Sho‘rlangan va qurg‘oqchil yerlarning har gektaridan 100-120 ming dollargacha foyda olishning imkoni bor

04.12.2017, 18:30

Sho‘rlangan va qurg‘oqchil yerlarning har gektaridan 100-120 ming dollargacha foyda olishning imkoni bor

Farg‘onada bo‘lib o‘tgan ilmiy amaliy konferensiya bizni ana shunday xulosa qilishga undadi

“...faqat bitta qishloq xo‘jalik ekiniga qaram bo‘lib qolmasdan, daromad, foyda nuqtai nazaridan o‘zini oqlamagan paxta maydonlarini qisqartirib, ularning o‘rniga nimaiki daromad keltirsa, nimaiki eksportbop bo‘lsa, nimaiki odamlar hayotini farovon qiladigan bo‘lsa, ayni shu ekinni ekamiz. Lekin bu ishlarni izchil va samarali amalga oshirish, ularning pirovard natijasini ta’minlash uchun barcha mas’uliyat va javobgarlikni faqat ijro organlariga tashlab qo‘yish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu masalalarda tadbirkor va ishbilarmonlar, fermerlar, xususiy mulk, jumladan, intellektual mulk egalarining huquq va manfaatlarini himoya qilaman, deb maydonga chiqqan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining o‘rni va ishtiroki, amaliy ta’siri aniq sezilishi zarur.”

Davlatimiz rahbari bu fikrlarni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan bo‘lgan  videoselektor yig‘ilishida aytgan edilar.

Ochig‘ini aytamiz: parlamentimiz tarixida tub burilish yasagan mazkur yig‘ilish va unda belgilangan vazifalar haqida juda ko‘p va xo‘p yozdik. Ayniqsa, deputatlarning o‘z saylovchilari bilan uchrashayotgani, xalq bilan muloqot qilishi va aholini o‘ylantirayotgan muammolarga yechim topayotgani haqida kunda-kunora davriy va internet nashrlari orqali o‘qib boryapmiz. Ammo ma’ruzada tilga olingan boshqa masalalar bo‘yicha yozishga ulgurmaganimiz rost. Inchunun o‘sha uchrashuvda belgilab berilgan vazifalarni bajarish uchun siyosiy partiyalar ham, davlat tashkilotlari ham o‘zlarini tayyorlab olishlari kerak edi. Reja tuzib, hamkorlik hujjatlari va qo‘shma dasturlar ishlab chiqish va taraqqiyotimizning yangi bosqichiga moslashish hammamizdan ozgina vaqt talab etgani rost gap. Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni esa mazkur yig‘ilishda tilga olingan masalalar mamlakatimiz taraqqiyotining bir-ikki yillik rivojlanish dasturi emas. Unda belgilangan vazifalar besh-o‘n yillarga tatiydi.

Vaqt o‘tgani sayin, oldimizda qo‘yilgan vazifalarning ulkanligini anglaganimiz sari partiyamizning nafaqat siyosiy hayotda, balki ijtimoiy hayotda ham faol bo‘lishi kerakligini tushinib boryapmiz. Jumladan, agrar sohada ham. Partiyamiz mazkur yo‘nalishda yangi g‘oyalar bilan maydonga chiqishi, soha mutaxassislari, olimlar va ekspertlar bilan mustahkam hamkorlik qilishi va shu orqali asosiy elektoratimiz bo‘lgan – fermer va yer egalariga yelkadosh bo‘lishi lozimligini borgan sari teranroq anglayapmiz.

“Markaziy Farg‘onada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish istiqbollari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani ana shunday xulosalarimizni yanada musthkamladi. O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston fanlar akademiyasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjuman partiyamizning yerdan foydalanish masalasida mas’uliyati yuksak ekanini yana bir bor namoyish etdi.

