Tomorqa – daromad manbai

23.03.2019, 12:00

Tomorqa – daromad manbai

O‘zLiDeP Jondor tuman Kengashi “Xumdonak” MFYda “Tomorqa – daromad manbai” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazdi.

Unda mahalliy Kengash deputatlari, tajribali tadbirkor va fermerlar, tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakillari hamda o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar ishtirok etdi.

O‘zLiDeP faollarining aytishicha, bugun partiya faollari aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta’minlashga jiddiy kirishgan. Olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida tumanda tomorqa madaniyati yildan-yilga yuksalib, oilalar daromadi oshmoqda. 

“Ilgari “Xumdonak” MFYda 240 gektar ekin maydonlarida 24 tadbirkor mehnat qilgan bo‘lsa, 2019 yilning mart oyida bu ko‘rsatgich 38 tani tashkil etdi. Hozir mahallamizda yetishtirilayotgan mahsulotlar nafaqat tumanda balki boshqa bozorlarda ham xaridorgir. Bu ham mahallada tomorqaga e’tibor yuqori darajada ekanidan dalolat”, – deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, jondorliklar faqat issiqxona bilan cheklanib qolmagan. O‘z xonadonida parrandachilik va quyonchilikni ham yo‘lga qo‘ygan. Tovuq, kurka ko‘paytirib, yaxshigina daromad olib kelmoqda.

“Partiya tomonidan bo‘sh yerlardan unumli foydalanish, issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan targ‘ibot ishlari o‘z samarasini beryapti. Mahallamizdagi har ikki xonadonning birida issiqxona bor. Yilning to‘rt faslida barcha sabzavotlar muhayyo”, – deydi “Xumdonak” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqarolardan yana biri.

Xullas bugun mahallada hamma ish bilan band, bekorchi odamning o‘zi yo‘q. Bu esa tumanda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor samarasidir.

O‘zLiDeP Buxoro viloyat

 Kengashi matbuot xizmati

Teglar
BPT Tomorqa
  • Ko'rildi
    1594
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+