O‘zLiDeP: sarhisob va galdagi vazifalar

23.10.2018, 15:24

O‘zLiDeP: sarhisob va galdagi vazifalar

Bu yil mulkdorlar qatlami, kichik biznes, xizmat ko‘rsatish sohasi, fermerlik va dehqon xo‘jaliklari vakillari, ishbilarmonlar, moddiy va intellektual mulk egalari manfaatlarini ifodalash va himoya qilishni maqsad qilgan yangi siyosiy kuch – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashkil topganiga 15 yil bo‘ladi.

Albatta, 15 yil tarix oldida juda qisqa muddat. Lekin o‘tgan yillar, ayniqsa mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida mutlaqo yangi davrni boshlab bergan so‘nggi ikki yilda amalga oshirilgan islohotlar shiddati O‘zLiDePni ham zamon bilan hamnafas bo‘lishga, faoliyatini tubdan takomillashtirish nuqtai nazaridan jiddiy sinov davri bo‘ldi, deyish mumkin. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi O‘zLiDeP zimmasiga tamomila yangi vazifalarni qo‘ydi, yangi yo‘nalishlarni belgilab berdi. Qolaversa, o‘tgan yili 12 iyulda Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig‘ilishida faoliyatimiz asosli ravishda tanqid qilinib, zimmamizga qator vazifalar yuklangandi.

Ta’bir joiz bo‘lsa, zamon talablariga moslashtirilgan, aholining real hayot darajasidan kelib chiqib rivojlantirilgan, xalqimiz orzu-istaklarini hisobga olgan holda tayyorlangan Harakatlar strategiyasi bugungi kunda partiyamiz faoliyatining siyosiy-huquqiy va g‘oyaviy asosini tashkil etadi.

Binobarin shunday ekan, O‘zLiDeP 15 yilligi biz uchun barcha partiya faollari yurtdoshlarimizni keng jalb qilgan holda, o‘tgan faoliyat davrimizni sarhisob qilish, keyingi rejalarni belgilab olish uchun bir imkoniyatdir. Shuning uchun ushbu sana arafasida barcha tumanlarda, chekka qishloqlardan tortib, viloyatlar markazlarida o‘tkazish rejalashtirilayotgan tadbirlar va avvalo partiya faoliyatiga ana shu rakursdan yondashish, qilingan ishlarga xolisona baho berish, sarhisob natijalariga ko‘ra kelgusidagi vazifalarni belgilab olish kabi maqsadlarni ko‘zlagan. Shu bois, ayni paytda partiyaning har bir tuman, (shahar), viloyat kesimida boshlang‘ich partiya tashkilotlari, tadbirkor va fermerlar, yoshlar, ayollar masalalariga bag‘ishlangan tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

Toki maqsad avvalo yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan bevosita manfaatdor bo‘lgan xalqimiz fikrini atroflicha o‘rganib, chuqur tahlil qilish asnosida hosil bo‘lgan taklif va tavsiyalar O‘zLiDePning faoliyat yo‘nalishlarini belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblaymiz. Zero, partiyamizning yillar davomida barchaga yaxshi ma’lum bo‘lgan “Birgalikda biz kuchmiz” shiorining hayotiy ifodasi aynan mana shu jabhada namoyon bo‘ladi.

Shunday ekan 15 yildan buyon o‘z xalqi, yurti manfaatlari yo‘lida faoliyat yuritib kelayotgan O‘zLiDeP bundan keyin ham har bir harakatini xalqimiz xususan, tadbirkorlarimiz, fermerlarimiz, nuroniylarimiz, yoshlarimiz, ziyolilarimiz, umuman barcha aholi vakillarimiz bilan fikrlashgan holda amalga oshirib boraveradi. Shu yilning oktabr-noyabr oylarida belgilangan “O‘zLiDeP: sarhisob va galdagi vazifalar” ruknida rejalashtirilgan keng qamrovli tadbirlardan ham aynan shu maqsad ko‘zlangan.

Aziz yurtdoshlar! Bu borada Sizning fikringiz ham biz uchun juda muhim. Shunday ekan Sizlarni ushbu jarayonga faol ishtirok etishga chaqiramiz.  

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1105
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+