O‘zLiDeP aksiyasi doirasida Hazoraspning eng chekka maktablariga 100 dan ortiq kitoblar sovg‘a qilindi

11.04.2019, 15:42

O‘zLiDeP aksiyasi doirasida Hazoraspning eng chekka maktablariga 100 dan ortiq kitoblar sovg‘a qilindi

Kitob insonni ezgulikka chorlaydi, dunyoqarashini yuksaltiradi. Kitob bilan oshno bo‘lgan har bir murg‘ak qalbdan mehr va sadoqat, insoniylik, rahm-shavqat, ota-onaga hurmat, ona vatanga sadoqat kabi ezgu amallar hamroh bo‘ladi. Zero, kitob — eng yaqin do‘stdir.

Shu ma’noda bugun O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hududiy tashkilotlari tomonidan “O‘zLiDeP, yoshlar, kitob va ma’naviyat” nomli aksiya doirasida joylarda turli tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.

Aksiya doirasidagi navbatdagi tadbir Xorazm viloyati, Hazorasp tumanidagi 11-maktabda tashkil etildi.

Tadbirda ta’lim dargohida tahsil olayotgan yoshlarga ko‘prok kitob o‘qish, kitobxonlik kechalarida faol qatnashish, har bir adibning hayot yo‘lini o‘rganish zarurligi borasida tavsiyalar berildi.

Shu kuni O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Gulnora Matmuratova tomonidan mazkur maktab kutubxonasiga 100 ga yaqin kitoblar tuhfa etildi.

 “Maktabimiz kutubxonasida badiiy asarlar unchalik ko‘p emasdi. Deputatimiz bizlarga ko‘plab adiblarning qiziqarli asarlari, romanlarini sovg‘a qildi. Ochig‘i, bundan juda xursand bo‘ldik. Albatta, ushbu asarlarni ham sevib o‘qiymiz”, – deydi muassasaning 10-sinf o‘quvchisi Nigora Yo‘ldosheva.

Shuningdek, muassasaga Urganch shahridan kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik tadbirkorlar taklif qilinib, kitob yarmarkasi ham tashkil qilindi.

Aksiya doirasida o‘tkazilgan kitob yarmarkasi maktab jamoasiga yanada quvonch bag‘ishladi. Sababi, Hazorasp tumanining chekka qishloq hududidagi ta’lim muassasalarida bu kabi aksiyalar deyarli o‘tkazilmaydi.

O‘zLiDeP Hazorasp tuman Kengashi raisi Yusupboy Yusupov ham shunday hayrli ishlarni davom ettirdi. O‘zi tahsil olgan 25-maktabga borib, maktab jamoasi va yoshlar bilan uchrashdi. Yoshlarning qiziqishlari, muammolarini o‘rgandi. O‘z homiyligi asosida maktab kutubxonasiga 20 ga yaqin kitoblar sovg‘a qildi.

M.ABDIRIMOV,

O`zLiDeP Hazorasp

tuman Kengashi

apparat rahbari

  • Ko'rildi
    923
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+