“Katqala teks” chiqindilardan yumshoq o‘yinchoqlar ishlab chiqaradi

31.10.2018, 12:02

“Katqala teks” chiqindilardan yumshoq o‘yinchoqlar ishlab chiqaradi

“Faol tadbirkor ijodkor nigohida” tanloviga

“Uztex group” mamlakatimizda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi eng yirik ishlab chiqaruvchi kompaniya xisoblanadi. Xorazm viloyatidagi “Katqala teks”, “Uztex shovot”, “Shovot tekstil” kabi korxonalar ana shu kompaniya tarkibiga kiradi. Mazkur korxonalarda ishlab chiqarilgan to‘quv-trikataj mahsulotlari ichki va tashqi bozorda sotilmoqda.         

Bugun ana shunday korxonalardan biri “Katqala teks” faoliyati bilan yaqindan tanishamiz.

– Korxonamiz paypoq va ayollar kalgotkilari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – deydi korxona rahbari Umrbek Abdullayev. – Mahsulotlarimiz Ukraina, Rossiya, Moldaviya, AQSh, Kanada davlatlariga eksport qilinadi. Eksportdan tushayotgan mablag‘lar korxonamizni modernizatsiya qilish, xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni jalb etishga sarflanmoqda. Bu esa mahsulotlarimiz sifatini yaxshilashga va daromadlarimizni yana ko‘paytirishga xizmat qilayotir.

Xodimlar malakasini oshirish korxonaning doimiy e’tibordagi masalalardan biri. Yiliga 70 milliondan ziyod paypoq ishlab chiqarish quvvatiga ega “Katqala teks” ishchilariga Turkiya va Pokiston davlatlaridan kelgan mutaxasislar master-klass o‘tib borishadi.  

– Texnika-texnologiyalar har qancha rivojlanmasin, tekstil sanoati  uchun malakali xodimlar masalasi har doim dolzarb bo‘ladi, – deydi korxonaning moliyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Bekzod Yo‘ldoshev. – Shuning uchun xorijdan sohaning yetakchi mutaxassislarini jalb etganmiz. Ular ishchilarimizga eng zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash sir-asrorlarini o‘rgatishmoqda. Kelajakda korxonamizning eng yaxshi ishchilarini xorijiy korxonalarga malaka oshirishga yuborishni rejalashtiryapmiz.

Darvoqe, “Katqala teks”ga xodimlarni ishga olishga ham alohida mas’uliyat bilan yondashiladi. Korxonada ishga kirmoqchi bo‘lgan kishi tekstil sanoatida muayyan tajribaga ega bo‘lishi kerak. “Hamma joyda shunday-ku” deyishga shoshilmang. Zotan, “Katqala teks”da ishlash uchun 2-3 yillik tajribaning o‘zi yetarli emas. Yangi kelgan xodimlar 4 oylik o‘quv kurslarida o‘qitiladi. Eng qizig‘i, kurslarda tahsil olayotgan xodimlarga korxona tomonidan stipendiya beriladi. Bu tartib esa hamma joyda ham yo‘q. Shundaymi?

– Korxonamizda ayni kunda 750 nafar kishi mehnat qilyapti, – deydi U.Abdullayev. – Ularning hammasi o‘quv kurslarida stipendiya olib, tahsil ko‘rishgan. Ochig‘ini aytsak, o‘quv kurslarini tashkil etish korxonamizga biroz qimmatga tushgan. Chunki kurs o‘qituvchisiga oylik, o‘quvchisiga esa  stipendiya berish har qanday iqtisodiy jihatdan baquvvat korxonaga ham og‘irlik qiladi. Boshida biz ham qiynalganimiz rost. Ammo bugun o‘sha qiyinchiliklar orqada qoldi. Biz o‘quv kurslarini tashkil etib, birinchi navbatda “Katqala teks” uchun malakali mutaxassislarni tayyorladik. Ikkinchidan esa bu ishchilarimizga katta yordam bo‘ldi. Ular boshqa joyda ishga o‘tsalar ham, o‘qigan va bilganlari o‘zlarida qoladi. Tekstil sanoatidagi istalgan korxonada ishlab ketishlari mumkni.

