Tadbirkor yo‘liga qachongacha to‘g‘onoq bo‘lamiz?

11.04.2019, 17:40

Tadbirkor yo‘liga qachongacha to‘g‘onoq bo‘lamiz?

Odamlar bilan bevosita muloqot qilish, joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy  muammolar bartaraf etilishiga ko‘maklashish partiyamiz faoliyatining eng asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Zero, siyosiy kuch amaliy ishlari bilangina o‘ziga bildirilayotgan ishonchni oqlashi mumkin. O‘zLiDeP bu boradagi ishlarga juda katta e’tibor qaratyapti, omma bilan muloqot uzluksiz davom etyapti.

Shu yilning birinchi choragi – yanvar-mart oylari mobaynida xalq deputatlari tuman, shahar hamda viloyat Kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari partiya hududiy tashkilotlari xodimlari bilan birgalikda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar. Ana shu jarayonda partiyamiz vakillari fuqarolar tomonidan tilga olingan turli-tuman 93 ming 190 ta masalani ko‘rib chiqdilar. Ularning ko‘pchiligi joyida hal etilgani e’tiborga molik.

Lekin yechim topilishi juda qiyin kechayotgan muammolar ham talaygina. Xususan, tadbirkorlar davlat-xususiy sherikchiligi asosida maktabgacha ta’lim muassasalari qurish uchun imtiyozli tartibda kreditlar ajratilishi bilan bog‘liq mushkulotlarga muntazam duch kelyaptilar. Vaholanki, Prezidentimizning “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirish va rag‘batlantirish  chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 5 apreldagi qarorida belgilab qo‘yilganidek, maxsus hisobvaraq mablag‘laridan imtiyozli kreditlar tijorat banklari tomonidan maktabgacha ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 1 foizli stavka bo‘yi­cha ajratib beriladi. Shu o‘rinda qayd etish joizki, mazkur hujjatda maktabgacha ta’lim tizimini, jumladan, maktabgacha ta’lim xizmatlari nodavlat sektorini yanada rivojlantirish, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, maktabgacha ta’lim sohasidagi davlat-xususiy sherikchiligi uchun qulay shart-sharoitlar vujudga kelishiga xizmat qiladigan bir qancha vazifalar bayon qilingan. Yaratilayotgan katta imkoniyatlardan ruhlanib, ishga kirishgan ko‘pgina tadbirkorlarning ishtiyoqini so‘ndiruvchi holatlar ham yuz berayotgani kishini tashvishga soladi. Yaxshisi, hayotiy misollarga murojaat qilamiz.

Dildora Madaminova Andijon shahridagi 30-umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ta’lim beradi. Bolalarga mehri o‘zgacha. Nodavlat ta’lim muassasalari qurish, foydalanish ishlariga keng yo‘l ochilgach, turmush o‘rtog‘i, yaqinlari bilan maslahatlashib,  Andijon shahrining “Ma’rifat” mahallasidagi  o‘zlariga qarashli bo‘sh turgan yer maydonida xususiy bog‘cha qurishga ahd qildi. Ish 2018 yilning fevral oyida boshlandi.

Zaruriy hujjatlar tayyorlanishiga roppa-rosa bir oy vaqt ketdi. Mablag‘ni-ku gapirmasa bo‘ladi: deyarli 9 million so‘m miqdoridagi pul hujjat ishlari uchun sarflandi. Aytishga oson...

Endi maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi uchun kredit olish masalasi qoldi, xolos. U qo‘lga tekkach, yarim yilga qolmay bino qurilib, foydalanishga topshiriladi... Mo‘ljallar mo‘ljalligicha qolib ketishini bo‘lajak tadbirkor qaydan bilsin!

Tayyorlangan biznes loyihaga ko‘ra “Xalq banki”dan 1 milliard 700 ming so‘m kredit olinishi zarur edi.  Bu o‘tgan yilning mart oyidagi gap. Afsuski, hozirga qadar ham kreditdan darak yo‘q!

Bankda ishlayotgan ayrim xodimlar oddiy hujjatlarga ham befarq bo‘lganidan keyin yana nimani kutish mumkin? Demoqchimizki, kredit ajratish paysalga solinavergach, D.Madaminova hamda uning turmush o‘rtog‘i umidlarini uzib, bankdan hujjatlarni qaytarib olmoqchi bo‘lishsa... Nima bo‘pti deng, ular ming azob bilan tayyorlagan hujjatlar yo‘qolganmish. Ana xolos, shuyam bahonami endi? Bank rahbariyatiga qat’iy talab qo‘yilgach, nihoyat, hujjatlar topildi. Sarmoya berilishini kutaverib charchagan tadbirkorning hafsalasi pir bo‘ldi. Quruq va’dalar bilan ishi bitmasligini anglab, qo‘l siltashdi.

