Bosh qomusimiz – tadbirkorlik harakati himoyachisi

12.12.2017, 16:20

Bosh qomusimiz – tadbirkorlik harakati himoyachisi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi «Konstitutsiya –erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir» nomli ma’ruzasining mazmun va mohiyati hamda bu borada O‘zLiDeP fraksiyasi oldida turgan dolzarb vazifalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Fraksiya a’zolarining ta’kidlashicha, dasturiy ma’ruzada yurtimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad-muddao insonni e’zozlash va xalqqa xizmat qilish kabi ezgu g‘oyalar ilgari surilgan. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida eng muhim o‘zgarishlar haqida so‘z yuritib, avvalo, inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlash, jamiyatda adolatni qaror toptirish, xalq bilan ochiq muloqotni yangi bosqichga ko‘tarish kabi dolzarb masalalar haqida asosli fikrlar o‘rtaga tashlandi.

Deputatlar ma’ruzada ko‘tarilgan har bir yo‘nalish yurtimiz ertangi kuni uchun nihoyatda dolzarbligini e’tirof etib, ushbu ustuvor vazifalar ichida alohida urg‘u tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bilan bog‘liq ekanligini alohida ta’kidlashdi. Prezidentimiz tomonidan mamlakatimiz taraqqiyoti uchun belgilangan muhim yo‘nalishlar orasida tadbirkorlikni bundan keyin ham eng muhim ustuvorliklardan bo‘lib qolishi nihoyatda ahamiyatlidir. Tadbirkorlik faoliyatining erkinligi, xususiy mulk daxlsizligini amalda ta’minlash bundan buyon ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini ta’kidlar ekan, mamlakatimiz rahbari “Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, ana shu konstitutsiyaviy qoidaning izchil amalga oshirilishi ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini jadal rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan barcha ishlarimizning mazmun-mohiyatini belgilab beradi” deb ta’kidladi.

Ta’kidlash joizki, Bosh qomusimizda tadbirkorlik rivoji, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash borasidagi qoidalar davlatimiz rahbarining bevosita e’tiborida va nazoratida bo‘lishi sohaning yanada keng quloch yoyishi uchun mustahkam asos yaratishiga hech bir shubha yo‘q.

– Mamlakatimiz rahbari Bosh qomusimiz qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga alohida e’tibor qaratayotgani bejiz emas, albatta – deydi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Sh. Bafoyev. – Negaki, bugun tadbirkorlik nafaqat iqtisodiy yuksalish omili, balki aholi bandligi xalq farovonligining muhim shartiga ham aylangan. Mamlakatimizdagi ish bilan band aholining katta qismi aynan tadbirkorlik hissasiga to‘g‘ri kelayotgani ham sohaning jamiyatimiz hayotida qanday o‘rin tutishini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Yig‘ilishda bu borada O‘zLiDeP fraksiyasi oldida turgan vazifalar muhokama qilinib, xalqimizga mamlakatimiz rahbari ma’ruzalarining mazmun-mohiyatini, ayniqsa tadbirkorlik harakati himoyasi bilan bog‘liq kuyinib bildirayotgan fikrlari, yo‘l-yo‘riqlarini atroflicha tushuntirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Majlis yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan O‘zLiDeP fraksiyasining tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1392
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+