Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Z.Xaniyazov saylovchilar bilan uchrashdi

22.11.2018, 15:15

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Z.Xaniyazov saylovchilar bilan uchrashdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi  Z.Xaniyazov bir necha kun davomida 7-sonli “Orol” saylov okrugidagi  saylovchilar bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rgandi va hal etish choralarini ko‘rdi.

Jonli muloqotlar Qo‘ng‘irot tumanidagi “Azatlik”, “O‘rnek”, “Qiyot”  ovul fuqarolar yig‘inlaridagi oilaviy poliklinikalar faoliyati va xizmat ko‘rsatish sifatini ko‘zdan kechirishdan boshlandi.

Aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar davomida Qo‘ng‘irot tumani “Turkistan” MFYda yashovchi G‘ulomjon Ibodullayev yashash uchun boshpanasi yo‘qligi, har yerda ijarada yurganini aytib, uy-joy bilan ta’minlashda ko‘mak so‘radi. Deputat aralashuvi bilan Qo‘ng‘irot tuman hokimligi tomonidan kommunal uy-joy fondiga tegishli bo‘lgan yotoqxonadan unga 2 xonali turarjoy ajratib berildi.

–Ko‘p yillardan buyon ijarada turaman, – deydi G‘.Ibodullayev. –Ochig‘i, u yoqdan, bu yoqqa ko‘chishdan rosa charchagan edim. Deputatimizga rahmat, muammoyimizni hal etib, mushkulimizni oson qildi.

Shuningdek, tumandagi “Adebiyat” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi  Shavkat Boltaboyev qizini Toshkent shahriga olib borib davolatishda yordam so‘ragan edi. Ushbu masala ham mutasaddilar bilan joyida hal etilib, fuqaroga qizini davolatish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi bolalar kasalxonasiga yo‘llanma berildi.

Fraksiyamiz a’zosining keyingi manzili Qanliko‘l tumani tibbiyot birlashmasi bo‘ldi. Bu yerda aholi salomatligini muhofaza qilishda yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha tegishli mutasaddilar bilan suhbatlashildi. Shundan so‘ng, “Kosjap” OFYdagi 22- maktabda o‘quvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. “KANTEKS INVEST” MChJ, qator fermer xo‘jaliklari faoliyatini o‘rganilib, elektorat vakillarining takliflari jamlandi.

Mo‘ynoq tumanidagi muloqotlar davomida hududda erishilayotgan yutuqlar barobarida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning sabablari ham tahlil qilindi.

Umuman, tashrif chog‘ida aholi murojaatlarining aksariyati joyida hal etildi, qo‘shimcha vaqt talab etadigan masalalar deputat nazoratiga olindi.

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston

Respublikasi Kengashi

matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1090
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+