O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” forumida quvasoylik yoshlar tajribali tadbirkor va tomorqachilar faoliyati bilan tanishdi

05.04.2019, 17:18

O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” forumida quvasoylik yoshlar tajribali tadbirkor va tomorqachilar faoliyati bilan tanishdi

O‘zLiDeP Farg‘ona viloyat Kengashi “Biz faollar va tashabbuskorlar safidamiz” shiori ostida yoshlar forumini o‘tkazdi.

Forumda partiya viloyat, tuman Kengashlari “Yoshlar qanoti” faollari, Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zolari, uyushmagan yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Farg‘onaliklar Quvasoy shahridagi “Munis mebel” xususiy ishlab chiqarish korxonasini yaxshi bilishadi. Chunki bugun korxona ko‘plab fuqarolar bandligini ta’minlash barobarida o‘z brendiga ega mahsulotlarni viloyat bozorlariga yetkazib bermoqda.

Forum doirasida ishtirokchilar O‘zLiDeP Quvasoy shahar Kengashi  va mazkur korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shu yerda forum ishtirokchilari uchun “Tadbirkorlikka ilk qadam” mavzusida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda tajribali tadbirkorlar tomonidan o‘z biznesini boshlash harakatida yurgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha kerakli ma’lumotlar berildi.

Shu kuni farzandlari foydali mehnat bilan band bo‘lib, qo‘liga mehnat daftarchasi olgan yoshlarning ota-onalari uchun katta xursandchilik bo‘ldi.  Boisi, tashrif chog‘ida partiya tashabbusi bilan 6 nafar yosh ishli bo‘ldi.

“Partiya vakillari uyma-uy yurib muammolarni o‘rganayotganida ishga joylashib, oilamga yordam berish niyatida ekanimni aytgan edim. Mana, bugun shu orzuyim amalga oshib turibdi. Endi men ham oilamiz farovonligi, yurt taraqqiyoti uchun astoydil xizmat qilaman”, – deydi Abrorjon Sobirjonov.

Keyingi manzil Quvasoy shahri “Bog‘bon” MFYda yashovchi Aziza opa Alixonovaning xonadoni bo‘ldi. Xonadon bekasi ishtirokchilarni issiqxona faoliyati bilan tanishtirib, yoshlarga issiqxona yaxshi daromad manbai ekanini tushuntirdi. Kamtarlik bilan kichkina tomorqadan yiliga 35 mln. so‘m daromad olayotganini aytib o‘tdi.

“Olti sotix maydonda issiqxonada barpo etganmiz. Hozir issiqxonada gullarning noyob turlarini yetishtiryapmiz. Yerning har bir qarichidan samarali foydalanamiz. Shu bois, hovli atrofida gullardan tashqari, rezavor poliz ekinlari ham parvarishlayapmiz”, – deydi tadbirkor.

Forum doirasida ishtirokchilar “Kvars” aksiyadorlik jamiyati faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Shu kuni korxona qoshida faoliyat yuritayotgan partiyaning quyi bo‘g‘inida “O‘zLiDeP kutubxonasi” tashkil etildi va kutubxonaga 400 dan ortiq kitoblar sovg‘a qilindi.  

Bugungi forum barchada juda katta taasurot qoldirdi. Ayniqsa, yoshlar uchun kutubxona ochilgani, ular orasidan 30 nafarga yaqini partiya safiga a’zolikka qabul qilinishi juda quvonarlidir. Endi keyingi faoliyatimizda ham partiya targ‘ibotiga o‘z ulushimizni qo‘shamiz”, – deydi "Kvars" AJ qoshidagi quyi bo‘g‘in yetakchisi Sayyodjon Zohidov.

Forum yakunida partiya safiga qabul qilingan 30 nafar yoshlarga partiyaning a’zolik guvohnomasi topshirildi.

O‘zLiDeP Farg‘ona viloyat

Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    954
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+