Fraksiya faoliyatiga tanqidiy-tahliliy nazar

23.10.2018, 17:39

Fraksiya faoliyatiga tanqidiy-tahliliy nazar

Ma’lumki, o‘tgan yili 12 iyulda Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig‘ilishi va 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida siyosiy partiya va uning deputatlik korpusi oldida turgan eng muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

Xo‘sh, o‘tgan vaqt mobaynida partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi faoliyatida yuqorida keltirilgan har ikki yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar asosida qanday ishlar amalga oshirildi, nimalarga erishildi, qaysi muhim vazifalar ijrosi e’tibordan chetda qoldi?

Ommaviy axborot vositalari uchun tashkil etilgan brifingda, O‘zLiDePning parlament quyi palatasidagi fraksiyasining bu boradagi faoliyatiga xolisona baho berildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘tgan davr ichida deputat va saylovchi  o‘rtasidagi muloqot tizimi tubdan o‘zgardi. Endilikda, fraksiyamizning har bir a’zosi o‘z saylovchilari bilan yil o‘n ikki oy tizimli muloqotlar olib borishmoqda. Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, birgina, 2018 yilning yanvar-may oylarida O‘zLiDeP deputatlik korpusi joylarda 12 mingdan ortiq xonadonlarga tashrif buyurdilar, 43 mingdan ortiq fuqarolar bilan, shu jumladan, 6,5 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ektlari bilan bevosita suhbatlar o‘tkazdi. Ushbu muloqotlarda aniqlangan muammolarning hal etishga qaratilgan zarur amaliy ishlar olib borildi.

Albatta qonun ijodkorligi fraksiyamiz faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Ta’kidlash joizki, aynan ushbu yo‘nalish davlatimiz rahbari tomonidan asosli tanqid qilingan edi. Ortda qolgan vaqt mobaynida ushbu tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda fraksiyaning qonun ijodkorligi faoliyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Buning samarasi o‘laroq agar 2016 yilda O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida bor-yo‘g‘i 7 ta qonun kiritilgan bo‘lsa, 2017 yilda ushbu raqam 13 taga, joriy yilning shu davrida esa 9 taga yetganligini ko‘rish mumkin.  Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart. Shundan kelib chiqib, har bir qonun loyihasi yuzasidan fikr hamda takliflarni quyidan — fuqarolardan, saylovchilardan, joylardagi deputatlardan olish tartibi joriy etildi. 

Parlament nazorati institutidan foydalanishda ham fraksiyamiz faolligi oshganligini qayd etish lozim. Ya’ni bu boradagi ishlar sifat jihatidan o‘zgardi. Xususan, o‘tgan davr mobaynida asosida Qonunchilik palatasi majlislarida “hukumat soati” doirasida hukumat a’zolarini, shuningdek fraksiya majlislarida esa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va muassasalarning rahbarlarini eshitish mexanizmi joriy etildi va u amalda samarali qo‘llanilmoqda. Jumladan, O‘zLiDeP tashabbusi bilan «hukumat soati» doirasida O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining respublika aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishida hamda ichimlik suvini tejamkorlik bilan ishlatishda olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi faoliyati yuzasidan axboroti, fraksiya majlislarida esa O‘zbekiston Respublikasining moliya, iqtisodiyot, bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi rahbarlarining axborotlari eshitildi. Jumladan, shu yilning uchinchi choragi davomida Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sattarovning “O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2018 yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risida”gi hamda Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning “O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun xalqaro moliyaviy-investitsiyaviy tashkilotlarning moliyaviy mablag‘laridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risid”gi axborotlari eshitildi.

Umuman olganda, O‘zLiDeP dasturidagi vazifalardan kelib chiqib, monitoring o‘rnatilgan vazirlik va qo‘mitalar bilan tizimli va doimiy olib borilgan ishlar doirasida samarali parlament va deputatlik nazorati o‘rnatildi. Buning natijasida esa, joriy yilning o‘tgan davrida jami 12 marta turli vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari fraksiyamiz yig‘ilishlairda eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Yuqoridagilardan tashqari, “G‘o‘zada kafolatli hosil yaratish zarbdor oyligi”, “Hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi”, “Yoshlar kelajagimiz” hamda “Har bir oila tadbirkor” Davlat dasturlari ijrosi, “O‘zbekiston aholisining sog‘lom ovqatlanishi holatini o‘rganish” hamda Hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni va aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish kabi tadbirlarning bajarilishi ustidan parlament va deputatlar nazorati ham samarali  amalga oshirilganini qayd etish lozim.

Parlament deputatlari ijtimoiy tarmoqlarda o‘z shaxsiy sahifalarini ochishi natijasida parlament vakillarining internet tarmoqlaridagi faolligi sezilarli darajada yuksaldi. Bugungi kunga kelib, fraksiya a’zolari, viloyatlar va tumanlar Kengashlari deputatlarining “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida shaxsiy sahifalari mavjud.  Bu orqali deputatlarimiz har kuni turli elektron OAV va tarmoq resurslarida odamlarni e’tiborini tortuvchi dolzarb masalalar haqida mulohaza yuritish bilan bir qatorda fuqarolar bilan onlayn muloqot uyushtirishmoqda. E’tiborlisi, muloqotning bu shakli aholini o‘ylantirayotgan masalalarni tez va sifatli hal qilish, qolaversa, deputatlining saylovchilar oldidagi hisobdorlik darajasini oshirdi.

Ish bor joyda kamchilik bo‘ladi. Shu ma’noda fraksiya faoliyatining xolisona tahlili ba’zi yo‘nalishlarda biroz sustkashlikka yo‘l qo‘yilganini ko‘rsatmoqda. Xususan deputatlik so‘rovlari jo‘natish borasidagi raqamlarda bu jihat yaqqol sezilib qolmoqda.  Joriy yilning o‘tgan davrida fraksiya a’zolari tomonidan turli vazirlik, idora va tashkilot rahbarlariga jami 58 ta deputat so‘rovi yuborilgan xolos. Bu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan deyarli ikki barobar kamligini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, yuborilgan deputat so‘rovlarining ijrosini o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlash borasidagi ishlar talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan. Masalan, deputat so‘rovlari yuzasidan kelib tushgan javoblarda asoslantirilgan tushuntirishlarni bayon etish o‘rniga, ularda umumiy mazmundagi fikrlar bayon etilgan. Shu bilan bir qatorda, deputat so‘rovlarining tahlili deputatlar ushbu institutdan kengroq foydalanishi hamda mazkur yo‘nalishda faolligini oshirishi lozimligini taqozo etmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish barobarida, ularning yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan omillarni ham chuqur o‘rganish va oldini olish muhim. Buning uchun esa barcha bo‘g‘indagi deputatlik korpuslari ishini yanada faollashtirish, parlament hamda deputatlik nazorati, deputatlik so‘rovi, tegishli davlat idoralari rahbarlari axborotlarini eshitish kabi vakolatlardan samarali foydalanish zarur.

 Toir Salimov,

OliyMajlis Qonunchilik

palatasidagi O‘zLiDeP

fraksiyasining ijrochi kotibi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1064
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+