O‘zLiDeP faoli Germaniyadan uzumni qayta ishlaydigan texnologiya olib kelmoqchi

30.11.2018, 16:41

O‘zLiDeP faoli Germaniyadan uzumni  qayta ishlaydigan texnologiya olib kelmoqchi

Prezidentimiz shu yil Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida paxta maydonlarini qisqartirish evaziga meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, mahsulotlarni saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan korxonalar tashkil etish, eksportni kengaytirish bo‘yicha aniq toshiriqlar bergan edi. Shundan kelib chiqib, o‘tgan davr mobaynida viloyatda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Aytish joiz, bu yo‘nalishda viloyatning eng chekka tumani – Yangiobod tumanida ham istiqbolli loyihalar amalga oshirildi, yangi-yangi bog‘lar, ekinzorlar barpo etildi.

– O‘tgan yili olxo‘ridan 6 tonna hosil olgan edik, bu yil 10 tonnani mo‘ljallayapmiz, – deydi “Sovot mevazori” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Mavlonqul Tog‘ayev. – Daraxtlar changlanishini yaxshilash uchun asalarichilikni yo‘lga qo‘ydik. Hali bog‘imiz to‘liq mevaga kirgani yo‘q. Tokzor ham yangi. Agar ular to‘liq hosilga kirsa, daromadimiz bir necha barobar ortadi. Ayni chog‘da parrandachilik va chorvachilik yo‘nalishidagi yangi loyihalarni amalga oshirish ustida ish olib boryapmiz. 

Agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar faqat mahsulot yetishtirishda emas, balki uni saqlash, qayta ishlash va eksport qilish tarmoqlarida ham keng quloch yoymoqda. Masalan, “Sovotagrogold” MChJ 100 gektar maydonda uzum, 500 eksportbop sabzavot yetishtirishni hamda 1000 tonnalik meva-sabzavotni saqlash imkoniyatiga ega sovutgich qurishni rejalashtirgan.

Faqat shugina emas. Tumanda qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishda yer osti suvlaridan foydalanish imkoniyatlari ham keng. Shu maqsadda hozirgacha 50 ta quduq kovlandi, 2019 yilda ham 50 ta quduq qaziladi. Bu esa 45 ming gektar lalmi maydonni suv bilan ta’minlash imkonini beradi. 

“Yangioboduzumservis” MChJ tumandagi yer osti suvidan samarali foydalanayotgan xo‘jaliklardan. Jamiyat o‘z tasarrufidagi 4 ta quduqdan foydalangan holda, 295 gektarda uzum yetishtirayotir. Kelgusi yildan har gektar tokzordan 10 tonnadan uzum olishni mo‘ljallayotgan jamoa hosilning bir qismini saqlab qo‘yish uchun 177 million so‘mlik sovutgich qurmoqda. Hosilning qolgan qismini mayiz sifatida eksport qilish rejalashtirilgan. 

– Germaniyadan 135 million so‘mlik texnologiya keltirib, uzumni qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz, – deydi “Yangioboduzumservis” ish boshqaruvchisi O‘zLiDeP a’zosi Shuhrat Qo‘ldoshev. – Buning uchun bino ham hozirlab qo‘ydik. Shuningdek, 35 million so‘mga tok ustunlari – shpalerlar ishlab chiqaradigan uskuna keltirish bo‘yicha ham ish olib boryapmiz. Kelgusi yildan 95 gektar maydonda tomchilatib sug‘orishga o‘tamiz. 

Sardor ISAYEV,

O‘zLiDeP Yangiobod tuman

 Kengashi ijrochi kotibi

  • Ko'rildi
    1408
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+