Chekka tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga yanada ko‘proq imtiyozlar berildi

29.10.2018, 14:07

Chekka tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga yanada ko‘proq imtiyozlar berildi

Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohani jadal rivojlantirish bilan birga yangi ish o‘rinlari, xalqning turmush farovonligi oshishiga xizmat qilishi barchamizga yaxshi ma’lum. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 15 oktyabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik uchun shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘z ishlab chiqarishini muntazam modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, uni yuqori sifat va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkonini beradigan ilg‘or zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash tizimini rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ushbu qarorga muvofiq, 2020 yilning 1 yanvariga qadar tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan olib kiriladigan birlamchi shakldagi etilen polimerlari va tuyaqushlar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilindi.

Aynan mana shu hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 yanvardagi “2017-2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarorining 4-bandiga tegishli o‘zgartishlar kiritildi. Shunga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Shumanay, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy tumanlarida, Xorazm viloyatining Yangiariq va Qo‘shko‘pir tumanlarida joylashgan sanoat sohasida yangi tashkil etilayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalar 2027 yilning 1 yanvariga qadar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining qolgan tumanlarida 2022 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan muddatga yagona soliq to‘lovini to‘lamaydi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Shumanay, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy va Kegeyli tumanlarida joylashgan tadbirkorlik sub’ektlariga O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan va faqatgina ushbu tumanlarda foydalaniladigan maxsus texnika, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari, metall konstruksiyalar uchun 2020 yil 1 yanvariga qadar bojxona to‘lovlari bekor qilindi.

Bunday imkoniyatlar keyingi vaqtlarda biznes sub’ektlariga soliq va bojxona imtiyozlari berish masalasiga yangicha yondashilayotganining samarasidir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 maydagi “Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar faqatgina qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun berilishi, shuningdek, aniq ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy natijalarga erishishni ta’minlashi zarurligi belgilab qo‘yilgan. Imtiyozlar berishga, bojxona to‘lovlari bo‘yicha yengilliklar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatlarini tasdiqlashga doir hukumat va idoraviy qarorlarni qabul qilish taqiqlangan.

Yangi tartibning joriy qilinishi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning barcha toifalari uchun teng raqobat sharoitlariga ega bo‘lgan yagona iqtisodiy makonni shakllantirishda ishonchli poydevor vazifasini bajarashi shubhasiz.

O‘tkirbek TURSUNOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    890
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+