Qachongacha O‘zbekistonda turib xorijlik ishlab chiqaruvchining oilasini boqamiz

08.11.2018, 17:58

Qachongacha O‘zbekistonda turib xorijlik ishlab chiqaruvchining oilasini boqamiz

Mahalliy matbuotda Prezidentimizning “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati haqidagi maqolalarni katta qiziqish bilan o‘qiyapmiz. Maqolalarda farmon tadbirkorlik sub’ektlari oldida turgan byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishi, ularning davlat idoralar bilan munosabatlarini tartibga solishi, soliq va bojxona imtiyozlarining berilayotgani haqida so‘z yuritilmoqda.

Farmonni sinchvoklik bilan o‘qigan odam Iqtisodiyot vazirligi huzurida tovar bozorlaridagi narxlar, talab va takliflarni o‘rganadigan markaz tashkil etilayotganidan yaxshi xabardor. Markazga respublikamizda ishlab chiqariladigan va import qilinadigan mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) nomenklaturasi va turlari to‘g‘risida axborot berib boruvchi elektron-axborot portalini yaratish vazifasi yuklangan. Aksariyat nashrlar va ekpertlarning e’tiboridan chetda qolayotgan mazkur band mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Farmonga muvofiq, markaz axborot portalida import qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati bo‘ladi. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlari uchun ayni muddao. Chunki mahalliy ishlab chiqaruvchilar ana shu ro‘yxatga qarab faoliyatini o‘zgartirishlari yoki kengaytirishi mumkin. Bu esa import mahsulotlar ko‘lamini qisqartirishi shubhasiz. Bundan xulosa shuki, Prezidentimizning mazkur qarori nafaqat tovar bozorlaridagi savdoni erkinlashtiradi, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatini ham yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ochig‘ini aytsak, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ana shunday ko‘mak kerak edi. Chunki mahalliy bozorlarimizda xorijda ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari yildan-yilga kengayib bormoqda. Ayniqsa, mebel sotadigan do‘konlarda. Kuzatuvlarimiz asosida bir fikrni aytmoqchimiz: poytaxtimizdagi mebel do‘konlarida sotilayotgan mahsulotlarning deyarli 100 foizi xorijda ishlab chiqarilgan. “Buni nimasi yomon?”, deyishingiz mumkin. Yomon tomoni shundaki, biz xorijdan mahsulot sotib olish evaziga mamlakatimiz valyuta zaxirasining kamaytiryapmiz. O‘zimizda qolishi kerak bo‘lgan pullar xorijlik ishlab chiqaruvchilar cho‘ntagiga ketyapti. Yana ham soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, biz O‘zbekistonda turib xorijlik ishlab chiqaruvchining oilasini boqyapmiz. Umid qilamizki, Iqtisodiyot vazirligi huzurida tuzilayotgan markaz xorijga oqib ketayotgan pullarimizni o‘zimizda qoldirishga zamin yaratadi. Tadbirkorlarimizga import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishga rag‘batlantiradi.

Xulosa o‘rnida bir voqeani aytib bersam. Yaqinda nufuzli davlat idorasida ishlaydigan tanishim Yaponiyada o‘qiyotgan o‘g‘liga “Bizda ham ishlab chiqarish korxonalari rivojlanyapti. O‘zimizning mahsulotlarimizni Yaponiyaga sotishning biror imkonini qidirsang bo‘lmaydimi?”, deb maslahat solibdi. Yaponiyada tahsil olayotgan o‘g‘il esa “Yaponlar faqat o‘zlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni olishadi”, deb javob qaytaribdi. Istardikki, yaonlarda shakllangan ana shu tafakkur bizning ongimizga ham tezroq o‘rnashsa, “Xo‘rozqand chet elniki”, desa yotvolib yalaydigan odatimizdan tezroq voz kechsak... Shu fikrlarni aytyapmiz-u, yangi tuzilayotgan markaz zimmasidagi vazifalar naqadar mas’uliyatli ekanini ich-ichimizdan anglayapmiz. Ishonamizki, markaz ana shu vazifani sharaf bilan uddalaydi.

To‘rabek NAZAROV,

O‘zLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisi,

“Toshkentmebel” korxonasi rahbari

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    1017
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+