Tadbirkorga jarima solish oson, lekin uni qo‘llab-quvvatlash-chi?!

08.04.2019, 16:51

Tadbirkorga jarima solish oson, lekin uni qo‘llab-quvvatlash-chi?!

Prezident farmoni ijrosi qachon to‘liq ta’minlanadi?

Prezidentimizning “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 30 oktyabrdagi farmoni tadbirkorlik sub’ektlari duch kelayotgan ayrim byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, xususiy korxonalarning davlat idoralari bilan munosabatlarini tartibga solish imkonini yaratdi, qator soliq va bojxona imtiyozlari joriy qilindi. Mazkur hujjatning 1-bandi “a” qismiga muvofiq 2019 yil 1 yanvardan boshlab:

– ulgurji savdoni amalga oshirish faoliyatini litsenziyalash va savdo korxonalarini soliqqa tortishning maxsus tartibi; 

aksiz solig‘i solinadigan tovarlarning ayrim turlarini (avtomobil, o‘simlik yog‘i va boshqalar) sotishdan tushadigan tushumlar hisobini yuritish va undan foydalanishning maxsus tartibi; 

ko‘chma savdo uchun ruxsatnoma olish talabi;

davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan korxonalar kontragentlari bilan o‘zaro munosabatlarda kechiktirilgan debitorlik qarzlar uchun sanksiyalar;

davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan korxonalar bilan shartnomalar bo‘yicha ichki bozorda oldindan 15 foiz to‘lovni amalga oshirishga doir talab;

1-ilovaga muvofiq ayrim turdagi tovarlar eksportiga cheklovlar; 

– kelishishning xabardor qilish tartibini joriy etgan holda, mahsulotlarni birja savdosiga chiqarish jadvallarini O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishishning amaldagi tartibi;

– moliyaviy iste’mol kreditini ishlab chiqaruvchidan yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotdan faqat O‘zbekiston Respub­likasida ishlab chiqarilgan iste’mol tovarlari (xizmatlari)ni sotib olish uchun berish to‘g‘risidagi talablar bekor qilindi.

Shuningdek, farmonning 7-bandiga ko‘ra Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tegishli vazirlik­lar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu farmonga muvofiqlashtirishi belgilandi.

Xususiy sektor faoliyati samaradorligini oshirish va xarajatlarini kamaytirish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligi ta’minlanishiga shart-sharoit yaratuvchi bu hujjatni, ayniqsa, tadbirkorlar mamnuniyat bilan kutib olgandilar. Biroq, garchi oradan oylar o‘tgan bo‘lsa-da, kutilgan ayrim ijobiy o‘zgarishlar amalga oshmayapti.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi xodimlari shu yilning birinchi choragi davomida respublikamizning turli hududlaridagi 7 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ektlar muammolarini o‘rganish jarayonida tilga olingan farmon ijrosi ta’minlanishi borasida talay kamchiliklar mavjudligiga va ular biznes muhitga salbiy ta’sir qilayotganligiga ishonch hosil qildilar. 

Shu kungacha ayrim normativ-huquqiy hujjatlar farmon talablaridan kelib chiqib, o‘zgartirilmaganligi  ko‘zga tashlan­yapti. Jumladan, joriy yilning 1 yanvaridan bekor qilinishi lozim bo‘lgan davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan korxonalar kontragentlari bilan o‘zaro munosabatlarda kechiktirilgan debitorlik qarzlar uchun sanksiyalar hanuz amalda ekani kishini taajjublantiradi.

Soliq organlari 3 oydan buyon eskicha tartibda ishlab, tadbirkorlik sub’ektlariga turli moliyaviy sanksiya va jarimalar qo‘llayaptilar, sudlar esa taqdim etilgan materiallarga asosan ishbilarmonlarga jazo tayinlayapti.

