O‘zLiDeP fraksiyasi Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan davra suhbati tashkil etdi

14.01.2019, 11:39

O‘zLiDeP fraksiyasi Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan davra suhbati tashkil etdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligini yigirma yetti yillik bayrami munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi. Unda deputatlar, parlamentning Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi faollari, Mudofaa vazirligi harbiylari, Qurolli Kuchlar Akademiyasi hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Mamlakatimiz mudofaa tizimida tub islohotlar amalga oshirilayotganligi natijasida jangovarligi, taktik mahorati jihatidan hech kimdan kam bo‘lmagan tezkor va ixcham, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlangan milliy armiyamiz shakllanib, harbiy xizmat nafaqat burch, balki sadoqat, matonat va jasorat maktabi, milliy armiyamiz esa, jamiyatimizning ajralmas qismiga hamda o‘sib kelayotgan yosh avlod va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning faol hayotiy pozitsiyasini mustahkamlash, mamlakat kelajagi uchun fuqarolik mas’uliyati hissini oshirishga xizmat qilib kelmoqda.

O‘tgan davrda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini rivojlantirish, tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik bazasi mustahkamlandi. O‘zbekiston Respublikasining «Mudofaa to‘g‘risida», «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida», «Muqobil xizmat to‘g‘risida»gi Qonunlari, yangi tahrirda O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi qabul qilinganligi, milliy armiyamizni tashkil etish va rivojlantirishda asosiy poydevor vazifasini bajarganligi deputatlar tomonidan alohida qayd etib o‘tildi.

Harbiy sohada amalga oshirilgan islohotlarning yana bir muhim jihati, harbiy kadrlar salohiyatini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilganligidadir. Negaki, malakali kadrlar tizimini shakllantirish bevosita harbiy xizmatchilarning professional, jangovar, intellektual darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Tarixga nazar tashlasak, istiqlol yillarida mamlakatimiz hududida joylashgan uchta oliy harbiy bilim yurtlarida faqatgina uchta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassis tayyorlanib, mahalliy ofitserlar yurtimizdagi harbiy kadrlarning bir foizini ham tashkil etmagan. Hozirga kelib esa, Qurolli Kuchlar akademiyasida yettita, Mudofaa vazirligining oltita oliy harbiy ta’lim muassasalarida 28 yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali ofitser kadrlar, serjantlar tayyorlash maktablarida 26 yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha serjantlar tayyorlanmoqda. Qurolli Kuchlar Akademiyasi huzurida qo‘mondonlik va boshqaruv tarkibi bo‘lgan ofitserlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha Oliy kurslar tashkil etilib, ta’lim bosqichma-bosqich va uzluksiz ta’minlanmoqda.

Oxirgi ikki yil davomida olib borilgan islohotlar natijasida Qurolli Kuchlar birlashmalarining vazifa va tuzilmalari qayta ko‘rib chiqilib, harbiy boshqaruv tizimi optimallashtirildi, jangovor samaradorligi bo‘lmagan, bir birini takrorlovchi tuzilmalar o‘rniga jangovor brigadalar tashkil etildi. Armiyani yangi qurol-aslaha va zamonaviy harbiy texnika bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Rivojlangan mudofaa sanoati innovatsion va yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Bu borada mamlakatimizdagi barcha turdosh korxonalarni birlashtirgan Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasining tashkil qilinishi milliy mudofaa-sanoat kompleksini shakllantirish yo‘lidagi birinchi va eng muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Iqtisodiyotning to‘laqonli mudofaa sektorini shakllantirilishi esa, yaqin kelajakda milliy armiyamizni qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash bilan birga, qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratish, mamlakatimiz iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish imkonini ham beradi. Ushbu yo‘nalishda harbiy va ikki xil maqsadda foydalanish mumkin bo‘lgan, import o‘rnini bosadigan, raqobatbardosh va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan kompleks vazifalar amalga oshirilmoqda.

«Xavfsiz shahar – xavfsiz mamlakat» konsepsiyasi doirasida yurtimizda jamoat tartibini ta’minlashga qaratilgan ishlarni amalga oshirishda yangi tuzilma – Milliy gvardiya tashkil etilib, uning faoliyati jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, aholini turli terrorchilik xatarlaridan, jinoiy va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishga qaratilgan.

Ta’kidlash joizki, harbiylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli yoshlarning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishi va intilishi ortib bormoqda. Bu o‘z navbatida, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda o‘ziga xos namuna bo‘lmoqda. Yosh avlodda qat’iy hayotiy pozitsiya, Vatanga bo‘lgan sadoqat tuyg‘usini shakllantirish, o‘rta maktabdan oliy o‘quv yurtigacha uzluksiz harbiy ta’lim va vatanparvarlik tarbiyasi bo‘yicha yaxlit tizim yaratilmoqda.

Prezidentimiz Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomada ta’kidlaganidek, mamlakat mudofaasini harbiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshlagan islohotlarni mantiqiy yakuniga yetkazish, mudofaa va qurolli kuchlarni isloh qilish borasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish – O‘zbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligi, respublikamiz aholisining osuda hayoti va xavfsizligini ta’minlashga, davlatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga, armiyamizning jangovar qudrati va salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

  • Ko'rildi
    1357
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+