O‘zLiDeP quyi bo‘g‘inlarida hisobot-saylov yig‘ilishlari boshlandi

04.04.2019, 17:26

O‘zLiDeP quyi bo‘g‘inlarida hisobot-saylov yig‘ilishlari boshlandi

O‘zLiDeP Siyosiy  Kengashi  Ijroiya qo‘mitasining tegishli qaroriga asosan joriy yilning 15 martidan e’tiboran boshlang‘ich partiya tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilishlari boshlandi.  Mazkur muhim  jarayon  1 iyunga qadar  –  ikki yarim oy davom etadi. 

Partiyamiz elektorati, mulkdorlar qatlami manfaatlarini himoya qilish, maslakdoshlarimiz, xayrixohlarimiz ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, dasturiy maqsadlarni amalga oshirishda boshlang‘ich tashkilotlarning ahamiyati beqiyos. Hisobot-saylov yig‘ilishlari esa partiyaning ana shu muhim bo‘g‘ini faoliyati xususida aniq xulosalar chiqarish imkonini beradi.

Qayd etish kerakki, mazkur muhim tadbirlarda tayanch nuqtalar ishini baholash, rais va ularning o‘rinbosarlarini saylash eng asosiy vazifa hisoblanadi. Zero, hozirda atrofiga 612 mingdan ziyod partiya a’zosini birlashtirgan  11 800 ta quyi bo‘g‘inga munosib yetakchilar rahbarlik qilishi istiqboldagi ustuvor vazifalarning muvaffaqiyatli hal etilishiga xizmat qiladi. Yig‘ilishlarda, shuningdek, tayanch tuzilmalar yetakchilarining 2018 yildagi faoliyat yuzasidan hisobotlari eshitilib, atroflicha muhokama qilinayapti. Mazkur hisobotlarda boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan elektoratimiz manfaatlarini himoyalash, partiya dasturiy maqsadlarini targ‘ibot qilish, a’zolar safini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham to‘la aks etayotir. Yig‘ilishlar kun tartibidan quyi tashkilotlarning ushbu yilga mo‘ljallangan rejalarini batafsil ko‘rib chiqish o‘rin olgani ham e’tiborga molik. Shuning barobarida Prezidentimizning 2018 yil 28 dekabr­dagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda davlatimiz rahbarining “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonidan kelib chiqadigan asosiy vazifalar belgilab olinmoqda.

Tegishli ko‘rsatmaga binoan hisobot-saylovlarda qo‘shimcha mavzular ko‘rib chiqilishi tavsiya qilinmoqda.  “Partiya deputatlik guruhlari va bosh­lang‘ich tashkilotlarning aholi manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni”, “Faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha partiya yuqori organlariga  takliflar, mulohazalar yuborish” singari mavzular shular jumlasidan. 

Shuni ham qayd etish zarurki,  bu yilgi hisobot-saylovlarda partiya tuman va shahar tashkilotlari partiya a’zolari sonini qaytadan ko‘rib chiqish, ular safini yosh, iqtidorli, tashabbuskor insonlar hisobiga kengaytirish masalalari bilan ham jiddiy shug‘ullanmoqdalar.

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    822
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+