O‘zLiDeP fraksiyasi Bosh qomusimizning 26 yilligi munosabati bilan davra suhbati o‘tkazdi

30.11.2018, 15:45

O‘zLiDeP fraksiyasi Bosh qomusimizning 26 yilligi munosabati bilan davra suhbati o‘tkazdi

Konstitutsiyamizda belgilangan qonun ustuvorligi prinsipi jamiyatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, barcha islohotlarni samarali amalga oshirishning muhim kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda shular haqida so‘z yuritildi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar Bosh qomusimiz xalqimiz qo‘lga kiritgan ulkan muvaffaqiyatlar, mamlakatimizning barqaror taraqqiyot yo‘liga chiqib olishida mustahkam zamin bo‘layotganini ta’kidladilar. Konstitutsiyada belgilangan inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi alohida qayd etildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi Konstitutsiyamizda belgilangan hayotiy normalarning amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu esa, yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Konstitutsiya jamiyat hayotining barcha sohalaridagi samarali islohotlar qatorida jamiyat iqtisodiy negizlarini shakllantirish, ayniqsa, shaxsning mulkka egalik qilish huquqi, shuningdek, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi orqali mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini kuchaytirishga imkon yaratdi.

Ushbu norma O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham o‘z ifodasini topgan bo‘lib, uning 53-moddasida qayd etilishicha, «xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir». Ushbu qoidaning amaliy ifodasi sifatida hozirda mamlakatimizda mulkni xususiylashtirish, tadbirkorlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Bosh qonunimizda aynan bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, iqtisodiy faoliyat olib borish, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan muhofaza etilishini kafolatlashi, shuningdek, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi qayt’iy belgilab qo‘yilgan.

Konstitutsiya yaratib bergan imkoniyatlar asosida keyingi yillarda mamlakatimizda xususiy mulk va investitsiyalar daxlsizligini ta’minlashning ishonchli huquqiy-me’yoriy asoslarini yaratish va ularning himoyasi uchun ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi, qurilish, savdo, xizmat ko‘rsatish sohasi singari tarmoqlar, uy-joy fondi to‘liq xususiy mulk egalari tasarrufiga o‘tkazildi. Iste’mol tovarlari ishlab chiqaradigan, oziq-ovqat, tikuvchilik mahsulotlari, to‘qimachilik, charm-poyabzal, mebel va farmatsevtika sanoati tarmoqlarida davlatning ulushi bir muncha ozaytirilgani shular jumlasidandir.

Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqanlar Konstitutsiyamiz fuqarolik jamiyatining tarkibiy qismi bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va siyosiy partiyalarning shakllanishi, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratganligini ham alohida ta’kidlashdi. Shu bilan birga, Konstitutsiya – qonun ustuvorligi hamda qonuniylik tamoyillarining so‘zsiz ta’minlanishi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning muhim kafolati ekanligi qayd etildi.

  • Ko'rildi
    996
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+