 Vazirlar Mahkamasining  2000 yil 29 iyundagi 245-sonli “Birjadan tashqari valyuta bozorini yanada rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 4-bandi “v” qismi bilan chet eldan xorijiy valyutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan eksport qiluvchilar, shuningdek, “erkin muomala uchun chiqarish” rejimida tovarlarni respublikaga olib kirish va rasmiylashtirish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishni  30 bank kunidan ortiq ta’minlamagan import qiluvchilar (kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari uchun – 60 bank kuni) belgilangan muddatlar tamom bo‘lgandan ke­yin:

– belgilangan muddatlardan 180 kungacha kechikkanda – tushmagan valyuta mab­lag‘lari yoki “erkin muomala uchun chiqarish” rejimida rasmiylashtirilmagan tovarlar (bajarilmagan ishlar, ko‘rsatilmagan xizmatlar) summasining 10 foiziga teng miqdorda;

– belgilangan muddatlardan 180 kundan 365 kungacha kechikkanda –  20 foiziga teng miqdorda qo‘shimcha;

– belgilangan muddatlardan 365 kundan ortiq kechikkanda – 70 foiziga teng miqdorda jarima to‘lash belgilangan bo‘lib, bunday amaliyotdan hozir ham voz kechilmagan.

Ilgari xorijiy valyutalar kursining 3 xil – davlat banki va birja hamda noqonuniy – “qora bozor” kurslari mavjud edi. Davlatimiz rahbarining “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”  2017 yil 2 sentyabrdagi farmoniga muvofiq valyuta siyosati isloh qilinib, yagona kurs joriy etildi. Avvallari kurslar o‘rtasidagi tafovut kattaligi tufayli davlat manfaatidan kelib chiqilib, yuqorida bayon etilgan jazo choralari belgilangan edi. Bugungi kunda tadbirkor to‘lovni erkin xorijiy valyuta kursida amalga oshirmoqda va muddati o‘tgan debitor qarzdorlikdan birinchi navbatda, tadbirkorning o‘zi zarar ko‘rmoqda. 

Shunday holatlar uchrayaptiki, tadbirkor xom ashyo, texnologiya yoki butlovchi qismlar uchun shartnomaga asosan “sotib oluvchi” sifatida to‘lovni amalga oshirib, o‘zining shartnomadagi shartini to‘liq bajarmoqda, ammo kontragent – “sotuvchi” tomonidan shartnoma shartlari bajarilmay, xom ashyo, texnologiya yoki butlovchi qismlar yetkazib berilmayotganligi oqibatida kechiktirilgan debitor qarzlari vujudga kelmoqda.

Tadbirkor zarar ko‘rib, qarzni undirish uchun sarson bo‘layotgan, yordamga juda muhtoj bir paytda, aksincha, unga jazo berilyapti.    

Misollarga murojaat qilaylik.

Farg‘ona shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Taraz-servis-effect” MChJ 2005 yilda tashkil etilgan. Korxona omuxta mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradi. Mahsulotlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilinadi. Korxona ayrim xom ashyolarni, masalan, ammofosni Qirg‘izistondagi “Dostuk Kara-Dobo” MChJ dan sotib olish uchun 2018 yil 6 apreldagi 6-sonli shartnomaga asosan 17800 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni to‘liq o‘tkazib bergan. Ammo qo‘shni davlatdagi korxona  shartnoma majburiyatlarini bajarmagan, xom ashyoni jo‘natmagan. 2019 yil 28 martda Farg‘ona shahar soliq inspeksiyasining 24-26821-sonli talabnomasi bilan Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 29 iyundagi 245-sonli qarori 4-bandiga asoan debitorlik qarz summasining 20 foizi miqdorida (3 570 AQSh dollari yoki 29 952 192 so‘m) moliyaviy jarima qo‘llanilib, ixtiyoriy to‘lanmagan taqdirda, Iqtisodiy sudga da’vo kiritilishi haqida ogohlantirilgan.

