Yurt obodligi, xalq farovonligi uchun mas’ulmiz

11.12.2017, 16:16

Yurt obodligi, xalq farovonligi uchun mas’ulmiz

Prezidentimizning Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi yurtimizdagi eng sharafli kasb egalari bo‘lgan zahmatkash bobodehqonlarimiz qatorida mening ham qalbimda faxr va iftixor hislarini toshirib yubordi. Yurtimizda birinchi marotaba nishonlangan “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” bayramida ishtirok etganligimdan baxtiyorman. Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, mehnati nihoyatda sharafli, noni esa, qanchalik totli va shirin bo‘lgan bu kasb egalarini har qancha e’zozlasak arziydi.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun bor imkoniyatlarini ishga solish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, xalqimizning baxtli ertasi uchun jon kuydirish, islohotlarni yanada jadallashtirish ishiga munosib hissa qo‘shish biz tadbirkorlar va ishbilarmonlarning muqaddas burchimizdir. Vatanga sadoqat, mustaqilligimizni mustahkamlash, odamlarning ma’murligi, baxtli ertasi uchun jon kuydirish ish faoliyatimizning asosiy mezoniga aylanishi zarur.    

Istiqlolning dastlabki yillarida fermer xo‘jaligimiz o‘rniga yangi “Yurt rizqi” naslchilik  mas’uliyati cheklangan jamiyatga asos soldim. Chorvachilik majmuasida chorva mollari sonini saqlab qolish va mahsuldorligini oshirishga erishib, 100 kishi uchun  doimiy ish o‘rini yaratdim.   

Bugungi kunda jamiyatimizda Ukrainadan keltirilgan 600 bosh “Qizilcho‘l” zotli chorva mollari parvarish qilinmoqda. Tajribadan ma’lumki, sog‘ib olingan sutni qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida sotish xo‘jalikka yaxshigina daromad keltiradi. Shuni hisobga olgan holda moliyaviy ko‘mak olib, sutni qayta ishlash sexini ishga tushirdik.   Sog‘ib olingan sutning asosiy qismini qayta  ishlanib, o‘ttiz turdagi mahsulotlar jamiyatimizning Qarshi shahridagi “Shams Yurt” savdo do‘koni orqali aholi dasturxoniga tortiq etilayotir. Issiqxonamizda pomidor, bodring, limon va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari  yetishtirilib, ishlovchilarga arzon narxlarda tarqatilayapti. Mahsulotlarimizning bir qismi savdo do‘koniga chiqarilmoqda. Paxta va g‘alla yetishtirish bo‘yicha davlat shartnomalarini ortig‘i bilan bajardik. Olinayotgan foyda evaziga Kasbi tuman markazida “Tibbiyot tashhis markazi” bunyod etib, ishga tushirdik.     

Fermerlar yurtning obodligi, vatan ravnaqi, xalq ma’murligi yo‘lida astoydil jon kuydiradigan bilimdon, siyosiy yetuk kishilar sifatida shakllanib bormoqda. Mamlakatimizning baxtli istiqboli yo‘lida qilinayotgan ezgu ishlar katta samara berayotganligini ko‘rib turibmiz. Fermerlik harakati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mevasidir. Ishonamanki, yaqin yillarda fermerlarimiz teran fikrlaydigan, el-yurt ravnaqi yo‘lida ezgu ishlarning tashabbuskorlari sifatida odamlarning ishonchini qozonishadi. 

Yurtimizda bir yil davomida amalga oshirilgan islohotlarni ko‘rib, baxtli istiqbol sari dadil odimlayotganligimizga imon keltirasan, kishi. Bugun ozod O‘zbekistonimizdagi har bir fuqaroni o‘z iste’dodini namoyon etish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berildi.  Har bir inson o‘zidagi tadbirkorlik qobiliyatini ishga solsa, farovon va baxtli turmush kechirishi aniq. Har bir kunimni biror yangilik bilan boshlashga harakat qilaman. Zero, tadbirkorlik insonni farovonlikka, baxtli kelajakka yetaklaydigan nurli yo‘lki, unga jazm etgan har bir inson nafaqat o‘zi, balki hamqishloqlari, vatandoshlarining ma’murligi, baxtli kelajagini yarata oladi. Yurtboshimiz nutqida bildirilgan dolzarb fikrlar biz ishbilarmonlar uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi va  el-yurt farovonligi yo‘lidagi ezgu ishlarga da’vat etaveradi.     

                            Narsullo XUDOYBYeRDIYEV,

  Kasbi tumanidagi “Yurt rizqi” naslchilik  mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari

  • Ko'rildi
    2012
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+