Davlat mulki ob’ektlaridan foydalanishda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar berildi

25.02.2019, 22:46

Davlat mulki ob’ektlaridan foydalanishda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar berildi

Respublikamizda so‘nggi yillarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, faoliyat yuritish uchun ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish hamda litsenziyalar olish bilan bog‘liq jarayonni soddalashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada liberallashtirish, davlatning tartibga solish borasidagi rolini kamaytirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.

Mamlakatimizda oxirgi bir yilda qulay biznes muhiti, xorijlik investorlar uchun huquqiy kafolatlar hamda imtiyozlarning aniq tizimi yaratilgani investitsiyaviy faollikni oshirish, iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar oqimini sezilarli darajada ko‘paytirish imkonini berdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan barcha yo‘nalishdagi sohalarni rivojlantirish, tadbirkorga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, yer va mulk ob’ektlardan samarali foydalanish borasida bir qator chora-tadbirlar belgilab berildi.

Jumladan, Prezidentimizning joriy yil 19 fevraldagi “Davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Xususan, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda 444 ta bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari 1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narx bo‘yicha elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarilib, shundan 310 ta ob’ekt ya’ni bo‘sh turgan ob’ektlarning qariyb 70 foizi 172 mlrd.so‘m investitsiya kiritish hamda 3 536 ta yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan 11,2 mlrd.so‘mga sotilgan.

Farmon bilan, davlat mulki ob’ektlarini (aksiyalardan tashqari) sotish, 2019 yil 1 iyuldan boshlab davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini ijaraga berish bo‘yicha savdolar “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshirilishi hamda 1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narx bo‘yicha elektron savdo maydonchasiga qo‘yilgan ob’ektlar ular to‘liq sotilmagunga qadar savdolardan olinmasligi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, joriy yilning 1 martidan boshlab, ob’ektlarni sotib olishda to‘lovlarini amalga oshirish uchun qulaylik yaratildi. Xususan, ob’ekt bahosi eng kam ish haqining 3000 baravarigacha bo‘lgan narxda sotilganda oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab 3 oydan 
ko‘p bo‘lmagan muddatda, 3000 baravaridan - 7000 baravarigacha bo‘lganda 6 oygacha, 
7000 baravaridan - 15000 baravarigacha bo‘lganda 1 yilgacha, 15000 baravaridan - 20000 baravarigacha bo‘lganda 2 yilgacha va 20000 baravaridan yuqori bo‘lganda 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda to‘lash belgilandi.

Shuningdek, Farmon bilan belgilangan tartibda hamda 1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narx bo‘yicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan sotiladigan davlat mulki ob’ektlari ro‘yhati tasdiqlandi, bundan tashqari e-auksion.uz elektron savdo maydonchasi yordamida bo‘sh turgan hamda foydalanish uchun ijaraga beriladigan yer va mulk ob’ektlari bilan tanishishi va ularni ochiqlik va shaffoflik ta’minlangan adolatli savdo orqali qulay, xavfsiz xarid qilish hamda ijaraga olish imkoniyatlari yaratildi.

Farmon bilan belgilangan dolzarb vazifalarni amalga oshirish hamda chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash borasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.

Jamshid Jalolov

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi mutaxassisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    1210
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+