“Qirg‘iz”da 70 dan ortiq xonadon issiqxonani daromad manbaiga aylantirgan

14.12.2018, 16:01

“Qirg‘iz”da 70 dan ortiq xonadon  issiqxonani daromad manbaiga aylantirgan

O‘zLiDeP Chiroqchi tuman Kengashi “Har bir oila – tadbirkor” Dasturi doirasida “Qirg‘iz” MFY hududidagi “Qirgiz” qishlog‘ida uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida mahallada o‘z tomorqasida limon ekib daromad olayotgan 70 dan ziyod xonadon borligi aniqlandi. E’tiborlisi, aksariyat tomorqa egalari dastur doirasida imtiyozli kredit olib, limonchilikka qo‘l urishgan.

– O‘tgan yili 0,01 gektar yer maydoniga issiqxona tashkil etib, limon ko‘chati ekkan edik, – deydi shu mahallada yashovchi M.Murodova. –Hosil barakali bo‘ldi, yaxshi daromad oldik. Shu kunlarda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 17 mln. so‘mlik kredit olib, yana 0,03 gektar maydonga qo‘shimcha limon ko‘chatlari o‘tkazishni rejalashtiryapmiz.  

– “Har bir oila – tadbirkor” Dasturida aholiga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar taqdim etish bo‘yicha aniq, sodda va hayotiy normalar belgilangan, – deydi “Qirg‘iz” MFYning xotin-qizlar bo‘yicha mutaxassisi Zebo Jo‘rayeva. – Asosiysi, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha imtiyozli kreditni rasmiylashtirish uchun ortiqcha qog‘ozbozlik, yugur-yugurlar talab etilmaydi. Bu esa tadbirkorlar sonini oshirish va aholi bandligini ta’minlashda yaxshi samara bermoqda.  

Ma’lumot uchun, bugungi kunda “Qirg‘iz” MFYda 2 ming 912 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning aksariyati tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, oilasi daromadiga hissa qo‘shib kelayotir.  

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat

Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1503
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+