Yana bir misol. Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi “O’zimizniki” MChJ 2015 yildan buyon faoliyat yuritadi. Tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisos­lashgan. Korxonada 50 dan ziyod yigit-qiz ish bilan ta’minlangan. Mahsulotlar ichki bozorga chiqarilyapti, shuningdek, Rossiya, Belarus va Qozog‘is­tonga eksport qilinyapti. 2017 yil 25 oktyabrdagi 06-2017/YeX-sonli shartnoma va 20 foiz hajmidagi oldindan to‘lov asosida Rossiyadagi “Varmiya” MChJ ga tayyor trikotaj mahsulotlari eksport qilingan. Mablag‘ning  qolgan 80 foizi bosqichma-bosqich tarzda to‘langan. Importyor tomonidan mablag‘ning oxirgi qismi biroz kech to‘langani uchun Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 29 iyundagi   245-qarori 4-qismiga asosan 2019 yil 16 yanvarda Toshkent tumanlar­aro iqtisodiy sudiga jami 58 858 213 so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash haqida da’vo kiritilgan va sud da’voni qanoatlantirgan. Vaholanki, kechiktirilgan debitor qarzdorlik sud ajrimidan avval bartaraf etilgan. Bunday holat bosh­qa xorijiy hamkorlar bilan ishlashda ham ko‘pgina muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Shunga o‘xshash yana yuzlab misollar keltirish mumkin. Tilga olingan salbiy holatlarga butkul chek qo‘yish, farmon ijrosini to‘liq ta’minlash vaqti allaqachon kelgan. 

Ana shu kabi jiddiy muammolarni ijobiy hal qilishga mas’ul tegishli  tashkilotlar va idoralar  quyidagi takliflarimizni ham inobatga olsalar, maqsadga muvofiq bo‘lar edi:

  1. Vazirliklar va idoralar o‘zlari ishlab chiqqan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni Farmonning 1-bandi “a”-qismiga muvofiqlashtirish­lari zarur.
  2. Shu yilning dastlabki uch oyi davomida davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan korxonalar kontragentlari bilan o‘zaro munosabatlarda kechiktirilgan debitorlik qarzlar uchun moliyaviy sanksiya va jarimalardan moddiy va ma’naviy zarar ko‘rgan tadbirkorlik sub’ektlari ro‘yxatini shakllantirish va zarar miqdorini hisoblash kerak.
  3. Barcha xo‘jalik yurituvchi va tadbirkorlik sub’ektlariga o‘tgan 3 oy mobaynida (2019 yil 1 yanvardan bosh­lab) qo‘llanilgan moliyaviy sanksiya va jarimalarni bekor qilib, yuzaga kelgan moddiy va ma’naviy zararni ularning hisob-raqamiga qaytarilsa yoki kelgusi davr soliq va boshqa majburiy to‘lovlari uchun yo‘naltirilsa ayni muddao bo‘lar edi.

G‘ayrat TURG‘UNOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    1321
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Косимов Азизбек Назирович2019-04-15 10:16:00

Жуда хам долзарб ва тадбиркорларни хозирги кундаги энг кийнаб келаетган масала булиб турибди. Бу масалага мутасадди ташкилотлар жиддий ёндошиши керак деб уйлайман.


Samidillo2019-04-09 15:52:45

"Подшоҳ ўз қарорида қатъий бўлсин, яъни ҳар қандай ишни қилишга қасд қилар экан, уни бекор этмасин ва то битирмагунича ундан қўл тортмасин."


Samidillo2019-04-09 15:08:22

УШБУ МАҚОЛА ПРЕЗИДЕНТ ТОМОНИДАН ҚАБУЛ ҚИЛИНГАН ҲУЖЖАТ ТАЛАБЛАРИНИ БАРЧА МАСЪУЛЛАР ТОМОНИДАН ЎЗ ВАҚТИДА ВА СИФАТЛИ ДАРАЖАДА ИЖРОСИНИ ТАЪМИНЛАШ НАҚАДАР ЗАРУРЛИГИНИ, .....ИСБОТЛАР БИЛАН БАЁН ҚИЛИНГАН!


Элчиева Нафисахон Тохировна2019-04-08 18:07:50

жудаям долзарб масала кўтарилибди. Агар ушбу масала партиямиз томонидан амалий ёрдам кўрсатилиб хал қилинса, тадбиркорларимиз ишончини янада оқлаган бўлар эдик


Fikringizni qoldiring

+