Odamlarni rozi qilsakkina, obro‘-e’tibor qozonamiz

16.11.2018, 17:30

Odamlarni rozi qilsakkina, obro‘-e’tibor qozonamiz

Bugungi davr nainki elektorat, balki aholining barcha qatlamlari bilan faol ishlashni taqozo qilmoqda. Keng omma bilan uzluksiz muloqot o‘rnatmagan har qanday siyosiy institut oxir-oqibat mavqeini yo‘qotishi aniq. O‘zLiDeP o‘zining jamiyatdagi mavqei va mas’uliyatidan kelib chiqib, xalq bilan muloqotni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishi deb bilmoqda.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi apparati hamda partiyaning barcha hududiy tashkilotlari va deputatlik korpusi vakillaridan iborat ishchi guruhlar o‘tgan oylar mobaynida  “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan hududlar aholisi bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazganini alohida qayd etish zarur.  Mazkur tadbirni amalga oshirish orqali partiya o‘z oldiga dasturga kiritilgan barcha mahallalarni qamrab olish va xonadonlar egalari bilan bevosita muloqot qilib, muammolarni aniqlash va ularga yechim topish, tadbirkor va fermerlarga ko‘maklashish, xususiy biznes yanada rivojlanishiga xalal berayotgan g‘ovlarni bartaraf etish, hududlarning ichki imkoniyatlarining ishga solinishiga yordamlashish singari yirik va mas’uliyatli vazifalarni qo‘ygan edi.  Shuning barobarida tashabbuskor partiya liderlarini saralab, o‘qitish hamda siyosiy kuchning dasturiy g‘oya va maqsadlarini ommalashtirish ham diqqat markazida bo‘ldi. E’tirof etish kerakki, safdoshlarimiz ana shu qiyin ishlarning uddasidan chiqa oldi. Fikrimiz tasdig‘i sifatida ba’zi raqamlarga murojaat qilish maqsadga muvofiq. Maslakdoshlarimiz mazkur jarayonda deyarli 24 mingta xonadonga kirib borishdi, o‘n minglab insonlar bilan muloqotga kirishishdi.  Bu uchrashuvlarda yurtdoshlarimiz turli-tuman muammolarni tilga oldilar.

Jumladan, tomorqasida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun bankdan kredit olishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan 622 nafar fuqaro sarmoya olishga muvaffaq bo‘ldi. 1 022 nafar ishbilarmon ham partiyadoshlarimiz ko‘magida moliya muassasalaridan kredit oldi. Gaz, elektr, ichimlik suvi ta’minoti, avtomobil yo‘llarini sozlash bilan bog‘liq 4 778 ta masala hal qilindi. Ijtimoiy muhofazaga taalluqli 1 423 ta muammo ham yechim topdi. Shuningdek, 431 nafar tadbirkor  faoliyatidagi og‘riqli nuqtalarga to‘la barham berildi. Ishchi guruh aralashuvi bilan 1 977 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirilgani ham diqqatga sazovor.

Partiyamiz faollari bir fikrda yakdil: odamlarni rozi qilsakkina, mavqeimiz yuksaladi.  El koriga yarayotganimizni, yurtdoshlarimizning bizga ishonchi yanada oshganini shundan ham bilish mumkinki, muloqotlar davomida 336 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti ochilib, siyosiy kuch safiga 120 mingdan ziyod yangi a’zo qo‘shildi.   

Sir emas, har qanday partiyaning quvvati uning a’zolari soni bilan ham belgilanadi. Quvonarlisi, 15 yilligimiz arafasida safimizga 500 minginchi a’zo qo‘shildi – Sirdaryo viloyatidagi “Hoji Bahodirxon ota” korxonasi rahbari Hasan Jab­borovning xayrixohligi tufayli partiyamiz yarim million tarafdorga ega qudratli siyosiy kuchga aylandi. E’tirof etmoq joizki, Hasan Jabborov yurtimizning eng faol, tashab­buskor va faoliyatiga innovatsion g‘oyalarni tatbiq qilayotgan tadbirkorlardan biri. U joriy yil “Asaka” bank viloyat filiali ajratgan mab­lag‘ hisobiga 2 gektar maydonda Janubiy Koreya texnologiyasi asosida pomidor yetishtiruvchi 2 ta issiqxona barpo etdi.

Albatta, biz erishilgan natijalardan qanoat hosil qilib, xotirjamlikka berilib qolmasligimiz lozim. Xususan, xalq ichiga yanada chuqurroq kirib borishimiz, ularning dardu tashvishlaridan yanada yaxshiroq xabardor bo‘lishimiz, yelkadosh bo‘lishimiz zarur.  Ana shundagina tarafdorlarimiz, xayrixohlarimiz, bizni astoydil qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘payadi, safimiz yanada kengayadi.

Jamoliddin MELIBOYEV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qo‘mitasi apparat rahbari

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    845
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+