Konstitutsiya – huquqlarimiz kafolati

06.12.2017, 17:41

Konstitutsiya – huquqlarimiz kafolati

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida “Konstitutsiya – mamlakatimizdagi liberal-demokratik islohotlarning asosi va garovi” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Unda partiya faollari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari, Sudyalar Oliy Kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot Markazi xodimlari, Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining professor-o‘qituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.        

Tadbirda ta’kidlanganidek, Asosiy qonunimiz ulkan tarixiy ahamiyatga ega noyob hujjat bo‘lib, unda suveren davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning muhim asoslari, inson huquqlariga, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat, fuqarolar tinchligi hamda millatlararo totuvlikni ta’minlashga oid tamoyillar mustahkam o‘rin olgan. Eng muhimi, uning qoidalari mamlakatimizda bosqichma-bosqich va izchil amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy islohotlar sari keng yo‘l ochdi.

Bosh qomusimizning xalqchil va insonparvar moddalari zamirida hayotimizning har bir jabhasida kechayotgan islohotlar, yurtimizdagi bunyodkorlik va obodonchilik ishlari, yurtdoshlarimizning turmush farovonligining ortib borayotgani, fuqarolar va millatlararo totuvlikning ta’minlanishi, ijtimoiy-madaniy rivojlanish, ta’lim, ilm-fan sohalaridagi ulkan muvaffaqiyatlarimiz aks etib turibdi. Ayniqsa, Konstitutsiyamizda mustahkamlangan normalarning hayotga izchil tatbiq etilishi natijasida davlatimizda xalq hokimiyati, qonun ustuvorligi, fuqarolarning teng huquqligi va qonun oldida birdek javobgarligi, hokimiyatning sud, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlariga bo‘linishi kabi prinsiplar ta’minlanib, mamlakatimizni izchil taraqqiy ettirish hamda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.

Tadbirda so‘z olgan partiyamiz faollari e’tirof etganidek, o‘tgan yillarda mamlakatimiz taraqqiyot bosqichlariga hamohang tarzda Konstitutsiyamizga ham muayyan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu esa mamlakatimizni yanada demokratlashtirish va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari Asosiy qonunimizning bir qator moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani mamlakatimizda siyosiy partiyalar rolini kuchaytirish hamda ko‘ppartiyaviylik tizimini rivojlantirish bo‘yicha oxirgi o‘n yillikda amalga oshirilgan­ demokratik o‘zgarishlarning mantiqiy davomi bo‘lgani alohida ta’kidlab o‘tildi. Buning natijasida jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning o‘rni va roli mustahkamlanmoqda, o‘z elektorati hayotini yanada yaxshilash bo‘yicha mas’uliyat va javobgarlik hissi oshmoqda.   

Tadbirda O‘zLiDePning Saylovoldi Dasturidagi qonun ustuvorligi, inson manfaatlarining oliy qadriyat ekanligi kabi dasturiy maqsadlar aynan Bosh qomusimizning asosiy tamoyillariga hamohang ekani ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan partiya yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, konstitutsiyaviy bilimlarini yuksaltirish, ularni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash O‘zLiDePning asosiy maqsadlaridan biri ekani e’tirof etildi.  

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga deputat va mutaxassislardan batafsil javob oldilar.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    7419
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+