O‘zLiDeP deputati jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulklarini qayta xatlovdan o‘tkazishni taklif qildi

17.12.2018, 15:39

O‘zLiDeP deputati jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulklarini qayta xatlovdan o‘tkazishni taklif qildi

Joriy yilda Jizzax viloyati budjetining 80 foizi mahalliy budjetdan, 20 foizi esa subvensiya tarzida respublika budjetidan mablag‘ ajratilgan. 2019 yilda esa viloyat budjetining 90 foizi mahalliy budjetdan qoplanishi nazarda tutilgan.

Bu haqda Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida Moliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Darveshov ma’lum qildi.

–Joriy yilning 9 oyi davomida viloyatning mahalliy budjet daromadlari tushumi prognoz ko‘rsatkichi oshig‘i bilan bajarildi, – deydi Sh.Darveshov. – Shuningdek, mahalliy budjetdan mablag‘larning moliyalashtirilishini sohalar kesimida ko‘rib chiqib tahlil etilganda, ta’lim sohasida 468,5 mlrd.so‘m, iqtisodiyotda 191,2 mlrd.so‘m, kapital qo‘yilmalarga 48,7 mlrd.so‘m, ijtimoiy sohada 712,5 mlrd.so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. Bundan tashqari, ijtimoiy nafaqalar uchun 63,9 mlrd.so‘m mablag‘ to‘liq qoplangan.

Yig‘ilishda Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari hisobot yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Xususan, Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Erkin Xolmatov barcha jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulklarini qayta xatlovdan o‘tkazish, barcha tadbirkorlik sub’ektlarining soliq to‘lashdan qochib, yashirin faoliyat yuritishlarini oldini olish uchun monitoring o‘tkazish va tahlil qilish, ularni qayta xatlovdan o‘tkazish lozimligini aytdi.

Taklif atroflicha muhokama qilinib, ushbu masalani Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yig‘ilish so‘ngida Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari viloyat budjetining ijro etilishi ustidan qat’iy deputatlik va jamoatchilik nazoratini olib borishga kelishib oldi.

Saida UMARALIYEVA,

O‘zLiDeP Jizzax viloyat

Kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    896
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Юсуфов Мардонбек2018-12-26 18:06:57

Бу албата жуда яхши. Демак 2018 йилда вилоятимиз иқтисодий ўсиши кутилганидек яхши.


Fikringizni qoldiring

+