O‘zLiDeP xorazmlik 2 nafar tadbirkorga 54 million so‘m imtiyozli kredit olib berdi

12.12.2018, 16:12

O‘zLiDeP xorazmlik 2 nafar tadbirkorga  54 million so‘m imtiyozli kredit olib berdi

Xabaringiz bor, joriy yilda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan partiyaning ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlari faoliyat  boshlagan edi. Ayni chog‘da mazkur guruhlar aholi tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni atroflicha o‘rgangan holda, ularga ijobiy yechim topib kelyapti.

Urganch shahrida yashovchi Sardor Zaripov “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi edi. Lekin ortiqcha hujjatbozlik, “yugur-yugurlar” Sardorni charchatdi. Oxir-oqibat u O‘zLiDeP viloyat Kengashiga murojaat qildi. Partiya yetakchilari muammoni atroflicha o‘rganib, S.Zaripovga “Asaka bank” Xorazm viloyat filialidan 27 mln. so‘m imtiyozli kredit olib berdi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Sardor non va non mahsulotlari ishlab chiqaradigan pech olib, Urganch shahrida o‘z sexini tashkil etdi. Mahallasidagi 2 nafar ishsiz yoshni ish bilan ta’minladi. Hozirda yosh tadbirkor kuniga 1000-1500 dona non va non mahsulotlari ishlab chiqarib viloyatdagi bir qator MTM va shifoxonalarga yetkazib bermoqda.

– “Har bir oila – tadbirkor” davlat Dasturi aholiga o‘z maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga katta yordam beryapti, – deydi O‘zLiDeP viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Doniyorbek Karimov. –Masalan, yaqinda Urganch tumani “Katta bog‘” mahallasida yashovchi Navro‘z Xasanov o‘z tomorqasida issiqxona barpo etish uchun imtiyozli kredit olishda ko‘mak so‘ragan edi. Oradan bir hafta o‘tmay, fuqaroga “Xalq banki” Urganch tuman filialidan 27 mln. so‘m imtiyozli kredit olib berdik.

Nilufar DJABBAROVA,

O‘zLiDeP Xorazm viloyat

Kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    359
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+