+