O‘zLiDeP tadbirida 23 nafar urganchlik ayolga bepul davolanish uchun yo‘llanma berildi

06.12.2018, 16:03

O‘zLiDeP tadbirida 23 nafar urganchlik ayolga  bepul davolanish uchun yo‘llanma berildi

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” “Yoshlar qanoti” bilan hamkorlikda “O‘zLiDeP – sog‘lom turmush tarafdori” shiori ostida tibbiy ko‘rik tashkil etdi.

Tadbir davomida 250 nafarga yaqin xotin-qiz, nogironligi bo‘lgan fuqarolar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oila a’zolari hamda yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan qariyalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.     

–Yoshlar va ayollar uchun tibbiy ko‘riklar tashkil etish juda muhim, – deydi O‘zLiDeP viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Shahnoza Yakubova. – Sababi, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami tibbiy tekshiruvlardan o‘tishga qiynaladi. Bu esa oddiy kasalliklarni ham jiddiy tus olib ketishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, yoshlar salomatligini tiklash va mustahkamlash, ularning o‘z sog‘liqlariga e’tiborli bo‘lishga o‘rgatishda ko‘maklashishimiz lozim.   

Shu kuni partiya faollarining tashabbusi bilan Urganch shahar “Shifokor Yuldasheva Mehribon xususiy korxonasi”da ham  tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

– Bizga qaratilayotgan e’tibordan juda xursandmiz, — deydi Urganch tumani Chakkako‘l mahallasida yashovchi Nargiza Ro‘zmetova. – Ko‘p vaqtdan beri ovqat hazm qilishim qiyinligi sababli og‘riq bilan yurardim. Bugun partiya ko‘magi bilan shifokor ko‘rigidan o‘tib, aniq tashxis bilan viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasiga yo‘llanma oldim. Shu bilan birga, kasallikni oldini olish bo‘yicha mutaxassislardan kerakli maslahatlarga ham ega bo‘ldim.

Ta’kidlash kerak, ko‘riklar davomida 18 nafar fuqaroda  buyrak kasalligi, 2 yurak yetishmovchiligi, 9 o‘t qopi kasalligi, 8 ayol homiladorlik, 11 lor kasalligi, 64 nafar ayolda esa kamqonlik tashxislari  borligi aniqlandi.

Ko‘rik yakunida aniqlangan kasalliklar bo‘yicha 23 nafar fuqaroga bepul davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.          

Musharraf RAXIMOVA,

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    1123
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+