Bosh qomusimiz xususiy mulk himoyasining ishonchli huquqiy asosidir

06.12.2017, 17:16

Bosh qomusimiz xususiy mulk himoyasining ishonchli huquqiy asosidir

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab AT “Qishloq qurilish bank” bilan hamkorlikda “Konstitutsiya huquq va manfaatlarimiz kafolati” mavzuida tadbir tashkil etildi.

Partiya fraksiyasi a’zolari, bank mutaxassislari, hamda partiya faollari qatnashgan tadbirda mustaqil taraqqiyot yillarida Konstitutsiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi. So‘zga chiqqanlar asosiy qonunimiz fuqarolik jamiyatining tarkibiy qismi bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va siyosiy partiyalarning shakllanishi, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun ham keng imkoniyatlar yaratib, saylov tizimining asosiy tamoyil va qoidalarini mustahkamlaganini alohida e’tirof etishdi.

Konstitutsiyada mustahkamlangan tamoyillardan biri – xususiy mulkning daxlsizligi va davlat himoyasida ekanligidir. Jumladan, Asosiy qonunimizning 53-moddasida qayd etilganidek, bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqiy ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.

Mazkur konstitutsiyaviy norma asosida  qabul qilingan qonunlar ayni paytga kelib chet el investitsiyalarini jalb etish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklovlarni bartaraf qilish, ularning faoliyatiga doir ruxsat berish tartib-taomillarini qisqartirish orqali asossiz xarajatlarning oldini olish, davlat boshqaruvi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga noqonuniy aralashuvini qat’iy cheklashga doir huquqiy asoslar yanada mustahkamlasha xizmat qilmoqda. Bu mamlakatimizda tadbirkorlik va mehnat erkinligi muhofazasiga oid konstitutsiyaviy me’yorlar amalda o‘zining to‘la ifodasini topayotganidan yana bir dalolatdir.

Haqiqatan ham yuqoridagi konstitutsiyaviy norma asosida ko‘plab qonunlar ishlab chiqilganligi keyingi vaqtlarda yurtimizda tadbirkorlikka bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirdi. O‘z navbatida sohaning huquqiy asoslari yanada takomillashtirilmoqda. Bunda davlatimiz rahbari tomonidan bayon etilgan Harakatlar strategiyasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, ushbu strategiyada tadbirkorlik faoliyati himoyasi, xususiy mulk muhofazasiga oid yangi qonunlar qabul qilishga oid ko‘plab vazifalar belgilangan. Albatta xususiy sektor rivojida mamlakatimizdagi tijorat banklarining sarmoyalari muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda mamlakatimiz moliya bozorida o‘z mavqeiga ega bo‘lgan aksiyadorlik-tijorat “Qishloq qurilish bank”ning alohida o‘rni bor. Mazkur bank konstitutsiya va shu asosda qabul qilinayotgan qonunlar asosida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Bu borada partiya bank bilan doimiy hamkorlik qilib kelmoqda. Zero, partiya aholining bank tizimiga ishonchini oshirish va omonatlarni rag‘batlantirish va ularni investitsiyalarga transformatsiyalash uchun bank sektorida islohotlarni chuqurlashtirish muhimligini ta’kidlaydi.

Qizg‘in va ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilish tarixi, uning demokratik huquqiy davlat barpo etish va inson manfaatlarini ta’minlashdagi ahamiyati, xalqchilligi, xalqaro huquq normalariga mosligi, o‘ziga xos jihatlari haqida atroflicha fikr almashildi.

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1254
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+