Tibbiyot sohasidagi muammolar va istiqboldagi rejalar fraksiya yig‘ilishida muhokama etildi

21.11.2018, 09:57

Tibbiyot sohasidagi muammolar va istiqboldagi rejalar fraksiya yig‘ilishida muhokama etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi islohotlar natijalarini tahlil qilish va istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishidan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlangan O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Davlatimiz rahbarining taklifi bilan sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholini sifatli dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash borasidagi islohotlarni amalga oshirish ustidan qat’iy parlament nazoratini o‘rnatish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi zimmasiga yuklatilgan. Ko‘rilayotgan qator chora-tadbirlarga qaramasdan bu sohadagi faoliyat kutilgan natijalarni bermayapti. Bugun sohada olib borilayotgan ishlar talab darajasida emas. O‘tgan vaqt davomida tizimdagi mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish, sohani rivojlantirishga xizmat qiladigan qonunchilik bazasini takomillashtirish borasida yetarlicha ishlar amalga oshirilmadi, parlament nazorati imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmadi.

Olis tumanlardagi aholi hanuzgacha tub o‘zgarishlarni, islohotlarning natijalarini amalda o‘z hayotida his qilmayapti. – Biz deputatlar hududlarga borganimizda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimi, tuman markaziy shifoxonalarining moddiy-texnik bazasi va malakali kadrlar bilan ta’minlanish darajasi bugungi kun talabiga hali javob bermasligini o‘zimiz guvohi bo‘lib turibmiz. Onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarda ham kamchiliklar ko‘p. Joriy yilning to‘qqiz oyida respublika bo‘yicha 108 ta onalar o‘limini qayd etilganligi, ayniqsa bu ko‘rsatkichni Samarqand (14 ta) va Surxondaryo viloyatlarida (14 ta) yuqoriligicha qolayotganligi achinarli xoldir. Joriy yilning to‘qqiz oyida qariyib 5 mingga yaqin bir yoshgacha bolalar o‘limi sodir bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich Andijon (615 ta), Namangan (539 ta), Xorazm (340 ta) viloyatlarida yuqoriligicha qolmoqda. Mazkur masalada Davlatimiz rahbari tomonidan mutasaddi rahbarlarga bu salbiy holatlarni sabablarini puxta o‘rganish, tanlov asosida xizmat tekshiruvlarini tashkil etish va tahlil qilish, zarur hollarda, natijalarini huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etish vazifasi topshirildi. Bu borada fraksiya a’zolari tomonidan o‘z saylov okruglarimizda aholi o‘rtasida keng targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishimiz kerak bo‘ladi. Chunki, ayrim holatlarda bunday salbiy holatlarning qayd etilishiga tibbiy savodxonlikning yetishmasligi, oiladagi ma’naviy muxitning nosog‘lomligi, oila a’zolarining befarqligi tufayli insonning o‘zi ham sababchi bo‘lib qolmoqda.

Ayrim hududlarda yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolash ishlari ham qoniqarli emas. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida gepatit, o‘pka sili bilan kasallanish soni respublika bo‘yicha 20 foizgacha kamaygan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda salbiy ko‘rsatkichlar saqlanib qolmoqda. Prezidantimizning topshiriqlari bilan yil yakuniga qadar Qashqadaryo viloyatidagi 0-18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni virusli gepatitning “A” turiga qarshi emlash uchun 10 mlrd. so‘m ajratiladigan bo‘lindi.

2019 yil 1 apreldan boshlab, tajriba sinovi tariqasida, 14 ta hududda 1 tadan tuman tibbiyot birlashmasida aholi jon boshiga va statsionar sharoitda davolanganlar sonidan kelib chiqib, samarali va manzilli moliyalashtirish joriy etiladigan bo‘ldi. Shu o‘rinda fraksiya a’zolari tomonidan mazkur masalada deputatlik va parlament nazoratini amalga oshirishga kelishib olindi. Shuningdek, fraksiya a’zolari tomonidan ijrosi kechikayotgan investitsiya loyihalari, shu jumladan 6 ta respublika tasarrufidagi hamda 13 ta hududiy bo‘ysinuvdagi sog‘liqni saqlash ob’ektlarini qurilish-ta’mirlash ishlari ustidan parlament nazoratini olib borish zarurligi ham ta’kidlab o‘tildi.

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, mamlakatimizda majburiy tibbiy sug‘urta tizimini 2021 yildan boshlab, bosqichma-bosqich joriy etish choralarini ko‘rish nazarda tutilmoqda.

Shu munosabat bilan “Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi Qonun va tegishli qonunosti hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish masalasida fraksiya a’zolari tegishli vazirlik va idoralar, soha xodimlari, olimlar ishtirokida davra suhbatlarini o‘tkazishni, mazkur masalada xalqaro tajribani puxta o‘rgangan holda maxsus ishchi guruhiga o‘zining tegishli takliflarini taqdim etishga qaror qildi.

Xususiy tibbiyot muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, ayniqsa Samarqand viloyatida ularning sonini 2019-2020 yillarda 500 taga yetkazish chorasini ko‘rishda fraksiya a’zolari, partiyamiz faollari elektoratimiz vakillarini, yirik tadbirkorlarni bu ishga jalb qilishda, berilayotgan imtiyozlar haqida tushuntirish ishlarini olib borishda faol ishtirok etadilar.

Tadbirkorlarga kichik va zamonaviy xususiy tibbiyot muassasalarini tashkil etish uchun Toshkent shahrida barpo etilayotgan “Business city”lar hududidan joy ajratiladigan bo‘ldi, shuningdek poytaxtdagi Respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining bo‘sh turgan bino va inshootlari bazasida va yer maydonlarida davlat-xususiy sherikchilik asosida xususiy tibbiyot muassasalarini tashkil etish vazifasi ham topshirildi. Tibbiyot sohasidagi bu yangiliklarni, imkoniyatlarni keng jamoatchilikka yetkazish, sohada amalga oshirilayotgan yangi islohotlarni ijrosini ta’minlashda, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirishda fraksiyamiz a’zolari, partiyamiz faollari faol ishtirok etishiga ishonamiz.

Mavluda XODJAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    3012
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+