– O’zLiDeP fermerlar, intellektual mulk egalari va ijro hokimiyati vakillari uchun muloqot maydonini yaratib berishi kerak, – deydi partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi B.Yakubov. – Xususan, Markaziy Farg‘onadek iqlim sharoiti og‘ir, yerning unumdorligi past bo‘lgan hududlarda ekin ekishda olimlar bilan maslahatlashib, ularning tavsiyalari bilan yerga urug‘ qadasak nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Bu bir tarafdan tadbirkorlik sub’ektlari – fermerlarning yerdan ko‘proq daromad olishlarini ta’minlasa, ikkinchi tomondan yerlarning meleorativ holatini yaxshilash, sho‘rlanish darajasini kamaytirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish imkonini yaratadi. Ko‘r-ko‘rona sho‘rlangan va qurg‘oq yerlarda ham paxta yoki g‘alla ekadigan davrlar o‘tib ketdi.

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida nafaqat agrar sohadagi, balki barcha tizimdagi muammolar ochiqchasiga muhokama etilyapti, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq taklif-tavsiyalar, fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlanmoqda. Farg‘onada o‘tkazilgan ilmiy-amaliy amaliy konferensiyada ham ana shu ruhni sezish mumkin edi. Amaliy muloqotlarda o‘rtaga tashlangan har bir fikr qizg‘in muhokama etildi. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur tadbirda qatnashgan ma’ruzachi ham, tashkilotchi ham, tinglovchi ham zerikib qolmadi.

– Konferensiyada aytilgan har bir fikrni yon daftarimga qayd etib bordim, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Islomjon Zokirov. – Yana bir fikrni e’tirof etsam: iqlim sharoiti og‘ir, sho‘rlangan yerlarda tadbirkorlik qilayotgan elektoratimiz vakillariga imtiyozlarni yanada ko‘paytirish tarafdoriman. Shuningdek, suvsizlikka chidamli ekinlarni ekib dehqonchilik qilayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Ularga qonunchilik yo‘li bilan ko‘rsatilgan har qanday ko‘mak agrar soha taraqqiyotini kafolatlaydi. Bu yo‘nalishda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi O’zLiDeP deputatlik guruhi imkoniyatlaridan ham kengroq foydalanamiz.

Konferensiyada Markaziy Farg‘onada yerlarning sho‘rlanish darajasini kamaytirishga xizmat qiladigan va suvsizlikka chidamli ekin turlari haqida ham so‘z bordi. Olimlar va soha mutaxassislarining fikricha, hududda pista, yong‘oq, chilonjiyda, oq jo‘xori, daykon, chuchukmiya, goji singari ekinlarni ekish ham katta daromad keltiradi, ham Markaziy Farg‘ona iqlim sharoitlariga to‘la mos keladi.

– Pista boshqa o‘simliklar o‘sa olmaydigan suvsiz joylarda ham meva beradi, – deydi O‘zbekiston fanlar akademiyasi xodimi Qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi Akrom Abdurahmonov. – Ming yildan ziyod yashaydigan pista daraxti bargidan ildiziga qadar inson salomatligi uchun juda foydali. Mag‘zida 60 foizgacha yog‘, 20 foiz oqsil, qand moddalari va inson uchun foydali o‘nlab mikroelementlar bo‘lib, yuqori kaloriyali parhez mahsulot hisoblanadi. Inson tanasida xolesterin miqdorini me’yoriga solish, prostata va ko‘krak bezi saratonining oldini olish xususiyatiga ham ega. Jazirama, quruq ob-havoga va sovuqqa chidamli bu daraxtlar tabiatni asrash, mikroiqlimni yaxshilashga ham ijobiy ta’sir qiladi. 

Konferensiya ishtirokchilari pistachilikni serdaramod soha ekaniga alohida e’tibor qaratishdi. Ta’kidlanishicha, 1 kilogram pistaning jahon bozoridagi narxi 10 dollardan 24 dollargacha baholanadi. Jumladan, 1 kilogarm pista Chexiyada 11, Turkiya va Germaniyada 12 dollardan sotilmoqda.

