Germaniya O‘zbekistonning ishonchli va istiqbolli sherigi

22.01.2019, 21:33

Germaniya O‘zbekistonning ishonchli va istiqbolli sherigi

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasida bo‘lib turibdi.  

Tashrif davomida qator masalalarda muzokaralar olib borildi. E’tiborga molik jihati, ko‘plab masalalarda ikki mamlakat qarashlari mushtarak ekanligi, hali ishga solinmagan imkoniyatlar kengligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Xususan, Germaniya inson huquqlarini o‘z siyosatining ustuvor jihati va tub manfaati deb hisoblaydi va o‘z navbatida ularga rioya etish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘radi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, O‘zbekistonning bugungi kunda olib borayotgan huquqiy davlat barpo etish va qonun ustuvorligini ta’minlashga oid sa’y-harakatlari ikki davlat aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Qolaversa, Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar Germaniya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga sifat jihatdan yangicha ruh bag‘ishlaydi. Zero, Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotning barcha jabhasida, shu jumladan tashqi siyosat masalasida ham samarali o‘zgarishlarni amalga oshirish, iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb qilgan holda respublikada tadbirkorlik muhitini takomillashtirishga alohida urg‘u berilgan.  

Sir emas Germaniya taraqqiy etgan industrial-texnologik mamlakat bo‘lib, iqtisodiyotning sanoat va texnologik tarmoqlari bo‘yicha jahonda yetakchi davlatlardan biri sanaladi. Shu ma’noda ushbu mamlakat bilan ilmiy va innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, korxonalar boshqaruvida innovatsion yondashuvlar, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi hamda ilm-fan sohasida yuqori saviyadagi kadrlar tayyorlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba almashish nihoyatda muhimdir.

Ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida kechgan muzokaralarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga ilg‘or texnologiyalar hamda “nou-xau”larni jalb qilish, shuningdek, ta’lim, korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash borasidagi hamkorlikni faollashtirish bilan bog‘liq masalalar ham atroflicha muhokama qilingani e’tiborga molikdir.

Barchamizga yaxshi ma’lumki, XXI asr ko‘proq axborot asri sifatida e’tirof etib kelinmoqda. Ayni paytda insoniyatning keyingi hayot tarzi esa innovatsion asrdan ham darak bermoqda. Shu bois, har bir mamlakat o‘z taraqqiyoti poydevorini innovatsiya asosida mustahkamlashga harakat qilmoqda. O‘zbekistonda ham bu masala davlatimizning doimiy e’tibor markazida. Hech narsa o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaganidek, innovatsiya ham shunchaki rivojlanmaydi. Buning uchun mamlakatda zamonaviy bilimlarni egallagan, ular negizida yangiliklar yaratishga qodir yetuk kadrlar bo‘lishi suv va havodek zarur. Busiz innovatsion taraqqiyotga erishish mushkul. Zero, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya bo‘lmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish bo‘lmaydi. Bu sohadagi o‘zgarishlarni xalqimizga keng targ‘ib qilmasak, odamlarda ko‘nikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam bo‘lolmaymiz”.

O‘zbekiston va Germaniya Federativ Respublikasi Prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ana shu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilib, maktab ta’limida samarali nemis texnologiyalaridan foydalanish, jumladan, “Maktablar: kelajak sheriklari” (PASCH) tashabbusini amalga oshirish, O‘zbekistonda Germaniyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallarini ochish, xalqlarimiz o‘rtasida madaniy aloqalarni kengaytirish istiqbollari muhokama etilganini alohida e’tirof etish joiz. Mazkur yo‘nalishdagi kelishuvlar O‘zbekistonda ilg‘or xorij tajribalarni kengroq jalb qilish, xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratish, Vatanimizning dunyoda tutgan o‘rnini yuksaltirish yo‘lida yana bir tarixiy qadam bo‘ldi.

Dilrabo Saydullayeva,

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi

yetakchi konsultanti

  • Ko'rildi
    500
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Холмурод Сориев Нуробод туман Кенгаши депутати2019-01-23 23:12:13

Немис халқи билан ўзаро манфаатли алоқалар узоқ тарихга эга. Илғор немис технологиясининг Ўзбекистонга кенг кириб келиши мамлакатимиз тараққиётига хизмат қилиши шубҳасиздир. Яна бир муҳим жиҳат -немис халқи менталитетига хос ўз ишига, касбига, вазифасига, бурчига ва ватанига ниҳоятда содиқлик ва принципиалик. Бу соҳада ўхшаш томонларимиз ва улардан ўрнак олишимиз мумкин бўлган жиҳатлари мавжуд.


Otaboyev Abror2019-01-23 11:47:39

Икки мамлакатнинг ўзаро ҳамкорлиги натижасида инвестиция миқдори янада ошади


Fikringizni qoldiring

+