“Vatan – mening nigohimda”

11.04.2019, 17:31

 “Vatan – mening nigohimda”

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, viloyat Nogironlar jamiyati hamkorligida “Vatan – mening nigohimda” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Guliston shahridagi Alisher Navoiy nomidagi “Bilimdonlar maskani”da tashkil etilgan tanlovda viloyatning tuman va shaharlaridan kelgan imkoniyati cheklangan yoshlar o‘z ko‘rgazmalarini ishtirokchilarga havola etishdi.

Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad – nogironligi bo‘lgan ishtirokchilar orasidan iste’dodlarni aniqlash, yangi, umidli ijodkorlarni kashf qilish, ularning o‘z ijodlarini namoyon qilishlari uchun zaruriy sharoitlarni yaratish hamda rag‘batlantirishdan iboratdir. Shu bois, tanlov hay’ati a’zolariga g‘oliblarni aniqlash oson kechmadi.

Komila Karimova Guliston tumanidagi 9- maktabning 9-sinfi  o‘quvchisi sifatida uy ta’limida tahsil oladi. Taqdirning achchiq, qismatini qarang-ki, Komila gapirmaydi va eshitolmaydi. Lekin u shunga qaramay katta iqtidor va iste’dod sohibasi. Noyob qobiliyat egasi yasagan milliy va qadimiy  tillaqoshlar, zirak, uzuk va marjonlar ko‘pchilikni hayratga soldi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 7-14 yoshlilar o‘rtasida Zuhra Mavlonova 1-o‘rin,  Aziza Rajabova 2-o‘rin, Robiya Qurbonova esa 3-o‘ringa munosib deb topildi. 14-30 yoshlilar o‘rtasida Farzona Otaxonova 1-o‘rin, Komila Karimova va Kamola Abduqahhorovalar 2-o‘rin, Ruslan Meliboyev va Dilnoza Mirzaahmedovalar 3-o‘ringa loyiq deb topildi.

Tanlov so‘ngida g‘olib va sovrindorlar tadbir tashkilotchilari tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ma’lumot uchun, tanlovning respublika bosqichida qatnashib g‘olib bo‘lgan yoshlarning ijodiy ishlari Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida o‘tkaziladigan ko‘rgazma auksioniga tavsiya etiladi.

 Dilorom ESONOVA,

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat

Kengashi faoli

  • Ko'rildi
    18559
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Shirin2020-08-10 14:25:30

Men ona yurtimni ozoda bolishini istayman men Vatanimni sevaman va jonimni fido qilaman


Fikringizni qoldiring

+