To‘g‘risini aytamiz: konferensiya tugagandan so‘ng Markaziy Farg‘onada yetishtirish mumkin bo‘lgan mahsulotlarning dunyo bozoridagi narxlari bilan qiziqdik. Bilganlarimizni aytsak, konferensiya ahamiyatini siz ham teranroq his etsangiz kerak. Darvoqe, maqolamizning qolgan qismini tushunishingiz uchun qo‘lingizga kalkulyator olishingizga va biz yozgan raqamlar ustida qo‘shish va ko‘paytirish amallarini bajarishingizga to‘g‘ri keladi. Monitorida paydo bo‘layotgan raqamlar konferensiyaning ahamiyatini tushunishingizga yordam berishiga mana biz kafilmiz. 

O‘zbekiston fanlar akdemiyasi tomonidan Markaziy Farg‘ona yerlarida ekish tavsiya etilgan yong‘oqning 1 kilogrammi AQShda naqd 14 dollardan sotilyapti. 15-20 yoshli bir tup yong‘oq daraxti 180-200 kilogram meva berishini inobatga olsak, bitta yong‘oq daraxtidan 2800 dollargacha daromad olish mumkin. Endi shunday daraxtdan o‘nta bo‘lsa-chi, yuzta bo‘lsa-chi...

Hududda ekish tavsiya etilgan daraxtlardan yana biri – Chilonjiyda. 400 yildan ortiq yashaydigan 44 gradus saraton va 28 gradusli qahratonda ham chidamli bu o‘simlik yozyovonlik fermerlar uchun daromad “kaliti”dir. Chilonjiydaning dunyo bozoridagi narxini bilasizmi? 8-10 dollar atrofida. Bir tup chilonjiyda 1 tonnagacha hosil beradi. Qolganini o‘zingiz hisoblayvering.  

Kunda ko‘rib ko‘zimiz o‘rganib qolgan oq jo‘xori ham yozyovonlik tadbirkorlarning cho‘ntagini pulga to‘ldirishi aniq. Dunyo bozorida oq jo‘xorining bir kilogrami 4-8 dollar turadi. Yaxshi omilkor bo‘lsangiz, bir gektar yerdan 20 tonnagacha hosil olasiz.

Yuqoridagi raqamlardan shunday xulosaga kelamiz: sho‘rlangan va qurg‘oqchil yerlarning har gektaridan 100-120 ming dollargacha foyda olishning imkoni bor. Ishonmasangiz, yuqoridagi raqamlarni yana bir bor ko‘zdan kechiring, hisoblab chiqing. “Nega bu haqida oldinroq o‘ylamagan ekanmiz?” deyapsizmi. Konferensiya ishtirokchilari ham ayni shu fikrda. Ular ham xuddi siz va biz kabi Prezidentimizning “foyda nuqtai nazaridan o‘zini oqlamagan paxta maydonlarini qisqartirib, ularning o‘rniga nimaiki daromad keltirsa, nimaiki eksportbop bo‘lsa, nimaiki odamlar hayotini farovon qiladigan bo‘lsa, ayni shu ekinni ekamiz” degan fikrlari oqil, odil va to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qilishdi.

Konfenrensiya so‘nggida aytilgan fikr bilan maqolamizga ham yakun yasaymiz. “O’zLiDeP har bir hududning tibbiy iqlim sharoiti, yer unumdorligi va suv manbalarini inobatga olgan holda bu kabi ilmiy-amaliy uchrashuvlarni o‘tkazishga alohida e’tibor qaratadi.” Oddiy qilib aytganda, O’zLiDeP ilmiy jamoatchilikning intellektual salohiyatidan keng foylangan  holda o‘z elektorati daromadlarini yanada ko‘paytirishga astoyidil bel bog‘lagan. Demak, bu kabi konferensiyalar hali boshlanishi. Hali partiyamizning yerdan samarali foydalanish haqidagi amaliy ishlari haqida ko‘p yozamiz. Bizni kuzatishda davom eting!

Hasan SALOMOV,

O’zLiDeP matbuot xizmati    

 

  • Ko'rildi
    3999
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+