Korxonada chet eldan kelgan mehmonlar uchun yevropa standartlari asosidagi mehmonxona ham faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, xodimlarning ishdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida spektakl va teatrlarga sayohatlar ham uyushtiriladi.

– Rahbarimiz  haftaning dushanba kuni xodimlar bilan yig‘ilish o‘tkazib, o‘tgan xaftada bajarilgan ishlar va oldimizdagi rejalarimiz bilan tanishtirib, xodimlarning takliflarini o‘rganadi, – deydi “Katqala teks” xodimi Sveta Sobirova. – Shuningdek, yig‘ilishda korxonamiz huzurida tashkil etilgan O'zLiDeP boshlang‘ich tashkiloti a’zolari tomonidan yangi qabul qilingan qaror va qonunlar, davlat dasturlarining mazmun-mohiyati tushuntiriladi.

“Katqala teks” ayni kunlarda innovatsion g‘oyalar asosida ishlab chiqarishni rivojlantirish va ish yangi o‘rinlari yaratishni rejalashtiryapti. Yaqin orada korxona huzurida bolalar yumshoq o‘yinchoqlarini ishlab chiqaradigan yordamchi xo‘jalik tashkil etiladi.  

– Ishlab chiqarishni chiqindilarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, – deydi Umrbek Abdullayev. – Ayniqsa, tekstil sanoatini. Korxonamizda ishlab chiqarish davomida chiqindilar “uyum”i hosil bo‘ladi. “Polistr”, “Polyami”, “Ilastan”, “Spandiks” paypoq uchun kerak bo‘ladigan iplarlarning ma’lum qismi chiqindiga chiqadi. Eng yomoni, bu iplar xorijdan, valyuta hisobiga keladi. Shu paytgacha chiqindilarni divan, kreslo va yumshoq o‘yinchoqlar ishlab chiqarayotgan korxonalarga sotayotgan edik. Endi ularni o‘zimiz qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Yaqin kelajakda korxonamiz huzurida yumshoq o‘yinchoqlar ishlab chiqaradigan minisex faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapmiz. Bu ham korxonamizga qo‘shimcha daromad olib keladi, ham yangi ish o‘rni yaratib, aholi farovonligini oshirishga hissa qo‘shamiz.

Maqolamiz so‘nggida bir fikrni ta’kidlamoqchimiz. “Katqala teks” O'zLiDeP uchun ham begona emas. Gap shundaki, mazkur korxonada partiya quyi bo‘g‘ini faoliyat yuritadi. Ishchilarning 100 nafarga yaqini BPT a’zosi hisoblanadi. Shunday ekan, “Katqala teks”ning manfaatlarini himoya qilish, korxona muammolarini partiyaviy vositalar orqali hal etishga ko‘maklashish, faoliyatini rivojlantirishga yordam berish O’zLiDePning ham  ustuvor vazifasidir.

 Hasan SALOMOV,

jurnalist

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2498
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Рахманова Гульнара УзЛиДеП Тахтакупир туман Кенгаши ижрочи котиб 2018-10-31 14:53:31

Тажрибали тадбиркор, Умрбек Абдуллаевнинг уз ишига ахамият билан карагани ва албатта ишчиларни хар тамонлама куллаб кувватлаши бугинги кундаги самарали ишларига асос булмокда. Уз унимларини экспорт килаетган корхона фаолиятига куз тегмасин ва келгуси ишларида омад яр булсин!


Д.Юлдашева Халқ депутатлари Жиззах вилоят Кенгаши депутати ЎзЛиДеП Ш.Рашидов туман Кенгаши раиси2018-10-31 14:13:40

“Katqala teks”ҲАҚИДАГИ МАҚОЛА БИЛАН ТАНИШИБ, БУ ЖАМОАНИ ИШ ФАОЛИЯТИГА ХАВАС БИЛАН ҚАРАГАН ҲОЛДА УЛАРГА ДОИМО ОМАД ҲАМРОҲ БЎЛИШИНИ ТИЛАЙМАН.


Fikringizni qoldiring

+