Islohotlar bardavomligi uchun mas’ulmiz

11.12.2017, 17:00

Islohotlar bardavomligi  uchun mas’ulmiz

Yaqinda bo‘lib o‘tgan katta anjumanda  Muhtaram Prezidentimizning “Rizq-ro‘zimiz bunyodkori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi xodimlari mehnatini ulug‘lash, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish asosiy vazifamizdir” deb nomlangan ma’ruzasida biz fermerlarning kelgusida amalga oshiradigan eng muhim vazifalarimiz belgilab berildi, desam ayni haqiqatni aytgan bo‘laman. Yurtboshimiz mamlakatimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning 15 foizi qayta ishlanayotganligi, bor-yo‘g‘i 8 foizi eksport qilinayotganligini nihoyatda achinarli holat ekanligini ta’kidlab o‘tdilar. Ochig‘i, bizning tumanimizda ham yetishtirilayotgan mevalarning katta qismi qayta ishlanmaganligi sababli nobud bo‘lmoqda. Biz mevalarni saqlash uchun fermer xo‘jaligimizda 300 tonnalik sovutgichni ishga tushirdik. Bu o‘n nafar yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari demakdir. Bugungi kunda yana 200 tonnalik sig‘imdagi sovutkich qurilishini boshlab yubordik. Hademay ishga tushadi. Kelgusida mevani quritib qadoqlaydigan zamonaviy texnologiya keltirib, 30 nafar yoshlarni ish bilan ta’minlashni rejalashtirayapmiz.

Ozod yurtimizda fermerlik harakati rivojlantirilib, yer maydonlari tajribali va ishbilarmon dehqonlarga ishonib topshirilgani mahsulot yetishtirish hajmini yil sayin o‘sishiga xizmat qilayapti. Istiqlolning musaffo havosidan nafas olib rizq-ro‘z undirayotgan dala mehnatkashlari erishayotgan yutuqlar tahsinga sazovor. Berilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, mehnati, izlanishi, intilishi tufayli mamlakat taraqqiyoti, el-yurt rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan ishbilarmonlar davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligi islohotlarni jadallashtirishda muhim omil bo‘lmoqda. Bunday to‘kislik, avvalo, zaminimiz saxovati, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir. Mamlakatimizda fermerlikning rivojlanishi, milliy qadriyat va an’analarimizning davomiyligini ta’minlashga, mamlakat iqtisodiyotining yanada barqaror rivojlanishiga, eng muhimi aholi turmush tarzini yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.

Ammo ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tiborga yarasha mehnat qilayapmiz deya olmayman. Ayrim joylarda yerdan samarali foydalanilmayapti. Serhosil bog‘lar yaratish borasidagi ishlar talabga javob bermaydi. Ayrim yurtdoshlarimiz tomorqasidan samarali foydalanayotgani yo‘q. El dasturxonining to‘kinligi, yurtning obodligi, bozorlarimizning mevayu cheva, qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan to‘lib-toshib turishi dehqon hosilining mo‘l-ko‘lligiga bog‘liq ekan, yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, bugungi fermerdan ishni to‘g‘ri va oqilona tashkil qilishi, agrotexnik tadbirlarni puxta o‘tkazishi, qishloq xo‘jalik zararkunandalari va turli kasalliklarning salbiy ta’sirini bartaraf etish borasida katta matonat va mahorat bilan faoliyat olib borishi zarur. Bugun dehqonning ongu tafakkuri o‘zgarib, o‘z yeri va mulkiga egalik hissi kuchayib, o‘z mehnatidan tobora bahramand bo‘layotgani quvonarli. Kishida havas uyg‘otuvchi bunday o‘zgarishlar, qishloq xo‘jaligining jadal rivojlanishi, aholi turmush tarzi farovonlashib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Nasiba NUROVA,

Kitob  tumanidagi “Eldorbek-Abrorjon

Luqmonovich” fermer xo‘jaligi rahbari

  • Ko'rildi
    2504
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+