Tadbirkorlik faoliyati erkinliklari yanada oshmoqda

12.04.2019, 19:43

Tadbirkorlik faoliyati erkinliklari yanada oshmoqda

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda xususiy mulkchilik va tadbirkorlik, kichik biznesni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar va qulay shart-sharoitlar yaratildi. Natijada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 56,5 foizga yetdi. Bu sohada ish bilan band aholining 78 foizi mehnat qilmoqda va ular mamlakatimizning gullab-yashnashi uchun munosib hissa qo‘shmoqda.

Prezidentimizning tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilib qabul qilinayotgan bir qator farmon va qarorlari bu boradagi keng ko‘lamli ishlarni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarayotgani shubhasizdir.

Xususan, “kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga aralashuvni tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta’minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaslik”ni eng muhim ustuvor yo‘nalish va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi sifatida mustahkamlaydi.

Mazkur sohadagi huquqiy hujjatlar biznes yuritish tartibi, ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilash, davlat organlari, eng avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar bilan o‘zaro munosabatlardan tortib tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, javobgarligini erkinlashtirish kabi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining deyarli barcha jihatlarini qamrab olgan.

Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga asossiz aralashishdan ishonchli huquqiy kafolatlarni ta’minlashga yo‘naltirilgan davlat nazoratining prinsipial jihatdan yangi bir qator mexanizmlari belgilandi. Jumladan, bir qator ilgari qo‘llanilmagan choralar joriy etildi.

Jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi, faqat yuridik shaxsning tugatilishi bilan bog‘liq tekshirishlar, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari to‘g‘risidagi murojaatlari asosida Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining qaroriga muvofiq qisqa muddatli tekshiruvlar o‘tkazilishi mumkin va tekshirish muddati bir ish kuni bilan cheklandi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini, shu jumladan, jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi. Shunday qilib, nazorat qiluvchi organlar endilikda rejadan tashqari tekshirishlar o‘tkazishni tashkil qilish huquqiga ega emas.

Shu bilan birga, ma’muriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish yo‘lini davom ettirib, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik sub’ektlari va ularning xodimlarini hamda tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan amalga oshirayotgan shaxslarni, ular tomonidan yetkazilgan zararni qoplagan va huquqbuzilishi oqibatlarini belgilangan muddatlarda ixtiyoriy bartaraf etgan taqdirda, javobgarlikning barcha turlaridan ozod qilish kabi tubdan yangi choralar joriy etildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qo‘llash taqiqlandi. Muhim yangiliklardan biri – bu Oliy Majlis huzurida Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti tashkil etildi.

Belgilangan chora-tadbirlar asosida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, davlat va biznesning o‘zaro hamkorligidagi ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, davlat resurslaridan foydalanishning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash doirasida umumiy e’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida va qonunchilikni yanada liberallashtirish maqsadida bir qator qonunlar, shu jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi yangi qonunlar qabul qilindi. Amaldagi “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonunga, Jinoyat kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, Soliq kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksiga va bir qancha boshqa qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Shu bilan birga bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi yangi qonunga fraksiyamiz a’zolari Sh.Sharafutdinov va B.Artikovlar mas’ul etib belgilanib, quyi palatada qabul qilinishi ustida qizg‘in ishlar olib borilmoqda.

Bunday chora-tadbirlarning amalga oshirilishi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga, shu jumladan, jinoyat ishlari doirasida tergov qilishni amalga oshirishda noqonuniy aralishish imkonini beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga ko‘maklashishi bilan bir qatorda, xo‘jalik sudlari tizimiga sud majlislarini audio va video qayd etish mexanizmlarini joriy etish, qabul qilingan qarorlarni veb-saytlarda e’lon qilinish va boshqa bir qator qulayliklar joriy etildi.

“Elektron hukumat” tizimini joriy etish doirasida davlat organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarining vakolatli organlar bilan o‘zaro hamkorligining bevosita muloqot qilmaydigan shakllarini kengaytirish bo‘yicha kompleks tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari markazlari orqali “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati sezilarli kengaytirildi va hozirgi kunda ushbu markazlarda 100 tagacha xizmat turlari amalga oshirilmoqda.

Qolaversa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, fraksiyamiz a’zolari tomonidan ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, texnik talablar (sanitariya, ekologiya, shaharsozlik normalari va qoidalari, yong‘in xavfsizligi qoidalari, standartlashtirish va boshqalar) kabi maxsus normativ hujjatlarni, samarasiz, eskirgan va bozor mexanizmlarining o‘rnini egallab olgan normalarni bekor qilish yuzasidan tanqidiy qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlash kerak, sohaga oid qabul qilinayotgan farmon va qarorlarning amalga oshirilishi mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning asosiy omili sifatida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yo‘lidagi ma’muriy g‘ovlar va sun’iy to‘siqlarni bartaraf etish va iqtisodiyotimizning yanada jadallik bilan rivojlanishiga asos bo‘lishi shubhasiz.

Shuxrat ShARAFUTDINOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    2111
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+