O‘zLiDePning Prezidentimiz Murojaatnomasidan kelib chiquvchi ustuvor vazifalari muhokama qilindi

08.01.2019, 17:59

O‘zLiDePning Prezidentimiz Murojaatnomasidan kelib chiquvchi   ustuvor vazifalari muhokama qilindi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining kengaytirilgan qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiquvchi asosiy vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Murojaatnomasidagi barcha fikrlar va tashabbuslar yagona ezgu maqsad – xalqimizning turmush sharoitini yaxshilash, mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, yangi erkin, obod va farovon O‘zbekistonni qurishga yo‘naltirilgan tarixiy hujjatdir. Unda barcha sohalarda ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishilgan 2018 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar sarhisob qilinib, 2019 yilda uning davomiyligi yuzasidan dasturiy yo‘nalishlar belgilab berildi.

Mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2019 yilga “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nom berilgani O‘zLiDeP zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi. Xususan, Murojaatnomada belgilangan qonun ustuvorligi, adolat va liberalizm tamoyillariga asoslangan ochiq iqtisodiyot, sog‘lom raqobat, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, jamiyat intellektual kapitalini yuksaltirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash va ular bilan aholini qamrab olinishini kengaytirish, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, munosib turar joy, ish bilan ta’minlash va farovonligini oshirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, ochiqlik, o‘zaro teng va manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan tashqi siyosiy faoliyat samaradorligini yanada oshirish kabi strategik ahamiyatga ega vazifalar mamlakatimizni nafaqat yaqin kelajakda, balki uzoq muddatlarda ham raqobatdoshligini, barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ushbu mamlakatimiz har bir fuqarosining, avvalambor tadbirkorlar  va ishbilarmonlar, fermerlar, xususiy mulk egalari haq-huquqlari va qonuniy manfaatlari, orzu-istaklari bilan mushtarak bo‘lgan vazifalardan kelib chiqib, O‘zLiDeP ham o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqdi.

Qayd etilganidek, faol investitsion siyosat yuritmasdan, faol tadbirkorlik muhitini yaratmasdan turib, iqtisodiy taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tishning eng maqbul va o‘z navbatida, murakkab yo‘li aynan iqtisodiyotga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish, buning uchun qulay sharoit yaratish masalasiga borib taqaladi. Natijada mamlakat iqtisodiyotini yuqori bosqichga olib chiqadi, aholining turmush tarzi yaxshilanib, ming-minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 

Murojaatnomada tilga olingan mazkur fikrlardan kelib chiqib,  O‘zLiDeP mamlakatimizga investitsiyalarni faol jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobidan iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish, investorlarga qulay muhit yaratib berish, ularga erkin iqtisodiy zonalari va kichik sanoat zonalarida o‘z tadbirkorligini boshlashlariga yaqindan ko‘maklashish va bu orqali ko‘plab yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan turli partiyaviy loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan.

Shu bilan bir qatorda mamlakatimiz iqtisodiyotini eng yuqori bosqichga olib chiqishda asosiy omillardan biri bo‘lgan “eksportga yo‘naltirilgan, raqamli, aqlli va innovatsion iqtisodiyot”ga o‘tish, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy sektorni jadal rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, “yashirin” iqtisodiyotga qarshi kurashish, barqaror monetar siyosatni amalga oshirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishda partiyaning munosib ishtirokini ta’minlash muhim vazifalaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Qolaversa, O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda fermerlarning qishloq xo‘jaligi sohasidagi bilimini oshirish, paxta, g‘alla, meva-sabzavot va boshqa yo‘nalishlardagi klasterlar faoliyatini har tomonlama rivojlantirish kabi sohalarda dasturlarini ishlab chiqish hamda amaliyotga samarali tatbiq etish partiyaning 2019 yilga mo‘ljallangan ish rejasidan o‘rin olgan.

Murojaatnomada alohida tilga olingan “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturlari ijrosini to‘laqonli yuzaga chiqarishda ishbilarmonlar manfaatini himoya qilib kelayotgan O‘zLiDeP ham munosib hissa qo‘shayotganini alohida ta’kidlash joiz. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ham mamlakatimizning barcha hududlarida partiya quyi bo‘g‘inlari, deputatlik guruhlari va elektoratimiz ko‘magida xayr­li ishlar amalga oshirildi. Joriy yilda ham davlatimiz rahbarining mazkur dasturlarini to‘liq ijrosini ta’minlashda bor kuch-g‘ayratini safarbar etishi partiyaning galdagi faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olindi.

O‘zLiDeP, Murojaatnomada ta’kidlangan masala – yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, yoshlar va xotin-qizlarni  tadbirkorlikka jalb etish orqali ularning bandligini ta’minlash borasidagi ishlarga ham alohida e’tibor bilan yondashadi. Zero, bu partiya dasturi va saylovoldi Platformasidagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Tadbirda partiya bu yo‘nalishda ham bir qator yangi loyihalarni rejalashtirayotgani ta’kidlab o‘tildi. 

Qayd etildiki, Murojaatnomada barcha sohalar kabi milliy parlament va mahalliy kengashlar, siyosiy partiyalar faoliyatini yanada yuqori bosqichga olib chiqish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, joriy yilda parlament va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda faol ishtirok etib, barcha vakillik organlarida munosib o‘rinlarni egallashga bor kuchini safarbar etadi.

Tadbirda davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida bildirilgan fikrlardan kelib chiqilgan holda O‘zLiDeP tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

 O‘zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1506
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+