Obro‘ e’tibor osmondan tushmaydi

05.04.2019, 17:45

Obro‘ e’tibor osmondan tushmaydi

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi, tadbirkor Mo‘minjon Yo‘ldoshev faoliyatiga bir nazar

Farg‘ona tumani hududining kattaligi jihatidan viloyatdagi eng yirik hududlardan biridir. Qolaversa, uning ko‘pgina qismi qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh. Bu esa tadbirkorlik va fermerlik harakatini rivojlantirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, tumanning eksport salohiyatini yuksaltirish, iqtisodiyotga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish hamda shu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, bir so‘z bilan aytganda, aholi uchun farovon turmush tarzini yaratish borasida qulay imkoniyatdir.

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi, tadbirkor Mo‘minjon Yo‘ldoshev 2018 yilning ikkinchi yarmida partiyaning Farg‘ona tuman Kengashiga rais etib tayinlangach, Kengash faoliyatida ko‘ngilni chog‘ qiladigan ijobiy o‘zgarishlar yuz bera boshladi. Eng muhimi, yangi rahbar partiya faollari va deputatlarning tashabbus va sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, tuman ahlini e’tiboriga tushdi. Xususan, rais ishni tuman Kengashi binosini kapital rekonstruksiya qilib, jihozlashdan boshladi. Shu bilan birga, tumanda partiya a’zolari soni avvalgi 923 nafardan 1 679 nafarga o‘sdi. E’tiborlisi, O‘zLiDeP tashkil topganining 15 yilligi tantanalari ham hududda namunali tarzda tashkil etildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil 7 fevralda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmon, ayniqsa, uning uchinchi – Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish yo‘nalishida ko‘zda tutilgan vazifalar ro‘yobi borasida qilinayotgan ishlarga alohida to‘xtalish lozim. Birgina misol, 2018 yil yakunlari bo‘yicha Mo‘minjon Yo‘ldoshev Farg‘ona viloyat hokimligi tomonidan “Yilning eng yaxshi mahalliy investori” deb topildi. Qolaversa, uning amaliy yordami tufayli 7 nafar tadbirkorga o‘z faoliyatini rivojlantirishi uchun tuman hududida bo‘sh turgan binolar “nol” qiymatda olib berildi. Hademay ular tomonidan yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Hayotda keksalarning, piru badavlat insonlarning duosini olib yashashdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Binobarin, Mo‘minjon aka tumanda istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, nuroniylar va mehnat faxriylari holidan xabar olish, ularning hayotiy tajribalaridan unumli foydalanish hamda bamaslahat ish yuritishga alohida e’tibor qaratmoqda. Tumanning Chimyon qishlog‘ida yashovchi, yaqinda o‘zining 119 bahorini qarshi olgan Boydada bobo Xo‘jayev ana shulardan biridir. M. Yo‘ldoshev boshchiligidagi partiya faollari yo‘qlab borishganda boshi osmonga yetdi mo‘ysafidning. Shu bois ularni ham o‘zi kabi uzoq umr ko‘rishlarini tilab, duo qildi.

Bundan tashqari, Kengash raisi har bir deputatga xalq bilan yanada yaqinroq muloqot qilish, mamlakatimiz hayotida yuz berayotgan o‘zgarish hamda yangilanishlarni amalga oshirishda shaxsiy namuna ko‘rsatishi lozimligini qayta-qayta uqtirib bormoqda. Shu ma’noda aytganda, u nafaqat o‘zi saylangan 56-Avval saylov okrugi ahlining, balki biror masalada murojaat qilgan yoki yordam so‘ragan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini hal etishda boshqalarga o‘rnak bo‘layotir. Ayniqsa, tadbirkorning moliyaviy ko‘magi tufayli “Obod qishloq” dasturi doirasida Mindonobod qishlog‘idagi Mustaqillik shukronasi ko‘chasida elektr ta’minoti yaxshilandi. Shuningdek, 2 kilometr masofaga toza ichimlik suvi quvuri tortildi. Qishloqda yashovchi, kam ta’minlangan oila hisoblangan va nogironligi bo‘lgan M. Hoshimovaning uyi uchun 160 dona shifer olib berildi. Gulpiyon mahallasi qabristoni obodonlashtirilgan bo‘lsa, mahalla fuqarolar yig‘ini binosi va guzari hududi asfaltlashtirildi. Eng e’tiborlisi, davlatimiz rahbarining O‘zLiDePning saylovoldi VIII-s’ezdidagi ma’ruzasida “Yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do‘st bo‘lishga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim” deya ta’kidlagan fikrlari ijrosini ta’minlash maqsadida Log‘on, Mash’al, Shohimardon va Yordon mahalla fuqarolar yig‘inlari binolari ta’mirlanib, kutubxonalar tashkil qilindi. Hozir ushbu ma’naviyat o‘choqlari turli adabiyotlar bilan boyitilmoqda. Shu bilan birga, Yordon mahallasi ahliga qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi yaylovlaridan foydalanishga ruxsat olib berildi.

Darvoqe, ayni paytda Shohimardonda 1998 yilda yuz bergan tabiiy ofat (suv toshqini) oqibatida qurbon bo‘lgan 28 nafar fuqaroning xotirasiga yodgorlik monumenti o‘rnatilib, Xotira xiyoboni ham barpo etilyapti. Mazkur xiyobon qurilishi mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida nihoyasiga yetadi.

Albatta, bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Umuman  olganda, tumanda yuqoridagi singari xayrli ishlarni amalga oshirishda tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari Ilhomjon Abdurahmonov, Rustamjon Xoliqov, Mamasoli Zokirov va Rustamjon Karimovlar jonboz­lik ko‘rsatishmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, qahramonimiz yetakchiligidagi O‘zLiDeP fidoyilari bugun Prezidentimizning xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish xususidagi fikrlarini o‘zining kundalik shioriga aylantirgan holda mehnat qilishmoqda. Zero, inson uchun el koriga yarashdan ham ortiqroq baxt bo‘lmasa kerak.

Xurshid SULTONOV,

jurnalist

  • Ko'rildi
    236
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+