Romitanlik tadbirkor o‘z tomorqasida 50 bosh quyonni parvarishlab ikki yil ichida 800 taga yetkazdi

04.04.2019, 17:08

Romitanlik tadbirkor o‘z tomorqasida 50 bosh quyonni parvarishlab ikki yil ichida 800 taga yetkazdi

O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining viloyat bo‘limi hamkorligida Romitan tumanidagi “Azizon” mahalla fuqarolar yig‘inida “Dehqonchilik maktabi: ilmiy-amaliy yangiliklar va innovatsiyalar” mavzuida seminar tashkil etildi. Tadbirda soha mutaxassislari,  qishloq xo‘jaligiga aloqador tashkilotlar vakillari, fermerlar, tomorqa egalari, partiya faollari ishtirok etdi.

Tinglovchilarga daraxtlarni parvarishlash, hosildorligini oshirish, tejamkor texnologiyalarni qo‘llash yuzasidan ma’lumotlar berildi. Shuningdek, seminarda tomchilatib sug‘orishning afzalliklari, o‘simliklar qoldiqlari bilan ishlash, begona o‘tlar, kasalliklar va zararkunandalarga qarshi kurashishning samarali usullari xususida so‘z yuritildi. Urug‘chilik va qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha amaldagi tartib-taomillar va xalqaro normativlar to‘g‘risida bildirilgan fikrlar ham yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Seminar qatnashchilari bu yerga keltirilgan bir qancha mevali hamda manzarali daraxt ko‘chatlari, gullarni ko‘zdan kechirdilar. Olmaning “boyken”, bodomning “Ozarbayjon”, nokning “klapa”, tokning “toifi pushti”, “bayan shirey” navlari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Mutaxassislar har bir nav bo‘yicha mufassal ma’lumotlar berdilar.

 Tadbir davomida ishbilarmonlar ham chiqishlar qilib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar, savollarga javob qaytardilar. Xususan,  “Romitan eko quyon” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari S. Samadovning aytishicha, o‘z hovlisida dastlab 50 bosh quyonni parvarishlagan, ikki yil ichida jonivorlar soni 800 taga yetgan. Tomorqalarida quyonchilikni yo‘lga qo‘ygan J. Adizov, B. Sa’dullayev, E. Aliyev ham mazkur biznes keltiradigan daromad, uning o‘ziga xosliklari to‘g‘risida gapirib, quyonchilikni yo‘lga qo‘yishda bank kreditlari alohida ahamiyat kasb etganini ta’kidlashdi.

Darhaqiqat, “Mikrokreditbank”ning tuman bo‘limi xodimi R. Ochilov bergan ma’lumotlarga qaraganda, 2018 yilda jami 1 000 fuqaroga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida jami 8 milliard so‘m miqdorda kredit ajratilgan. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida esa tadbirkorlik qilish  istagidagi kishilarga 160 million 100 ming so‘m miqdorida sarmoyalar berilgan.

Seminar yakunida bir qancha dehqon xo‘jaliklari a’zolariga mehnat daftarchalari topshirildi.

Asxor ISTAMOV,

“XXI asr” muxbiri

  • Ko'rildi
    1249
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+