O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” xotin-qizlarga Prezident qarorining mazmun-mohiyatini tushuntirdi

23.03.2019, 12:18

O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” xotin-qizlarga Prezident qarorining mazmun-mohiyatini tushuntirdi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi ayollar bilan ishlash bo‘limi tashabbusi bilan Prezidentimizning “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati va unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda so‘z olganlar davlatimiz rahbarining mazkur qarori xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoyalash tizimini yanada takomillashtirishga, ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga xizmat qilishini alohida e’tirof etdi. Zero, qarorga muvofiq, xotin-qizlar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qo‘llash bo‘yicha taqiqlarning bekor qilinishi, tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan soha yoki kasblar ro‘yxatining tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan.

Qarorga ko‘ra ayrim holatlarda qo‘shimcha bir oy nafaqa to‘lanadigan bola parvarishlash ta’tili berilishi, ikki yoshga to‘lmagan farzandi bor onalar uchun o‘ziga qulay vaqtda tanaffus belgilanishi, ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinishi taqiqlanmoqda.

Mazkur hujjat bilan ayollar uchun sudlarda advokatlar tomonidan bepul  yuridik xizmat ko‘rsatilishi bilan bog‘liq yengilliklar yaratildi.

Shuningdek, yangi qarorga ko‘ra, “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari”ning tashkil etilishi ayollarning o‘z biznesini boshlashi va ularda ishbilarmonlik ko‘nikmalarining shakllantirilishi, har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishining samarali mexanizmi sifatida xizmat qiladi. Bunday markazlar tomonidan ishbilarmon ayollarga mahallalarda bo‘sh turgan binolardan joy ajratish, ishonchli hamkorlar topish, minitexnologiyalar va uskunalar sotib olishda ko‘maklashishdan tortib, toki ishlab chiqarilgan mahsulotlarning realizatsiya qilinishigacha ko‘maklashish masalalarining qamrab olingani opa-singillarimizdagi ikkilanishlarni barham toptirib, ertangi kunga  katta umid va ishonch uyg‘otadi.

Shu bilan bir qatorda mazkur Qarorda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan ayollarni markazlarga jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish, ayollarning o‘z biznesini tashkil etish va yuritish ko‘nikmalarini shakllantirish, biznes g‘oyalarini tayyorlashda konsultativ yordam berish, shu jumladan, loyiha biznes-rejasini tayyorlash, soliqqa tortishning turli rejimlarini tanlash va qo‘llash, buxgalteriya hisobini yuritish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish kabi vazifalar belgilab berilgani O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” oldiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.

Tadbirda bu borada o‘tgan yillar davomida partiya “Ayollar qanoti” va deputatlar, turli darajadagi ishchi guruhlar tomonidan uyma-uy yurish orqali minglab ishsiz xotin-qizlar aniqlangani, hududlarning imkoniyati va xususiyatidan kelib chiqib, ularning qisman bandligini ta’minlashga, tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga, hunarmandchilikka jalb qilishga yordam berilganligi ta’kidlab o‘tildi. Lekin bu bilan partiya “Ayollar qanoti” cheklanib qolmasdan astoydil harakat qilishi aytib o‘tildi.

Tadbir yakunida yangi hujjatning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1200
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Носирова Шоира Кармана туман кенгаши депутати2019-03-30 00:19:25

Агар жамиятимизда адолатни қарор топтирмоқчи бўлсак, аввало, хотин-қизларнинг ишончини қозонишимиз, уларни асрашимиз керак. Аёлнинг яшаш тарзи, дунёқараши оила муҳитини белгилайди. Бу фарзандлар тарбияси учун жуда муҳим. дедилар Президентимиз Навоий вилоятига ташрифида. Бу сўз замирида аёлга бўлган улкан эътиборни билдиради.


Fikringizni qoldiring

+