Mana, ish boshlanganidan buyon bir yildan ortiq vaqt o‘tdi. Yugur-­yugurlarga sarflangan mablag‘, qancha asabbuzarliklar, ovoragarchiliklar, navbat kutishlar... Buning evaziga esa quruq va’dalar va beparvo munosabat...

Hech narsaga ishonchi qolmagan ayol dastlab muammoning gazetada yoritilishini ham istamadi: “Baribir foydasi yo‘q!”

 ***

Toshloq tumanining Axshak qish­log‘ida yashovchi tadbirkor Abdunabi Sulaymonovning ham boshiga shunday savdo tushgan. U ham shu hudud ahlining talab-ehtiyojlarini obdon o‘rganib, xususiy bog‘cha qurishga ahd qilgandi. Biznes-loyihaga muvofiq TIF “Milliy bank” bo‘limidan yillik
1 foizli stavka bilan 1 milliard 300 million so‘m kredit olishi kerak edi.
Ammo sarmoya ajratilishi turli vajlar ro‘kach qilinib, paysalga solinaverdi. Bir necha oydan keyin mahalliy hokimlik va bank vakillari tadbirkorga qurilish bosh­langanidan so‘ng kredit berilishini ma’lum qilishdi. A.Sulaymonov o‘z mablag‘i hisobidan inshootni qisman tikladi. Shunda ham murodi hosil bo‘lmadi.  Endi mutasaddilar tomonidan mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan boshqacha  shartlar aytildi: yong‘inga qarshi kurash boshqarmasining xulosasi, bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlayotganlarning hujjatlari taqdim qilinishi lozimmish. Tadbirkorning bino hali bitmaganligi to‘g‘risidagi e’tirozlari esa inobatga olinmadi. Xullas, ishbilarmon imtiyozli kreditdan umidini uzdi va maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishini davom ettirmaslikka, chala-yarim tiklangan imoratdan esa boshqa maqsadlarda foydalanishga qaror qildi...

To‘g‘ri, ayrimlarga tijorat banklari tomonidan sarmoyalar berilyapti. Masalan, navoiylik Muharram Nazarova “Turonbank”ning viloyat filialidan 1 milliard 400 million so‘m sarmoya olishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin tadbirkorning yillik 18 foiz ustama to‘layotgani qanday izohlash mumkin? Uning aytishicha, mablag‘ga g‘oyat muhtojligi boisidan ana shunday og‘ir shartga ko‘nishga majbur bo‘lgan.

Yuqorida bayon qilingan holatlar bo‘yicha misollar hali qo‘limizda juda ko‘p.

Partiyamiz vakillari nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi qurish uchun imtiyozli kredit ololmayotgan 127 nafar tadbirkorni hisobga olishdi!

Mazkur raqam masalaning jiddiyligidan darak beryapti. Albatta, safdoshlarimiz  faqatgina muammoni qayd etish bilan cheklanib qolayotganlari yo‘q. Ularning yechimini topish uchun bor imkoniyat va vakolatlarni ishga solishyapti. Tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yo‘llanyapti, mansabdor shaxslar bilan yuzma-yuz suhbatlar o‘tkazilyapti, shuningdek,  bu kabi og‘riqli masalalarga republika miqyosidagi idoralar diqqati jalb qilinyapti. Tizimli sa’y-harakatlar esa ijobiy natijalar bermasdan qolmaydi.

Pirovardida shuni qayd etishni istardikki, xususiy bog‘cha qurish uchun imtiyozli tartibda kredit olganlar ham talaygina. Boshqacha ayt­ganda, kimgadir sarmoya berilyapti, kimgadir esa yo‘q. Maktabgacha ta’lim vazirligi, tijorat banklari imtiyozli kredit olishga talabgorlarni qanday mezonlar asosida saralayapti? Deputatlarimiz, partiyamiz faollari ana shu savolga ham jo‘yaliroq javob topsalar maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Yusufjon YUSUPOV,

 O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining

 deputatlik birlashmalari bilan

 ishlash bo‘limi yetakchi konsultanti

  • Ko'rildi
    874
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+