“Invest in Khorezm” xalqaro investitsiya forumi xorazmlik tadbirkorlar uchun katta imkoniyat eshigini ochdi

15.04.2019, 16:50

“Invest in Khorezm” xalqaro investitsiya forumi xorazmlik tadbirkorlar uchun katta imkoniyat eshigini ochdi

Xorazm viloyatida birinchi marta o‘tkazilgan “Invest in Khorezm” xalqaro investitsiya forumida Xitoy, Rossiya, Fransiya, Saudiya Arabistoni, Malayziya, Ozarbayjon, Bahrayn, Turkmaniston kabi dunyoning 20 dan ortiq davlatidan 100 dan ziyod kompaniya vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, forumda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari, mahalliy tadbirkorlar ham qatnashdi.

Xalqaro anjumanda quyoshli o‘lkamizda zamonaviy issiqxonalar, intensiv bog‘larni yanada ko‘paytirish, logistika markazlarini qurish, dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik va shu kabi sohalarda klasterlarni xorijiy tadbirkorlar bilan birgalikda tashkil etish, qadim Xivamiz, vohamizning turizm salohiyatini yanada oshirishga xorazmlik tadbirkorlar doimo tayyor ekanliklarini bildirdi.  

Forum doirasida o‘tkazilgan “B2B” formatidagi uchrashuvda Xorazm viloyati hokimi xorijiy kompaniyalar vakillari bilan suhbatlashdi.

Qishloq xo‘jaligi, sanoat, turizm, ijtimoiy soha yo‘nalishlarida 100 dan ortiq istiqbolli loyihalar taqdimoti, hududdagi korxonalar va kichik biznes sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan turli mahsulotlar yarmarkasi esa forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur yarmarkada qatnashayotgan tadbirkorlarning katta qismini O‘zLiDeP faollari tashkil etdi.

- Ushbu ko‘rgazmaga o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan go‘sht va go‘sht mahsulotlari, saralanib qadoqlangan makkajo‘xori, tomat pastasi, qadoqlangan bodring va achchiq murch kabi mahsulotlarimiz bilan qatnashdik, - deydi “Elita chorvanasl” MChJ rahbari, O‘zLiDeP faoli A.Ro‘zmetov. – Forum doirasida arabistonlik tadbirkorlar bilan tomat pastasini eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Kelgusida hamkorlikda ishlashni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz. Mahalliy tadbirkorlar bilan ham go‘sht va go‘sht mahsulotlarimizni sotishda hamkorlik qilishga kelishib oldik. 

- Bo‘lib o‘tgan mazkur forum menda katta taasurot qoldirdi, - deydi “Soyot avtomabilchi” MChJ rahbari, Xiva tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Masharif Bekchanov. – O‘zimiz ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni xorijlik mehmonlarimizga ko‘rsatdik, ularga mazasi va sifati ham ma’qul keldi. Shuningdek, o‘zlari ishlab chiqarilayotgan shu kabi mahsulotlar borasida bizlarga qiziqarli ma’lumotlar berdi. O‘zaro tajriba almashish maydoniga aylangan mazkur forumda ko‘plab chet ellik tadbirkorlar bilan do‘stlashdik. Bizni ham o‘z yurtlariga taklif qildilar.

Forum doirasida ishtirokchilar shuningdek, viloyatdagi yirik korxonalar, savdo, turistik va qishloq xo‘jaligi ob’ektlarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan ham tanishdilar. “Xorazmga investitsiya kiriting” shiori ostidagi xalqaro investitsiya forumi xorijiy davlatlar bilan viloyatimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochdi. Forum doirasida ko‘plab o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.

Jumanazar Qurbanov,

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi

raisining birinchi o‘rinbosari,

apparat rahbari

  • Ko'rildi
    872
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+